
Shomurodovni mashhur klub olmoqchi!
O‘tgan yili bir mavsum “Kalyari”da o‘ynab, “Roma” qaytgan Eldor Shomurodovning faoliyatida oxirgi ikki transfer bozorida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilgandi. Biroq ikki marta ham vaziyat bir xil – bosh murabbiylar qaroriga ko‘ra, o‘zbek hujumchisining Rimda qolishi bilan yakunlandi.
Yozgi transferning so‘nggi kunlari Eldorga Italiyaning bir necha klublaridan tashqari MLS ishtirokchi “Atlanta Yunayted”dan jiddiy taklif bo‘ldi. O‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun Shomurodov jamoani almashtirishga tayyorligi aytildi. Lekin “Roma”ning yangi mavsumdagi ilk golini urgan hujumchimizni jamoaning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Daniele De Rossi poytaxtda olib qoldi.
Xuddi shunga o‘xshash vaziyat yanvarda ham takrorlandi. “Ayntraxt” darvozasini ishg‘ol qilib, “bo‘rilar”ni Evropa ligasi pley-offiga olib chiqqan Shomurodovni bu gal Klaudio Raneri “Venetsiya”ga o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi.
Venetsiyaliklar yuqori divizionda qolish vazifasini uddalash uchun Eldorning yordamidan foydalanmoqchi emas. Bu jamoa o‘zbek legioneri transferi bo‘yicha rimliklarning barcha shartiga ko‘ngani bois, hujumchi uchun kurashda “Kalyari” va “Empoli”ni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgandi.
Ayni paytda Eldor Shomurodovda bitta aniq taklif bor. MLSda ishtirok etayotgan “Toronto” jamoadan ketishi kutilayotgan italiyalik hujumchi Lorentso Insine o‘rniga aynan o‘zbek hujumchisini olish bo‘yicha muzokaraga kirishgan.
AQSh va Kanada futbolida transfer oynasi 23 aprelgacha ochiq bo‘ladi va ular o‘zlariga kerakli futbolchilarni olish uchun etarlicha vaqt va imkoniyatga ega.
Lekin Italiyadagi manbalar Klaudio Raneri 29 yoshli forvardni “Roma”ga kerakligini ta’kidlab, “ummonorti”ga ham ketishiga yo‘l qo‘ymayotganini yozmoqda.
Shunga qaramay, hamyurtimizning “Roma”dagi faoliyati hamon mavhum bo‘lib turibdi. Eldorning atrofidagi vaziyatni kuzatib borayotganlar orasida legionerimizni o‘z safiga chorlaydiganlari ham topilishi shubhasiz.
Xususan, so‘nggi ma’lumotlarda “Torino” Shomurodovni ushbu mavsum yakunlanishi bilan o‘z tarkibiga qo‘shib olishni rejalashtirayotgani qayd etilgan. Chunki hamyurtimizning poytaxt klubi bilan tuzgan shartnomasi 2026 yilning yozida yakunlanadi.
“Roma” yozda Shomurodovni 4 million evro atrofidagi mablag‘ evaziga qo‘yib yuborishi aytilmoqchi. Chunki klub mutasaddilar yanvarda “Venetsiya”ning ijaradan keyin Shomurodovni 3,5 million evroga to‘liq transfer qilish bo‘yicha taklifini qabul qilgan edi. Rimliklar vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda Eldor uchun da’vogar klublar avvalgidek 10 million yoki undan yuqori mablag‘ talab qilmaydi.
Eldor Shomurodov A Seriyaning pastu balandini yaxshi biladigan o‘yinchi hisoblanadi. 2020 yildan beri bu mamlakatda to‘p tepayotgan hamyurtimiz “Roma”dan tashqari, “Jenoa”, “Spetsiya” va “Kalyari”dagi faoliyati davomida A Seriyaning o‘zida 115 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga 16 ta gol va 10 ta assist yozdirib qo‘ygan.
Shomurodovga kutilmagan yangi xaridor chiqdi, lekin...
Jahon chempioni Husanovga qanday baho berdi?
Fikrlar