
Shomurodovga xaridor jamoalar ro‘yxati e’lon qilindi. Yaxshi klublar bor!
Yanvar oyida Eldor Shomurodov faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Futbolchimiz yaxshi sport formasida bo‘lishiga qaramay, Joze Mourino unga va’da qilingan imkoniyatni bermayapti.
Hujumchimiz aynan o‘ynaydigan yoshda. Milliy termamiz uchun ham uning o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi juda zarur. Hozircha, Eldorning klubda zaxirada o‘tirgani hali uning Srechko Katanets jamoasidagi o‘yinlariga ta’sir qilgani yo‘q.
Har holda Shomurodov 2022 yil hisobida terma jamoada o‘zi ishtirok etgan o‘nta uchrashuvda o‘z hisobiga 11 ta gol yozdirib qo‘ydi. Undan jabr ko‘rgan raqiblar dunyoning turli mintaqasidagi terma jamoalardir.
Xususan, Eldor O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida bu yil Uganda va Maldiv orollari darvozasiga uchtadan, Janubiy Sudanga bir juft, Qirg‘izistonga bitta, UEFA vakillari – Shvetsiya va Qozog‘iston, shuningdek, jahon chempionati ishtirokchisi Kosta-Rikaga ham bittadan to‘p kiritib, yaxshi formada ekanini ko‘rsatdi.
“Roma”dagi statistika ancha xavotirli. Mourino boshchiligidagi murabbiylar shtabi Eldordan sakkizta uchrashuvda foydalandi xolos. Unda ham biror marotaba to‘liq o‘ynagani yo‘q. Ettita uchrashuvda zaxiradan o‘yinga tushdi. Jami maydonda 151 daqiqa to‘p tepdi. Shunda ham rimliklarning Evropa ligasidagi gollari hisobini ochib berdi.
Bundan buyog‘iga ham Joze Mourino Shomurodovga ko‘proq o‘yin amaliyoti berishiga hech kim ishonmasa kerak. Balki, keladigan payt kelgandir. Yaqinda Toshkentdagi uchrashuvda Eldorning ustozi Valeriy Karpin unga o‘yin amaliyoti muhim ekanini, qaysi jamoada bo‘lsa ham, maydonda to‘p tepish zarurligini aytdi. Buni maslahat sifatida qabul qilib, Shomurodov ham boshqa jamoa tanlashi mumkin.
Eldorga xaridorlar etarli. Aslida yozda ham unga Italiyadan tashqari, Angliya, Germaniya, Frantsiya, Rossiya, Turkiya, Saudiya Arabistonidan qiziqishlar borligi haqida xabar tarqatilgandi. Bir necha jamoalar muzokara boshladi. Mourino legionerimizga Rimda qolishni maslahat berdi.
Endi vaziyat o‘zgargan ko‘rinadi. Italiya matbuoti Mourino Eldorni kelajakdagi rejaga qo‘shmaganini yozmoqda. Transferlar bo‘yicha ekspert hisoblangan italiyalik jurnalist Nikolo Skira Shomurodov uchun kurash boshlanganini ma’lum qilib, yanvarda uni olishni rejalashtirayotgan jamoalar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Nikolo Skiraning ta’kidlashicha, hozirning o‘zida “Montsa”, “Sampdoriya” va “Torino” o‘zbek hujumchisi bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bu jamoalarning bari Eldor Shomurodov ularning hujum salohiyatini keskin kuchaytira olishiga ishonmoqda.
Bundan tashqari, boshqa manbalar Shomurodov "Bolonya" va "Kremoneze" nishonida turgani va hujumchidan Italiyadan tashqarida ham variantlar borligini tasdiqlagan.
Qishki transferlar oynasi ochilishiga bir oydan ko‘proq vaqt bor. Tabiiyki, bu jarayonda Eldorga boshqa xaridorlar ham paydo bo‘lishining ehtimoli katta.
Shomurodovning o‘zi hozir “Roma” bilan Yaponiyada tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashyapti. Jamoa bir hafta shug‘ullanganidan keyin mavsumning qolgan qismiga tayyorgarlikni Portugaliyada davom ettiradi.
Futbolchimiz kerak bo‘lsa, Shomurodovga almashamiz!
Shomurodov Yaponiyaga keldi!
Rossiya futbolchilari O‘zbekistonning kuchiga qanday baho berdi?
Shomurodov va Abraxamdan keyin Dibala ham “Roma”dan ketadigan bo‘lyapti!
Shomurodov ustozini Italiyaga chaqiryapti!
Fikrlar