
Sergey Arslonov: "Jangovar o‘yin ko‘rdik"
“Surxon” – “Olimpik” (1:0) o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin g‘olib jamoa bosh murabbiyi Sergey Arslonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Barchaga xayrli kech. Jonkuyar muxlislarimizni g‘alaba bilan alohida tabriklayman. “Olimpik”ni tashkilotchiligi va yana boshqa omillari jihatidan kuchli shakllangan, shijoatli jamoa ekanligini bilardik. Nafaqat yoshlardan tashkil topgan jamoani, balki uning murabbiylar shtabini ham alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lardim. Birinchi taymda ham yaxshi harakat qildik, deb o‘ylayman. Ikkinchi bo‘limda ham kichik imkoniyatlardan foydalanishga intildik. Tanaffusdan keyin o‘yin surati butunlay o‘zgarib ketdi. Ancha jangovar o‘yin ko‘rdik. Uchrashuv teng kurashlar ostida o‘tgan bo‘lsa-da, xavfli vaziyatlar ko‘proq raqib darvozasi oldida yuz berdi. Biz ko‘zlagan maqsadga erishdik.
- Sultonmurodov va Shamsiev haqida fikrlaringiz qanday?
- Ha u mahoratli futbolchi, afsuski hozirgi paytda u jarohat olgan. Shamsievning jarohati jiddiy va tiklanish jarayoni uzoqlashib ketayotganidan xavotir olyapmiz. Sultonmurodovda ham jarohat bor, lekin u tez orada taxminan ikki xaftalarda safga qaytadi, deb o‘ylayman
- “Surxon” yoshlarga ko‘p e’tibor qaratdi. Klubda olib borilayotgan ushbu siyosat keyingi yilda ham davom etadimi?
- Bu mavzusini oldin ham aytib o‘tganmiz, moliyaviy holat qanday bo‘lishiga e’tibor bermaymiz. Bu borada jamoamizning o‘ziga yarasha siyosati bor. Ya’ni, imkon qadar tajribali o‘yinchilar bilan hamoxang ravishda yoshlarni tarbiyalash, ularni tarkibga qo‘shish, klubimizning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Biz tarbiyalayotgan yigitlar kelajakda grand jamoalarimiz va xorij jamoalarida o‘ynash uchun tramplin vazifasini o‘tab beradi. Yuqorida ta’kidlaganimdek, yoshlarga ko‘proq e’tibor qaratish va tajribali o‘yinchilar yordamida mahoratini oshirish ustivor vazifalarimiz qatoriga kiradi.
- Yaqinda PFL toza o‘yin vaqtini taqdim etdi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Agar ritm haqida ta’kidlaydigan bo‘lsak, buni turlicha tushunish mumkin. Masalan, to‘p maydondan chiqib ketganida bu o‘yin ritmiga yomon ta’sir qiladi. Qolaversa, o‘yin sifatiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. Futbolchilarimizga o‘yinni cho‘zish, ritmni tushirish kabi tushunchalarni bermaymiz va o‘rgatmaymiz. Tezkor o‘yinni, to‘p maydon ichida bo‘lishini ko‘proq o‘rgatamiz. Falsafamiz maydonda ko‘proq harakat qilish va “Surxon”dagi yoshlarga o‘ynash uchun imkoniyat yaratib berish hisoblanadi.
- Istiqboldagi rejalaringiz qanday?
- Ha, rejalarimiz bor. Hozir bu haqda ayta olmayman. Sababi bu klubning ichki siri, aniq vazifa va maqsadlar qo‘yilgan. Mavsum oxiriga yaqin aytib o‘tamiz.
Fikrlar