
"Saber" jamoasi klublar o‘rtasidagi nufuzli musobaqada qatnashadi
Bir muddat avval O‘zbekistonning yangi tashkil etilgan "Saber" jamoasi ayollar o‘rtasidagi Klublar musobaqasida ishtirok etgan edi.
Endi esa navbat "Saber" erkaklar jamoasiga etib keldi. Dzyudochilarimiz ertaga, 31 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida o‘tkaziladigan Qit’alararo dzyudo ligasi turnirida yurtimiz sharafini himoya qilishadi.
"Triumf" arenada o‘tadigan musobaqada jami 13 ta klub qatnashadi. Rossiya klublaridan tashqari Qozog‘istonning "Jenys", Belarusning "Stayki", Venesuelaning "Club Deportivo Jigoro Kano", Hindistonning "Bombay Judo Club" hamda O‘zbekistonning "Saber" jamoalari sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, "Saber" klubi "S" guruhida Moskvaning MGFSO, Qozog‘istonning "Jenys" hamda Hindistonning "Bombay Judo Club" jamoalariga qarshi tatamiga chiqadi.
"Saber" jamoamiz tarkibidan joy olgan dzyudochilarimiz: Muhriddin Tilovov (-66 kg), Aziz Ortiqov (-66 kg), Hojiakbar Toshev (-73 kg), Nodir Mavlonberdiev (-81 kg), Aziz Avazmurodov (-90 kg), Javohir Murodillaev (+90 kg).
Bu haqda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Fikrlar