
Ro‘ziqul Berdiev: "Ularsiz ham g‘alaba qozonardik, lekin tajribali o‘yinchilarni maydonga tushishi navoiyliklar uchun motivatsiya bo‘ldi"
O‘zbekiston kubogi doirasida bo‘lib o‘tgan "Nasaf" - "Navoiy FA" (5:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Sa’dullaevich ishtirok etib, o‘yin haqida qisqacha to‘xtaldi.
- Biz bugun raqibimizning yosh futbolchilariga motivatsiya berishga harakat qildik, o‘sha uchun bugungi uchrashuvdi etakchi o‘yinchilarimizni biroz bo‘lsa-da, o‘ynash uchun maydonga tushirdik. Men o‘ylaymanki, bu narsa navoiylik yosh futbolchilar uchun katta motivatsiya bo‘ldi. Bizning tajribali futbolchilarimiz bilan bir maydonda to‘p tepish ular uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Biz kubokdagi masalamizni keyingi o‘yinlarda hal qilamiz. Bizni keyingi bosqichga chiqishimiz keyingi o‘yinlarga bog‘liq bo‘ladi, bugungi o‘yinga emas.
- Cheranni ikkinchi taymda maydonga tushirish hisobni yiriklashtirish uchunmidi?
- Yo‘q, boya ham aytib o‘tdim, biz bugun g‘alabaga ishongan edik, shu uchun nafaqat Cheranni, balki boshqa tajribali futbolchilarimizni ham maydonga tushirdik, sababi raqib futbolchilariga kayfiyat ulashish, ularga tajriba bo‘lish uchun harakat qildik. Biz ularsiz ham g‘alaba qozonishimizga ishonardik, lekin yana takrorlayman, bu futbolchilarimizning maydonga tushishi raqibning yosh futbolchilariga foydali bo‘ladi.
- Bitta gol o‘tkazib yubordik, bunga aybdor deb kimni hisoblaysiz.
- Men vaziyatni takrorini ko‘rishim kerak, lekin bu golda darvozabon va himoyachilarimiz biroz bir-birlarini tushunishmadi.
- O‘tgan mavsum "Nasaf"ni o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi aniq edi. Asosiy e’tibor Superligaga qaratilgandi. Bu mavsumda "Nasaf"ning kubokdagi maqsadlari qanday?
- Bizda yaxshi tarkib bor, yigitlarga ishonaman. Tajribali va ishonchli futbolchilarimizni saqlab qoldik va ayrim chiziqlarni kuchaytirishga harakat qildik. Ushbu mavsumda barcha turnirlarda ishonchli harakat qilishga intilamiz. Chunki bizda kuchli va tajribali jamoa bor. Biz endi chempionlikni himoya qilishimiz kerak, kubokda va xalqaro maydondagi musobaqada ham ishonchli harakat qilishimiz kerak. Shuning uchun biz nafaqat birinchi davrada o‘yinimizni shakllantirib borishimiz lozim, balki barcha o‘yinlarda kerakli ochkolarni qo‘lga kiritishimiz kerak.
Fikrlar