
Legionerimizni nega o‘ynatishmayapti?
Rossiya Premer-ligasi vakillari siyosiy sanktsiyalar tufayli Evropa miqyosidagi musobaqalarda ishtirok etmayotgan bo‘lsa-da, bu mamlakat chempionatiga kelayotgan futbolchilar oqimi to‘xtagani yo‘q.
Yuqori divizionda o‘ynayotgan 16 ta jamoa chempionat uchun 438 nafar o‘yinchini qaydnomadan o‘tkazgan bo‘lsa, shulardan 40 foizi, ya’ni 175 nafari xorijiy davlatlardan kelgan charm to‘p ustalari hisoblanadi.
Ma’lumotlarga qaraganda, yozgi transferlar vaqtida rus klublariga 47 nafar legioner kelib qo‘shilgan. Ularning eng ko‘pi – etti nafari Braziliya futbolidan etishib chiqqan o‘yinchilardir. RPL klublari Argentina va Urugvay bozorlarida ham faollik ko‘rsatmoqda.
Rossiya klublari nazaridan Markaziy Osiyodan etishib chiqayotgan iqtidorlar chetda qolayotgan yo‘q. Yozgi transferlar davrida “Rostov” Tojikiston milliy terma jamoasi darvozaboni Rustam Yatimovni o‘z safiga qo‘shib oldi. O‘zbekistonning yosh o‘yinchilaridan Sherzod Esonov va Alisher Odilov Premer-liga debyutantlari – “Akron” va “Ximki” safiga borib qo‘shildi.
23 iyul kuni “Akron” futbolchisiga aylangan 21 yoshli markaziy yarim himoyachi Sherzod Esonov tolyattiliklar jamoasiga singib ketdi. U Premer-ligada beshta, mamlakat kubogi musobaqasida to‘rtta o‘yinda ishtirok etdi.
26 avgustda “Ximki” transfer qilgan 23 yoshli hujumkor futbolchi Alisher Odilovning debyuti ancha cho‘zilyapti. Moskva viloyati jamoasiga qo‘shilganiga qariyb bir oyga yaqinlashgan bo‘lsa-da, iqtidorli futbolchimiz na Premer-liga, na Rossiya kubogida ko‘rindi.
Tabiiyki, katta umidlar bilan legionerga aylangan futbolchimiz atrofidagi vaziyat o‘zbekistonlik futbol ishqibozlarini ham qiziqtirib qo‘ydi.
Rossiya futbolini yoritib kelayotgan bombardir.ru va football24.ru kabi saytlarning insayderlarga tayanib ma’lum qilishicha, Alisher Odilovning asosiy tarkibga kirish uchun kurashda tajribali o‘yinchilarga imkoniyatni boy bermoqda. Insayder Ivan Karpovning ta’kidlashicha, 23 yoshli o‘zbek legionerining jamoa bilan hech qanday muammosi yo‘q.
Klub rahbariyati uni ma’lum muddat yoshlar jamoasi bilan mashg‘ulotlarda ishtirok etishga jo‘natgan. Tez orada Alisher yana asosiy tarkibga qaytarilib, umumiy guruh mashg‘ulotlariga jalb qilinishini haqida ma’lumotlar ham chiqa boshladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy mavsum Rossiya chempionatida besh nafar o‘zbekistonlik legioner to‘p tepyapti. Ular orasidan Abbosbek Fayzullaev TsSKAning asosiy figurasiga aylangan. 20 yoshli hujumkor futbolchimiz keyingi o‘yinlarda “armiyachilar”ga samara keltira boshladi.
“Rubin” safida Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev bor. 28 yoshli markaziy himoyachimiz boshlang‘ich tarkibda o‘ynayapti. 21 yoshli Umarali Rahmonaliev esa, chempionatda bir bor, kubok o‘yinlarida ikki marotaba maydonga tushdi.
Ta’kidlash joizki, “Ximki” klubida ayni paytda jangovar tarkibni shakllantirish ishlari davom etmoqda. Demak, Alisher Odilov ham tez orada o‘ziga beriladigan imkonga ega bo‘ladi. Zero, hech qaysi futbolchi 23 yoshida zaxirada o‘tirish yoki yoshlar jamoasida o‘ynash uchun legioner maqomini olmaydi!
Shomurodov jamoasida yana jiddiy o‘zgarish. Bu gal kim ishdan olindi?
Natijadan norozi Nikolich Fayzullaev haqida nimalar dedi?
Fikrlar