
Ronaldu Sulsher uchun boshog‘riq bo‘ladi
SPORTS.uz Angliyaning "Manchester Yunayted" jamoasi amalga oshirgan transfer borasida fikr yuritadi.
Ole Gunnar Sulsher 2021 yilning 27 avgust sanasida sayyoramizning eng baxtli murabbiylaridan biriga aylandi. "Qizil iblislar" rahbarlari Jeydon Sancho uchun pul ajratdi. Keyin, Lindelofning xatolaridan charchagan mutaxassisga Rafa Varanni "olib berishdi". Murabbiy jamoasi to‘liq kuchga kirishi uchun tayanch zonasida mehnatdan qochmaydigan yangi futbolchi paydo bo‘lishini kutdi, ammo...
Uning o‘rniga Krishtianu Ronaldu ortga qaytarildi. Buyuk, biroq ancha murakkab xarakter egasi sanalgan futbolchi fevral oyida 37 yoshni qarshi oladi. Aslida, bunday transferdan sayyoramizning barcha murabbiylari xursand bo‘lishi aniq, lekin Sulsher emas. U intervyularda Ronalduni maqtab charchamayotgan bo‘lishi mumkin, ammo ich-ichidan muammoga duch kelganini anglab etgan.
Mavsum startida Sulsher Pogba va Brununi maydonda ideal joylashtirishni yo‘lini topgandek tuyuldi.Pogba chap qanot yarim himoyachisi pozitsiyasidan turib hujumlarga temp qo‘shgan bo‘lsa, Fernandesh markazda erkin ijod qildi. "Lids" bilan 1-turdagi o‘yinda o‘ylangan barcha rejalar 100 foiz amalga oshdi. Krish kelgach, endi etakchilarning egallagan o‘rni o‘zgarishi aniq. Fernandesh Krishtianuning soyasida yurishga o‘rganib ketgan. Terma jamoada o‘zi sevgan penaltilarni ham bemalol jamoadoshiga berib yuboradi. Endi yarim himoyadagilarning barchasi qulay vaziyat yaratish uchun emas, Ronalduga engilroq bo‘lishini ko‘zlab to‘p surishga majbur.
Bir qarashda, Ronalduning ortga qaytishi "Yunayted"ni avvalgi darajasiga ko‘tarilishiga olib keladigandek. Endi klub EChL va APL oltin medallarini qo‘lga kiritmasa, Sulsher o‘z-o‘zidan dunyodagi eng noshud odamga aylanadi. Shunga qaramay, statistika umuman boshqa raqamlarni ko‘rsatyapti.
MYu APL oltin medallarini so‘nggi bor 2012/13 yilda qo‘lga kiritgan bo‘lsa, EChLda oxirgi marotaba 2008 yilda tengsiz bo‘lishni uddalagan. Hozirgi tarkibdagilar ichida birgina Ronaldu bu ikki sovringa ega chiqqan xolos. Qolgan barcha futbolchilar hal qiluvchi o‘yinlarda katta sahnaga chiqishni eplay olmagan. Ronalduning o‘zi ham bu borada so‘nggi yillarda oqsamoqda. Portugaliyaning Belgiyadan (Evropa chempionatida) engilishi, "Yuventus"ning "Portu"ga "tishi o‘tmagani" yodingizdan ko‘tarilmadimi?
Bu paytda ligadagi grandlar yanada kuchayib olishni uddaladi. "Chelsi" sayyoramizning ayni damdagi eng kuchli hujumchisini qo‘lga kiritdi, "Liverpul" tarkibni to‘liq saqlab qoldi, "Tottenxem" Keynni jamoada olib qoldi, "Siti" APLdagi eng kreativ futbolchi bilan shartnoma imzoladi. Qo‘pol qilib aytganda, Ronalduning transferi qolganlardan o‘zib ketish uchun "Manchester Yunayted"ga qo‘shimcha imkoniyat taqdim etmasligi shundan ham ma’lum.
Ronalduning transferi marketing borasida oldinga tashlangan qadam. Afsuski, futbolda nomlar emas, insonlar to‘p suradi. Ingliz nashrlarining ma’lum qilishicha, Ronaldu transferidan 10 kun avval "qizil iblislar"dan hech kim uni ortga qaytishini taxmin ham qilmagan. Bu qadar tez amalga oshgan transferga Sulsher tayyor emas edi. Endi deyarli butun yoz o‘ylab chiqqan, o‘rtoqlik uchrashuvlarida sinab olgan sxemasidan chekinishga va tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi. Qo‘shimchasiga, endi chempionatni kuchli to‘rtlikda yakunlash haqida bosh qotirishga uning haqqi yo‘q.
Ronaldu tarkibda bormi? Demak, faqat oltin medallarni o‘ylash kerak. Krish o‘zi bilmagan holda, tajribasiz murabbiyni katta bosim ostida qoldirdi. Tez orada norvegiyalik mutaxassisning faoliyatida "Sovrin yoki iste’fo" o‘yini boshlanadi. Sizningcha bu o‘yinda murabbiy g‘olib chiqadimi?
Ya . U
Fikrlar