
Ronaldu Husanovning do‘stiga e’tibor qaratdi: Transfer byudjeti 130 million evro!
Jahon futbolida eng ko‘p gol urgan futbolchi – Krishtianu Ronaldu o‘tgan yozda “An-Nasr” bilan amaldagi kelishuvini uzaytirganida klubning transfer siyosatida ishtirok etish vakolatini ham qo‘lga kiritgan edi.
Shundan beri portugaliyalik yulduz atrofiga Evropada nom qozongan o‘yinchilarni to‘plashga alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, klubda to‘purarlik qobiliyatini namoyish etib kelayotgan yangi o‘yinchi – Joau Feliks hamda Kingsli Koman aynan Ronalduning aralashuvi bilan Ar-Riyod klubini tanladi.
“An-Nasr” rahbariyati ham jahon futbolida katta ta’sirga ega bo‘lgan Krishtianu Ronaldu jamoaga yangi yulduzlarni jalb qilayotganidan mamnun.
Nufuzli manbalardan biri – fichajes.net saytining ta’kidlashicha, Ronalduning jamoasi “Manchester Siti” yulduzi Fil Fodenga e’tibor qaratdi. “An-Nasr” bu o‘yinchi uchun 130 million evro taklif qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, Fil Fodenning “shaharliklar” tarkibida ta’siri juda kuchli. Klub tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 25 yoshli o‘yinchi muxlislar bilan doimiy aloqalarni saqlab turadi va ularga ta’sir o‘tkaza oladi.
Xosep Gvardiola ham Fodenning iqtidorini qadrlaydi va jamoaning muhim o‘yinchilaridan ekanini e’tirof etadi. Ammo shayxlar taklif qilayotgan summaning miqdori ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkinligini ham nazardan qochirmaslik kerak.
“An-Nasr”ning Fodenga qiziqishi bejiz emas. Poytaxt klubi anchadan beri tarkibni top-darajadagi ijrochilar bilan kuchaytirish loyihasini amalga oshirmoqda. Bu loyiha markazida Krishtianu Ronaldu turibdi. 40 yoshli hujumchi atrofida esa, kuchga to‘lgan yosh, tezkor, baquvvat va ayni paytda katta tajribiga ega yulduzlarni olib kelish rejasi hayotgan tadbiq etilyapti.
Fil Foden bu talablarga javob beradi. Uning suyagi dunyoning eng murakkab ligasida qotgan. Evropa Chempionlar ligasida qatnashish va g‘olib chiqish tajribasi bor. Angliya milliy terma jamoasining etakchi o‘yinchilaridan hisoblanadi.
Foden uchun tikilayotgan 130 million evrolik taklif Saudiya Arabistoni klubining Evropa futbolida o‘z o‘yini bilan yuqori darajada o‘yin ko‘rsatayotgan o‘yinchilarni olish maqsadi jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Hozir arab klublarining transfer siyosati o‘zgargan. Ilgari shayxlar faoliyati oxiriga yaqinlashgan yulduzlarni taklif qilgan bo‘lsa, endi ayni kuchga to‘lgan va top-darajada o‘ynayotgan ijrochilarni “ovlayapti”.
Ayrim ekspertlarning ta’kidlashicha, “shaharliklar” klub tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Fodenni qo‘yib yuborishga shoshilmaydi. Chunki bu o‘yinchi klub akademiyasi va yoshlar jamoalarini asosiy tarkib bilan bog‘lab turuvchi tizim timsoli hisoblanadi.
Bundan tashqari, klub shayxlar misli ko‘rilmagan maoshlar bilan har qanday o‘yinchining fikrini o‘zgartirishi mumkinligini ham inobatga olishi kerak.
Ayni paytda esa, Xosep Gvardiola tarkibda avlodlar almashinuvini amalga oshirmoqda. Yoshi katta o‘yinchilarning aksariyati klubdan ketyapti va bu jarayon hali davom etadi. Yanvar oyida “Lans”dan Abduqodir Husanovni olib kelish bilan boshlangan bu yangilanishlar samarasida tarkibni yangi ijrochilar egallamoqda. Xususan, Abduqodir Husanov ham himoya chizig‘ida raqobat o‘ta kuchli ekaniga qaramay, asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanib bormoqda.
Yangilanish va avlodlar almashinuvi jarayonida “Manchester Siti” uchun klub tizimidan etishib chiqqan o‘yinchilarning tarkibda bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Demak, “An-Nasr”ning qimmatbaho rejasi amalga oshadimi yoki yo‘q, buni vaqt ko‘rsatadi...
Fikrlar