
Rasuljon ikkinchi o‘rin, Chusovitina esa...
Turkiyaning Antaliya shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon kubogining uchinchi bosqichi yakunlandi. Quvonarlisi, unda hamyurtimiz Rasuljon Abdurahimov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Rasuljon jahon kubogining mazkur bosqichi final bahslarida 14,200 ball natijani qayd etdi. Ushbu yo‘nalishda turkiyalik Ferxat Arikan oltin, yaponiyalik Yusuki Tanaka bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, ayollar terma jamoamizning yagona vakili, afsonaviy gimnastikachimiz Oksana Chusovitina sakrash bellashuvlarida to‘rtinchi natijani qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Germaniyaning Kotbus shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogining ikkinchi bosqichida Rasuljon Abdurahimov brusdagi mashqlarda bronza medali bilan taqdirlangan bo‘lsa, shu oyning boshida Oksana Chusovitina Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tgan Jahon kubogida tayanib sakrash yo‘nalishida 13.516 ball to‘plab, oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.
Fikrlar