Ramziy ma’nodagi alternativ terma jamoa yoxud taniqli futbolchilarning o‘rtamiyona aka-ukalari

  • 23 iyun, 2020, 18:19
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Ko‘pchilik yaxshi taniydigan futbolchilarning aka yoki ukalarining xuddi ular singari  mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarila olishi har doim ham kuzatilavermaydi. «SE» nashrida chop etilgan quyidagi material ham aynan mana shunday ijrochilar xususidadir.

Tecno

VANYa MILINKOVICh-SAVICh

O‘ynayotgan klubi: «Standard».

Vanyaning bo‘yi «atigi» 203 santimetrni tashkil etadi. U katta futboldagi faoliyatini akasi Sergey singari «Voyvodina»da boshlagan. Ammo keyinchalik og‘a-inilarning yo‘llari ayro tushgan. Bo‘yiga mos ravishda yirik jussaga ega darvozabonni 1,75 million evro evaziga «Manchester Yunayted» rahbariyati sotib olgandi. Ammo kichik Savichga Angliya premer-ligasida o‘ynash imkoniyatini bermaganlar. Chunki «Qizil iblislar» mutasaddilari oradan hech qancha vaqt o‘tmay  Vanyani sotib olganidan sal ko‘proq summa evaziga Polshaning «Lex» jamoasiga sotib yuborganlar.

Keyinchalik posbon Italiyaga ko‘chib o‘tib, «Torino»da Salvatore Siriguning o‘rinbosari vazifasini bajardi. Bugungi kunda 24 yoshli daroz yigitning transfer huquqi hamon «Torino»da ekanligini, ammo oxirgi paytlarda asosan ijarama-ijara sarson yurganini qo‘shimcha qilish kerak. Avvaliga SPAL va «Askoli»da tajribasini oshirgan Vanya Milinkovich-Savich endilikda faoliyatini Belgiyada, «Standard» klubida davom ettiryapti.

milinkovich

LIONELЬ ZUMA

O‘ynayotgan klubi: «Dofar».

«Sosho» akademiyasida tarbiyalangan Lionel Zuma muntazam ravishda o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganligidan ko‘ngli to‘lmay, asosiy klubda o‘tgan to‘rt mavsumdan so‘ng Gretsiyaga yo‘l olgandi. O‘sha yurtdan u tranzit orqali frantsuz 3-divizioniga, so‘ngra Ummonga, mahalliy «Dofar» klubiga borib qolgan. Ta’kidlash o‘rinliki, Kurt Zumaning akasi Lioneldan tashqari Yoan ismli ukasi ham bor. Kichik Zuma o‘tgan yili «Bolton»dagi debyutini nishonlagan.

YOAN MARSЬYaLЬ

O‘ynayotgan klubi: «Panetolikos».

«Manchester Yunayted»da to‘p surayotgan Antoni Marsyalning akasi Yoanga ham omad kulib boqmagan, deyish mumkin. Vaholanki, bolalik va o‘smirlik chog‘larida atrofdagilar kichik ukasidan farqli ravishda aynan undan kelajakda taniqli futbolchi etishib chiqishini taxmin qilardilar. To‘g‘ri, bunday xayolga borish uchun asoslar etarli bo‘lgan. Masalan, Antonidan 4 yoshga katta bo‘lgan Yoan «Bastiya» akademiyasida tarbiyalangan va professional futboldagi ilk qadamlari ham ancha omadli chiqqan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni U-19 terma jamoasiga chaqirganlar va Frantsiya uchun omadli yakuniga etgan qit’a birinchiligidagi g‘alabaga Yoan ham himoyadagi ishonchli o‘yinlari evaziga hissa qo‘sha olgandi.

Ammo shunisi kishini hayron qoldiradiki, o‘sha muvaffaqiyatdan so‘ng katta Marsyalning ishlari ortga keta boshlagan. Dastlab uni o‘zi uchun qadrdon sanaladigan «Bastiya»dan badarg‘a qilganlar. Shu bois markaziy himoyachi taqdirini «Brest» klubi bilan bog‘lashga majbur bo‘lgan. Bu bilan uning sargardonligi yakuniga etmagan. Futbolchi omadini «Trua»da ham sinab ko‘rgan. Albatta, har qanday o‘yinchi jiddiy, o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yadigan jamoalarda to‘p surishni istaydi. Jumladan, bunday xohish katta Marsyalda ham yo‘q emas. U o‘rtamiyona va autsayder klublarda to‘p surishdan zerikib, xorijga yo‘l olgan va Isroilning «Makkabi» (Tel-Aviv) jamoasidan qo‘nim topgandi. Lekin yana omadsiz chiqqan urinishdan so‘ng Yoan «Ashod» orqali Gretsiyaga borib qolgan. Aytish kerakki, Marsyalning transfer huquqi «Panetolikos»ga tegishli. To‘g‘ri, u erda Antonining akasi boshlang‘ich tarkibdan joy olishga erishgan. Ammo mazkur klub o‘z oldiga maksimal natijalarga erishini maqsad sifatida qo‘ya olmaydi. Chunki...

marsyal

KILIAN AZAR

O‘ynayotgan klubi: «Serkl Bryugge».

Eden Azarning ukalaridan biri Kilian 24 yoshda, lekin u shu paytgacha omadini bir qancha klublarda sinab ko‘rishga ulgurgan. Jumladan, «Lill» bilan «Chelsi»da. Aksiga olib, o‘sha jamoalarda u bor potentsialini namoyish eta olmagan. To‘g‘ri, bugungi kunda Kilian mahalliy «Serkl Bryugge»da  doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelmoqda. Biroq elitada jon saqlab qolish uchun kurashadigan klubda o‘ynash kimga ham yoqardi?

azar_1

JO MAGUAYR

O‘ynayotgan klubi: «Bakston».

O‘zidan ikki yoshga katta bo‘lgan akasi Garri bilan talashib-tortishib voyaga etgan Jo Maguayr «Liverpul» akademiyasida tarbiyalangan va 2015 yili asosiy klub bilan mavsumoldi turnesiga yo‘l olgandi. O‘shanda uni o‘rtoqlik maqomidagi ayrim uchrashuvlarda sinovdan o‘tkazganlar. Oradan yarim yil o‘tganidan keyin esa murabbiylar shtabi vakillari Joga Angliya Liga Kubogi doirasidagi bahs orqali asosiy jamoada debyutini o‘tkazish imkonini havola qilgandilar. Baxtga qarshi  o‘sha turnirdagi bahsda maydonda atigi 14 daqiqa to‘p surgan himoyachi o‘zidan iliq taassurot qoldira olmagan va... Ehtimol, quyidagi ma’lumotga ishonmasligingiz mumkin. Biroq faktlardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Garri Maguayrning ukasi bugungi kunda faoliyatini davom ettirayotgan «Bakston» klubi quyi 7-divizion ishtirokchisi sanaladi!

KORENTEN LANGLE

O‘ynayotgan klubi: BOVE.

Korenten Langle taniqli akasi Klemandan biroz kichik. U endi 22 yoshga to‘lgan. Ammo Korenten og‘asi kabi «Nansi»dan «Sevilya»ga birin-ketin ko‘chib o‘tgandi. Eng qizig‘i, andalusiyaliklar jamoasi rahbariyati Klemanni «Barselona»ga sotib yuborganidan so‘ng ukasi erkin agent maqomini olgan. Kichik Langle o‘ziga yangi ish joyini naqd 4 oy qidirgan va faqat uning xizmatiga 5-divizion ishtirokchilaridan biri sanaladigan  BOVE klubi tomonidan qiziqish bo‘lgan xolos. O‘shandan beri frantsiyalik himoyachi faoliyatini mamlakatning pastki ligalaridan birida davom ettirib kelmoqda.

KRISTIAN OKSLEYD-ChEMBERLEN

O‘ynayotgan klubi: «Notts Kaunti».

Chemberlenlarni haqiqiy futbolchilar sulolasi sifatida e’tirof qilish mumkin. Chunki asosan «Arsenal»dagi faoliyati orqali ancha tanilgan va endilikda «Liverpul»da to‘p surayotgan Aleksning otasi Mark o‘z vaqtida «Stok Siti» va «Portsmut» klublaridagi o‘yinlari evaziga «Uch sherlar» termasi tarkibiga tez-tez chaqiruv olgan. Markning ukasi, aka-uka Aleks va Kristianlarning amakisi Nevill Chemberlen esa asosan quyi diviziondagi klublar safida to‘p surgan. Ta’kidlash o‘rinliki, sulola ishini davom ettirishga bel bog‘lagan va o‘z vaqtida «Portsmut» akademiyasida tarbiyalangan kichik Chemberlenga omad kulib boqmayapti. Negaki, 22 yoshli yarim himoyachi faoliyatini quyi 5-divizion ishtirokchilaridan biri sanaladigan «Notts Kaunti»da davom ettirmoqda.

FLORENTIN POGBA

O‘ynayotgan klubi: «Sosho».

Pol Pogbaning akasi Florentin (e’tiborlisi, uning egizak ukasi Mattias ham bor va hozirda faoliyatini ispan 4-divizionidan davom ettiryapti) o‘z vaqtida  ko‘pchilikda juda yaxshi taassurot qoldirgan. Biroq oiladagi to‘ng‘ich o‘g‘ilning ishlari oxirgi paytlarda silliq kechyapti, deyish yaramasa kerak. Olingan ma’lumotlarga qaraganda, Florentin Pogba  «Sosho» klubi safiga qo‘shilgan.

pogba_3

XONI NIGЬES

O‘ynayotgan klubi: «Alkoyano».

«Atletiko»dagi o‘yinlari orqali mashhurlik darajasiga ko‘tarilgan Saul Nigesning akasi Xoni ham professional futbolchidir. U «Valensiya» akademiyasida tarbiyalangan va shu paytga qadar ko‘plab klublarda omadini sinashga ulgurgan. Birgina Ispaniyaning o‘zida Xoni Niges 8 bor (!) jamoasini o‘zgartirgan. Bundan tashqari, u o‘zini Sloveniya va Portugaliyada ham sinab ko‘rishga ulgurgan. 34 yoshli Nigesning transfer huquqi «Elche»ga tegishli, ammo u joriy mavsumni ijara asosida quyi 4-divizion ishtirokchilaridan biri sanaladigan «Alkoyano»da o‘tkazmoqda.

FELIKS KROSS

O‘ynayotgan klubi: «Union».

Akasi Tonidan farqli ravishda Feliks Kroosning professional futbolchi sifatidagi faoliyati jarangdor muvaffaqiyatlarsiz o‘tmoqda.  To‘g‘ri, o‘z vaqtida u «Verder»  klubida ancha yaxshi to‘p surgan. Ammo kutilmaganda olingan jarohatlar va omad kulib boqmaganligi evaziga kichik Kroosning faoliyati shu yo‘sinda poyoniga etadigan ko‘rinadi. Ha, 30 yoshni qoralab qolgan Feliks kamtarona «Union»ning tarixda ilk bor bundesligaga chiqishiga qo‘lidan kelgancha yordam bergan. Lekin poytaxt vakili kabi uning futbol elitasidagi ishlari silliq kechayotgani yo‘q. Boz ustiga kichik Kroos joriy mavsum davomida maydonda hammasi bo‘lib atigi 181 daqiqani o‘tkazdi xolos.

kros

MAKSIMILIANO SUARES

O‘ynayotgan klubi: «Punto Kleve».

Urugvaylik afsonaviy hujumchi Luis Suaresning bir akasi (Paulo, 38 yoshda) va  ikki nafar ukasi (Maksimiliano, 32 va Diego, 27) bor. Paulo bilan Diego butsalarini mixga ilishga ulgurgan bo‘lsalar, Maksimiliano hamon to‘p ortidan chopib yuribdi. U o‘ynayotgan jamoa quyi 4-divizion ishtirokchisi hisoblanadi. Urugvayda bunday ligada asosan yarim professional va havaskorlar o‘ynaydilar.

ZAXIRADAGILAR

Odatda ramziy terma jamoaning ham o‘ziga yarasha zaxira futbolchilari bo‘ladi. Quyidagi futbolchilar (albatta, ularning aka yo ukalari mashhurlik cho‘qqisiga ko‘tarila olishgan) mana shunday maqomga loyiq ko‘rilgan:

Muriel Alisson («Fluminense»), Patrik Draksler («Rentford»), Lorens Maguayr («Chesterfild»), Erik Vaskes («Atletiko», Kolumbiya, Davinson Sanchesning ukasi),  Malik Mane (hozircha klubsiz, to‘p surgan oxirgi jamoasi «Atirau»), Antonio Insine («Villa Leterno»), Federiko Iguain (hozircha klubsiz, oxirgi ish joyi - «Kolambus Kryu» klubi).

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!