
"Rahbariyat tomonidan 5-6 yillik loyiha ishlab chiqilgan" - Zayniddin Tojiev birinchi liga jamoasi bilan nimani ko‘zlayapti?
O‘zbekiston Kubogining ilk turiga start berildi. “F” guruhidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” va “Zamin” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 1:1 hisobi qayd etildi.
Birinchi liga vakili hisoblangan “Zamin” Superliga jamoasining maydonidan bir ochko bilan qaytgani albatta e’tiborga molik holat.
Uchrashuvdan so‘ng “Zamin” bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Jamoamizni ko‘rdinglar, yosh yigitlardan iborat. Biz uchun katta tajriba. Avvalambor, o‘yinchilarni kelajakda Superligada bemalol o‘ynashini o‘zlari his qilishadi va bundan keyingi uchrashuvlarda ham raqobatbardosh jamoa bo‘la oladilar, deb o‘ylayman.
- Bu yil jamoa birinchi ligada ishtirok etmoqda. “Zomin” “Zamin”ga, Toshkent jamoasiga aylandi. Klubning vazifasi qanday?
- Bu xususiy jamoa. Rahbariyat tomonidan 5-6 yillik loyiha ishlab chiqilgan. Eng katta e’tibor yosh, iqtidorli bolalarni tarbiyalab, katta futbolga chiqarish.
- O‘tgan safar “Olimpik”ni “Lokomotiv” bilan o‘yinini ko‘rganimizda ikkinchi bo‘limda charchab qoldi. Sababi sifatida sun’iy maydonda o‘ynab turib, tabiiy maydonga o‘tgani bilan izohlandi. Bilamiz, “Zamin” ham asosan sun’iy maydonda shug‘ullanadi. Qo‘qonga qarshi o‘yinda esa jamoangiz 70-daqiqadan so‘ng “ochildi”. “Qo‘qon-1912”ga nisbatan jismoniy holati kuchliroq ko‘rindi...
- Shunaqa deysizu, baribir jamoamiz ikkinchi raqamda o‘ynadi. Bunday holatda o‘ynaganingizda ko‘p kuch yo‘qotasiz. Zaxiradan tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirib berishdi. Bolalar katta kuch yo‘qotishdi, borini berib harakat qilishdi. Sun’iy maydonga kelsak, 100 foiz yigitlarni oyog‘i “o‘tirib” qoladi. Sun’iydan tabiiy maydonga o‘tganda baribir bilinadi.
- Darvozabon haqida nima deysiz? Birinchi vaziyatda qo‘pol xato va gol. Keyingi vaziyatlarda esa “Supermen”ga aylanib ketdi...
- Erta-indin darvozabonlar murabbiyi ham kelyapti. Darvozabonimiz yosh, 2007 yilda tug‘ilgan. Iqtidori katta. Murabbiy kelib u bilan ishlasa, bundy xatolar qilmaydi. Mehnatkash bola, hamma xato qiladi. Xatodan keyin tushunlikka tushib, yana 2-3 ta gol o‘tkazib yuborsa ham bo‘lardi. Lekin tushkunlikka tushmasdan o‘zida kuch topib, nechta vaziyatda qutqardi? Laziz 2009 yil asosiy tarkibda o‘ynayapti, Hojibek 2008 yil, u ham asosiy tarkibda. Yoshlarga o‘ynash uchun imkoniyat yaratib beryapmiz, ishonch bildiryapmiz. Ular mana shunday qiyin o‘yinlarda tajriba orttirib, rivojlanadi va Superligaga chiqishga tayyor bo‘ladilar.
Fikrlar