
Polvonlarimiz jahon chempionatida ishtirok etadi
Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan alohida e’tibor bois, sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda munosib natijalarga erishmoqda.
Bu borada belbog‘li kurash bo‘yicha terma jamoamiz ham eng ko‘p medallarni qo‘lga kiritayotgan jamoalardan sanaladi. Albatta, belbog‘li kurash bo‘yicha iqtidorli polvonlardan iborat terma jamoalarni shakllantirishda, ularni xalqaro bellashuvlaridagi ishtiroki hamda milliy sport turimiz bo‘lgan belbog‘li kurashni dunyo bo‘ylab tanilib borishida O‘zbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vazirligi, Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi (JBKA) , Osiyo belbog‘li kurash konfedratsiyasi va O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasining o‘rni beqiyos.
Belbog‘li kurash bo‘yicha kattalardan iborat terma jamoamiz navbatdagi medallar shodasini qo‘lga kiritish maqsadida 14-17 iyul kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida o‘tkaziladigan belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish uchun O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov boshchiligidagi sport delegatsiyasi Ostona shahriga jo‘nab ketdi.
Ushbu jahon chempionati reglamentiga muvofiq, musobaqalar ertaga 15 iyuldan start oladi va terma jamoamiz ham to‘liq tarkib bilan ishtirok etadi. Polvonlarimizga jahon chempionatida omad tilaymiz.
Fikrlar