
O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishi “kafolatlandi”
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yili AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan jahon chempionatiga chiqish uchun juda yaxshi imkoniyat hosil qildi.
Osiyo saralash mintaqasining uchinchi bosqichida “A” guruhidan joy olgan futbolchilarimiz to‘rtinchi tur yakunlariga ko‘ra, qit’aning eng qudratli terma jamoalaridan biri Eron bilan birgalikda guruh peshqadami bo‘lib turibdi.
Uchtadan raqibni engib, o‘zaro durang o‘ynagan bu ikki terma jamoa eng yaqin ta’qibchilarini oltitadan ochkoga ortga qoldirmoqda.
Turli statistik markazlar ayni paytda jahon terma jamoalarining mundialga chiqish imkoniyatlarini tahlil qilib chiqmoqda.
Xususan, We Global Football markazi o‘z tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga qattiq ishonmoqda.
Saralash turnirining to‘rtinchi turida Birlashgan Arab Amirlarini mag‘lubiyatga uchratgan hamyurtlarimiz jahon chempionatiga chiqishi mumkin bo‘lgan terma jamoalarning umumiy reytingda Yaponiya, Eron va Janubiy Koreyadan keyin to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
We Global Football ekspertlari hisob-kitoblariga binoan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhida Qirg‘izistonni mag‘lub etganida uning mundialga chiqish imkoniyati 70,3 foizdan 75,9 foizga oshgan edi.
Uchinchi turda Toshkentda Eronga qarshi bahsda qo‘lga kiritilgan bir ochko terma jamoamiz imkoniyatini 82,8 foizga ko‘tardi.
Nihoyat, to‘rtinchi turda Birlashgan Arab Amirliklari 1:0 hisobida taslim qilinganidan keyin futbolchilarimizning har to‘rtyillikning eng nufuzli futbol musobaqasida ishtirok etish imkoniyati 93,1 foizga etdi.
“A” guruhida bu ko‘rsatkich bo‘yicha eng yuqori natijaga Eron terma jamoasi egalik qilmoqda. Forslarning jahon chempionatiga yo‘llanma olish imkoniyati 99,6 foizga baholanmoqda.
We Global Football statistik markazi tahlillariga ko‘ra, Osiyoning eng kuchli o‘nta terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari baholangan reytingdagi dinamikasi quyidagicha baholangan.
Yaponiya — 99,99% (3-turdan keyin 99,9% edi)
Eron — 99,6% (98,0%)
Janubiy Koreya — 99,5% (97,5%)
O‘zbekiston — 93,1% (82,8%)
Avstraliya — 75,1% (57,8%)
Iroq — 53,4% (61,5%)
Iordaniya — 41,6% (29,0%)
Saudiya Arabistoni — 16,7% (31,2%)
Bahreyn — 7,9% (10,6%)
O‘mon — 5,4% (9,4%).
O‘zbekiston milliy terma jamoasi keyingi tur uchrashuvlarini safarda o‘tkazadi. Xususan, hamyurtlarimiz 14 noyabr kuni Qatar mehmoni bo‘ladi. Koreya Xalq Demokratik Respublikasi futbolchilariga qarshi o‘tkaziladigan oltinchi tur bahsi 19 noyabr kuni neytral maydon – Laosda tashkil qilinadi.
Fikrlar