
O‘zbekistonlik muaytaychilar WBC Muaythai reytingidan o‘rin oldi yoxud ular qaysi pog‘onalarda qayd etilgan?
Yurtimiz professional muaytayi jahonda o‘z o‘rniga ega, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, Anvar Boynazarov, Mavlud Tifiev, Bobur Tagiev, Mansurbek Tolipov, Naimjon To‘xtaboev, Jamshid Tagiev, Qobilbek To‘laboev, Shohruh Holmurodov, Jahongir Muhammadi va yana ko‘plab hamyurtlarimiz ushbu yakkakurash yo‘nalishida ajoyib natijalar qayd etib kelmoqda.
Aksariyati Tailandning jahonga mashhur “Tiger Muaythai” klubi bilan shartnomaga ham ega. Ma’lumki, ushbu klub jahon yakkakurash olamiga juda ko‘p yulduzlarni etishtirib bergan. Shuningdek, yuqorida sanab o‘tgan vakillarimiz muaytay bo‘yicha nufuzli promoushenlarda ham o‘z janglarini o‘tkazib kelmoqda.
Aynan mazkur natijalar hamyurtlarimizning WBC Muaythai reytingidan o‘rin olishlariga ham sabab bo‘ldi. Jumladan, -76,2 kg vazn toifasida Mansurbek Tolipov 7-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, Naimjon To‘xtaboev 10-pog‘onada qayd etilgan. Boburjon Tagiev esa ikki vazn toifasida kuchli 20 talikdan o‘rin olgan. Ya’ni, -72,5 kg vaznda 17-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, -69.8 kgda esa 10-pog‘onani o‘ziniki qilib turibdi. Shuningdek, -66.6 kg vazn toifasida Mavlud Tifiev 8-o‘rinda, -63,5 kgda Jahongir Muhammadi 10-pog‘onada qayd etilgan.
Ushbu muaytaychilarmiiz orasida Bobur Tagiev, mavlud Tifiev hamda Naimjon To‘xtaboevlar 14 avgust kuni Turkiyaning Bodrum shahrida navbatdagi janglarini o‘tkazadi. Mazkur jangda ularga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Fikrlar