
O‘zbekistonlik futbolchini shartnoma imzolash uchun Rossiyada kutishyapti, biroq...
Ayni paytda Rossiya premer-ligasi davom ettirilmoqda. Birinchi divizion musobaqasi esa karantin tufayli muddatidan oldin tugatib qo‘yilgandi.
Bilasiz, Rossiya birinchi divizionida ham hamyurtlarimiz to‘p surishmoqda. “Nefteximik” tarkibida ikki nafar legionerimiz – Vagiz Galiulin bilan Bobur Davlatov faoliyat olib borishdi. Lekin karantindan avval Bobur O‘zbekistonga qaytgandi.
Qolaversa, unda o‘sha paytda jarohat ham bor edi. Endi esa Davlatov Rossiyaga qayta olmayapti. Sports.uz muxbiri uning keyingi taqdirida qanday o‘zgarish yuz berishiga qiziqib futbolchi bilan bog‘langanida u quyidagilarni aytdi:
- Rossiya birinchi divizionining yangi mavsumi avgustdan boshlanadi, deyishyapti. Bizning jamoa esa iyun oyida mashg‘ulotlarni boshlagan. Ko‘rib turibsiz, karantin tufayli chegaralar yopilgan, aviareyslar ham, poezdlar ham to‘xtatilgan. To‘g‘ri, charter reyslar parvoz qilyapti. Ammo pandemiya davrida Rossiyaga faqat uchta sabab bilan kirish mumkin, deyishyapti. Buning uchun siz Rossiya fuqarosi bo‘lishingiz kerak yoki ota-onangiz Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lmog‘i lozim.
Umuman aytganda, u erda o‘qish yoki ishlash uchun borishga ruxsat yo‘q, deyishyapti. Shuning evaziga Rossiyaga qanday borishni bilmay turibman. Endi vaziyat yaxshilanib avgustda reyslar ochilishini kutib turibman. Lekin ochilarmikin? Boshida 15 iyulda aviareyslarga ruxsat beriladi, deyilgandi, ammo keyin avgustga ko‘chirildi. Shunday qilib, men bu erda qolib ketdim, nima qilishga ham hayronman. “Nefteximik”da esa meni kutishyapti. Ammo hozirgi vaziyatni ular ham to‘g‘ri tushunishadi.
Shuningdek, Bobur Davlatovning klubi bilan tuzgan shartnomasi nihoyasiga etgan. Ma’lum bo‘lishicha, futbolchimiz yana “Nefteximik” bilan yangi shartnoma tuzmoqchi ekan.
- Klub bilan tuzgan shartnomam tugagan. Endi “Nefteximik” bilan yangi shartnoma imzolaymiz, - deya gapini davom ettirdi Davlatov. - Buning uchun deyarli barchasini kelishib qo‘yganmiz. Faqat Rossiyaga borib bir-ikkita masalani gaplashib olsak bo‘lgani. Bosh murabbiy Yuriy Utkulbaev bilan suhbatlashganimda ham sen bizga keraksan, jamoada qolasan, deb aytgandi. Faqat, qachonki u erga bora olsamgina yangi shartnoma tuza olaman. Ungacha esa kutishga majburman. Bor e’tiborimni “Nefteximik” klubiga qaratganman.
Bundan tashqari, Boburning jarohatlari ham tuzalmoqda va u endilikda o‘zini juda yaxshi his qilyapti.
- Jarohatimdan qutulganman. Tezroq jamoamga qo‘shilib, mashg‘ulotlarni boshlasam yanada yaxshi bo‘lardi-da. Yangierda esa o‘zim individual tarzda shug‘ullanib turibman. Boya aytganimdek, endi avgustda yo‘llar ochilishini kutyapman, - dedi Bobur.
Muddatidan avval tugatib qo‘yilgan birinchi divizionda “Nefteximik”ning ishtiroki qanday baholandi? Bobur Davlatov jarohati sababli jamoasiga etarlicha yordam bera olmadi. Shunga qaramay, u hali o‘zini ko‘rsata olishiga ishonmoqda.
- Yakuniga etgan mavsumda tuzuk-quruq o‘ynay olmadim, jarohat tufayli. Jamoamga keladigan bo‘lsak, 5-o‘rinni egallashdi. Bu ketishda Rossiya premer-ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlardan birini egallab, pley-off o‘yinida qatnashishi ham mumkin edi. Holbuki, “Nefteximik”ning asosiy vazifasi musobaqada jon saqlab qolish edi. Nari borsa, 10 talikka kirishni maqsad qilgandi. Bunday paytda klubning 5 talikdan joy olganini ijobiy baholasa bo‘ladi. Yangi mavsumda esa “Nefteximik”da hali o‘z so‘zimni ayta olishimga ishonaman, - deya munosabat bildirdi Davlatov.
Fikrlar