O‘zbekistonga kelishni istayotgan braziliyalik murabbiy! Yoxud Ubirajara Veyga da Silvaning yurtimizdagi faoliyati haqida

  • 25 aprel, 2020, 20:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Saytimiz orqali yaqinda xabar berib o‘tganimizdek, ushbu maqolamiz o‘z vaqtida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bosh murabbiylik qilgan braziliyalik Ubirajara Veyga da Silvaga bag‘ishlanadi.

Tecno

Ushbu mutaxassis ayni paytda ham o‘zining murabbiylik faoliyatini faol ravishda davom ettirib kelmoqda. Ayni paytda esa u Yaponiyada “Kariya” jamoasida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Yodingizda bo‘lsa, da Silva yurtimizda 1997 va 1998 yillarda ishlagan. Avvaliga “Paxtakor” klubida bosh murabbiylik qilgan bo‘lsa, keyinchalik milliy terma jamoamizning bosh murabbiylik lavozimi ham braziliyalik mutaxassisga ishonib topshirilgandi.

E’tiborli tomoni shundaki, da Silvaga qadar terma jamoamizda asosan o‘zimizning mutaxassislar ishlashgan. Jumladan, Rustam Akramov, Aleksandr Ivanov, Bahodir Ibragimov va Rustam Mirsodiqov mamlakatimizning bosh jamoasini boshqarishgan bo‘lsa, termamizda ilk ishlagan xorijlik mutaxassis sifatida Ubirajara Veyga da Silva tarixdan joy oldi. U Mirsodiqovdan keyin ushbu lavozimni egallagandi.

Aytish lozimki, braziliyalik murabbiy yurtimizdagi faoliyati davomida o‘zidan yomon taassurot qoldirmagandi. Hozirda kunchiqar yurtda istiqomat qilayotgan mutaxassisning yurtimizdagi faoliyatidan qanday xotiralar qolgani haqidagi fikrlari o‘ylaymizki siz o‘quvchilarni befarq qoldirmasa kerak.

da silva_2

- Janob da Silva, biz sizni unutganimiz yo‘q, hali ham eslab turamiz. Ayting-chi, O‘zbekiston deganda ko‘z oldingizga dastlab nima keladi?

- Avvalo shuni ta’kidlashim kerakki, meni eslaganingizdan juda xursandman. O‘zbekistonlik muxlislar bilan suhbatlashishdan minnatdorman. Bilasizmi, men “Paxtakor” hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ishqibozlari bilan gaplashsam ham bundan zavq olaman. O‘zbekistonda men bilan birga ishlagan odamlar va yutuqlarim haqida so‘rashganda xayolimga ko‘p narsalar keladi. Nima deyishim mumkin, yurtingizda ishlab ko‘plab yutuqlarga erishdim. Keyinchalik esa o‘rtadagi ba’zi agentlarning aralashuvi tufayli shartnoma bekor qilingan deb o‘ylayman.

- Siz hozirgi paytda Yaponiyada ishlayapsiz. Bu erga qanday kelib qoldingiz?

- Aytishim joizki, men ikki yildan beri Yaponiyadaman. Bu erda bir qator yutuqlarga erishib, katta ishlarni olib bormoqdamiz. Ayni paytda esa shartnomani yangilash yoki boshqa klubga o‘tish haqida bosh qotiryapman. Boliviyadagi samarali ishimdan keyin hozirgi klub prezidenti meni bu erga taklif qilgandi. Braziliyada ishlab yurgan kezlarimda klub prezidenti futbolchi sifatida to‘p surardi va o‘shanda u mening qanday ishlashimni ko‘rgandi. Shuning uchun ham u birgalikda hamkorlik qilishimizni xohlagan.

da silva2

- Siz dastlab “Paxtakor”ni boshqargansiz. Keyin esa milliy terma jamoaga bosh murabbiylik qildingiz. Aslida ham terma jamoamizni boshqarishingiz boshidan rejalashtirilganmidi?

- Aslida O‘zbekistonga “Paxtakor”ni boshqarish uchun borgandim va biz u erda chempionlikni qo‘lga kiritdik. Ko‘p o‘tmasdan esa meni mamlakat terma jamoasiga ham taklif qilishdi. Biz Qozog‘istonni 4:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsak, BAA bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagandik. Osiyo Kubogida esa Eronning chempion bo‘lgani ham esimda.

- “Paxtakor” hamda O‘zbekiston terma jamoasida siz bilan birga ishlagan futbolchilardan kimlarni eslab qolgansiz?

- Men o‘zim bilan birga “Paxtakor” va terma jamoada ishlagan hammani yaxshi ko‘raman hamda ularni eslab turaman. Futbolchilardan Pavel Bugalo, Mirjalol Qosimov, Andrey Akopyants, Rustam Shoymardonov, Nikolay Shirshov, Baxtiyor Qambaraliev, Murod Aliev, Azamat Abduraimov, Andrey Fyodorov, Igor Shkvirin, Ja’far Irismetov, Otabek Pirmatov, Baxtiyor Ashurmatov kabilarni aytishim mumkin.

- Hozir ham O‘zbekistonda do‘stlaringiz bormi, ular bilan gaplashib turasizmi?

- Aslida O‘zbekistonda mening ko‘plab do‘stlarim bor. Biroq ko‘pchiligining telefon raqamlari saqlanib qolmagan. Shuning uchun aloqa o‘rnatishga qiynalaman. Lekin ular bilan albatta gaplashishni istagan bo‘lardim. Agar feysbuk orqali yozib turish bo‘lsa bu boshqa gap.

da silva4

- Oradan 22 yil vaqt o‘tdi. Shu vaqt orasida sizda yana yurtimizga qaytish imkoniyati bo‘lganmi?

- 6 yil avval osiyolik bir agent bilan bu borada kelisha olmagandik. Lekin men o‘zim doim yoqtirgan joyga borib ishlashni xohlayman.

- O‘zbekiston futbolini kuzatyapsizmi? Milliy terma jamoada kimlar faoliyat olib borganini va hozir qaysi murabbiy ishlayotganini bilasizmi?

- Tanlov haqida menda ma’lumotlar bor va albatta o‘sha paytda men bilan birga ishlagan mutaxassislar bor edi. Ayniqsa, Mirjalol Qosimov, Vadim Shodimatov kabilar menga ko‘p yordam berishgandi. Termaning hozirgi murabbiyi ham juda yaxshi ishlamoqda.

da silva1

- O‘zbekistondan ketganingizdan keyin juda ko‘plab klublarda ishladingiz. Umuman, murabbiylik ishingizdan qoniqyapsizmi?

- Men qaerda faoliyat olib borgan bo‘lsam, hammasidan minnatdorman. Turli mamlakatlarda ishladim va hammasidan mamnunman. Faoliyatim davomida turli unvonlarga ega bo‘ldim va endilikda men Yaponiyadaman. Ayta olamanki, Yaponiyada ikki yildan beri ishlayotgan bo‘lsam, mehnatimiz ancha samarali deya olaman, o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilyapman. Shuningdek, bu erda bilim va ko‘nikmalarim ham oshib bormoqda.

- Yurtimizga hech bo‘lmaganda sayohatgan kelish niyatingiz bormi?

- Ha, chindan ham O‘zbekistonga borishni juda istayman. Bunday ajoyib mamlakatda ko‘p ishlarga qodir bo‘lgan oliyjanob va mehribon insonlar borligini bilaman. Balki keyinchalik u erga tashrifim amalga oshib qolar.

da silva_3

- O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida siz uchun unutilmas o‘yin qaysi biri bo‘lgan?

- Bir nechta o‘yinlar yodda qolgan. Shulardan beri terma jamoadagi debyut uchrashuvimizda Qozog‘istonni 4:0 hisobida yutgan o‘yinimiz. Shuningdek, “Paxtakor”ning “Navbahor” ustidan qozongan g‘alabasini ham ayta olaman. Bundan tashqari, O‘zbekiston Mo‘g‘ulistonni 15:0 hisobida dog‘da qoldirgan o‘yin ham yodimda.

- Oilangiz haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...

- Oilam juda yaxshi. Yaponiyada oilam bilan birga istiqomat qilyapman va 15 yoshli o‘g‘lim ham biz bilan birga. Aytishim kerakki, o‘g‘lim yapon tilini juda yaxshi o‘zlashtirib olgan. Qolaversa, futbol ham o‘ynab turadi. Katta farzandlarim esa turmush qurib, oilali bo‘lib ketganlar. Ular o‘z kasblarida muvaffaqiyatlarga erishmoqdalar.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!