
O‘zbekiston chempionatida ilk bor kolumbiyalik futbolchi! Qizig‘i, u Superligada emas, pro-ligada...
Pro-liga jamoalaridan biri – “Oq-tepa” ham mavsumga tayyorgarligini davom ettirmoqda. Chempionatning doimiy ishtirokchisi bo‘lib kelgan Toshkent jamoasi bu yil qanday natija ko‘rsatarkin?
Jamoa rahbari Alisher Shog‘ulomov esa “Oq-tepa”ni imkon qadar mavsumga puxta tayyorlashga harakat qilmoqda. E’tiborlisi, tarkibda legionerlar ham bor. Shog‘ulomov sports.uz muxbiriga chempionatga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, legionerlar va maqsad haqida gapirdi.
Yig‘in qanday davom etmoqda?
- Mashg‘ulotlarimizni o‘tgan yilning dekabr oyida boshlaganmiz, - deya so‘zini boshladi, Shog‘ulomov. - Mana, shu kungacha reja asosida kuniga ikki mahaldan shug‘ullanib kelyapmiz. Qishki yig‘inimizni uchta tayyorgarlik bosqichiga bo‘lgandik, uning yakuniga kelib qoldik. Ayta olamanki, tayyorgarligimizdan ko‘nglimiz to‘q. Tarkibga o‘zimiz ko‘rishni istagan o‘yinchilarni oldik. Jamoamizda uch nafar legioner bor. O‘zbekiston chempionatida birinchi kolumbiyalik futbolchi to‘p suradi. Shuningdek, yana ikki nafari nigeriyalik. Tarkibimizni aniqlashtirib olganmiz. 26 ta futbolchimiz bor, 25 nafarini ro‘yxatdan o‘tkazamiz. Mavsum boshlangunigacha oxirgi ikkita nazorat uchrashuvimizni o‘tkazamiz. AGMK va “Rubin”ga qarshi maydonga tushamiz. Shu bilan qur’ani kutamiz.
Legionerlar kimlar?
- Biz “Genova soccer academy” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu kompaniyada ispaniyalik mutaxassislar ishlashadi. Shu jumladan, yaqinda Toshkentga kelgan Fernando Morentes ham ular bilan birga ishlaydi. Ular orqali kolumbiyalik legionerning videosini bizga yuborishdi. Natijada Xuan Rodrigesning o‘yini bizga ma’qul kelgani bois jamoamizga taklif qildik. Asta-sekin optimal formasiga kirib boryapti. Karantin sababli u olti oy futbol o‘ynay olmagandi. O‘ylaymanki, 2-3-turlarga tayyor bo‘ladi. U markazda to‘p suradi. Nigeriyaliklarga kelsak, ulardan biri o‘tgan yili jamoamizda to‘p surgan Samuel Opex. Yana biri esa yangi kelgan 19 yoshli futbolchidir. Umid qilamanki, u kashfiyotga aylanadi.
Bosh murabbiy kim bo‘ladi?
- Jamoaning tayyorgarligini asosan o‘zimiz olib boryapmiz. Ya’ni, Sobir Usmonxo‘jaev, Baxtiyor Ergashev va men. Barchamiz murabbiylik uchun o‘qishni boshlaganmiz. Lekin, albatta yangi bosh murabbiy olishimiz kerak. “A” litsenziyasiga ega mutaxassisni izlayapmiz. Yaqin kunlarda “Oq-tepa”ga jalb etamiz. Ayni paytda jamoamiz 70 foizga tayyor.
Klubning vazifasi haqida
- “Oq-tepa” har doim o‘zining oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘yadi. Asosiy vazifamiz barcha o‘yinlarni yutish. Oldindan katta gapirib, maqsadimiz Superligaga chiqish deb aytmayman. Maksimal darajada o‘yinlarda g‘alaba qozonib, terma jamoalarimizga munosib futbolchilarni etkazib berishga harakat qilamiz. Bizda hech qanaqa homiy yo‘q. O‘zimiz homiylik qilamiz. Bu xususiy klub. Jamoamizga hech kimdan yordam yo‘q. Faqat o‘zimiz harakat qilyapmiz. Buni albatta qadrlash kerak.
Bu yilgi pro-liga xususida
- O‘tgan yilgi pro-ligadagi ayrim o‘yinlar Superliganikidan ham qiziqarliroq o‘tdi. Ayniqsa, elitadagi 10-o‘rindan pastki jamolardan aslo qolishgani yo‘q. Bu yil esa bundan ham qiziq o‘tadi. “Neftchi”, “Buxoro”, “Dinamo” kabi jamoalar Superligaga chiqishni maqsad qilib qo‘yishgan. Lekin ularning orasida ajratib ko‘rsatadigan klub – bu “Olimpik”. Bu jamoani boshqalarga yaxshigina muammo tug‘dira olishini ayta olishim mumkin. “Olimpik” hattoki Superliga uchun da’vogarlarni ham to‘xtata oladi. Bizning o‘yin uslubimiz ham Timur Kapadzening ishlash taktikasi bilan o‘xshash. O‘zim ham chempionat boshlanishini intiqlik bilan kutyapman, - dedi Alisher Shog‘ulomov.
Fikrlar