
O‘zbek futbolchisiga “Spartak”, “Zenit” va TsSKA qiziqayotgani tasdiqlandi!
O‘zbekistonda tarbiyalangan iste’dod egalarining Evropa mamlakatlari ligalaridagi klublar e’tiborini tortayotgani milliy futbolimizda rivojlanish jadal sur’atlar bilan davom etayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, “top-5” tarkibiga kiruvchi Frantsiya chempionatida porlayotgan “Lans”dagi Abduqodir Husanov, Rossiya Premer-ligasining eng yorqin talantlaridan hisoblangan TsSKAdagi Abbosbek Fayzullaevning o‘yini boshqa yoshlarimiz uchun kuchli ligalarga yo‘l ochmoqda.
Yaqinda Ispaniya yuqori divizioni vakili “Leganes” O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolaridan Lazizbek Mirzaevni o‘z safiga qo‘shib olganini e’lon qildi. 17 yoshli futbolchimiz yanvar oyidan “Leganes” yoshlar jamoasi qaydnomasiga kiritiladi va uchrashuvlarda qatnashishiga ruxsat beriladi.
Endi ko‘pchilikning e’tibori yana bir 17 yoshli iste’dod egasi Azizbek To‘lqinbekov atrofidagi vaziyatga qaratildi.
Taniqli insayder Ivan Karpov Rossiya grand klublari “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisiga qiziqayotganini yozdi. Manbaga ko‘ra, iste’dodli himoyachini “Spartak”, “Zenit” va TsSKA o‘z safiga qo‘shib olishni mo‘ljallamoqda.
Rossiya futbolini yoritib kelayotgan sport24.ru portali ushbu ma’lumotni aniqlashtirish maqsadida “Bunyodkor” matbuot xizmatiga murojaat qildi.
- Bu klublar tomonidan qiziqish bo‘layotgani rost, lekin To‘lqinbekov bo‘yicha hali rasmiy taklif kelmadi, - deb vaziyatga aniqlik kiritdi “Bunyodkor” matbuot xizmati.
Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, FIFA qoidalariga ko‘ra, 17 yoshli futbolchi legioner sifatida professional shartnoma tuza olmaydi. To‘lqinbekov 10 fevral kuni 18 yoshga to‘lganidan keyin xorij klublarida uni transfer qilish imkoni paydo bo‘ladi.
Azizbek To‘lqinbekov “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi. Univeralligi bilan ajralib turadi. Asosiy ampluasi markaziy himoyachi. Biroq o‘ng qanot himoyachisi va tayanch yarim himoyachi sifatida ham o‘ynay oladi.
The Guardian nashri hamyurtimizni 18 yoshgacha bo‘lgan dunyoning eng iqtidorli 60 nafar eng iqtidorli futbolchilari reytingiga kiritgan.
Azizbek To‘lqinbekov O‘zbekiston U-17, U-20, U-21 terma jamoalarida muntazam o‘ynab kelmoqda.
“Bunyodkor” safida O‘zbekiston Superligasida 17 ta uchrashuvda ishtirok etib, jami 1017 daqiqa maydonda harakat qildi. Shuningdek, mamlakat kubogi doirasida to‘rtta o‘yinda qatnashib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, o‘z hisobiga bitta gol ham urdi.
To‘lqinbekovning poytaxt klubi bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning 31 dekabriga qadar davom etishi belgilangan. Yosh futbolchi hozir Transfermarkt portali tomonidan 250 ming evroga baholanmoqda.
Fikrlar