
Ot sporti. AQShda tarixiy natija qayd etildi
AQShning Omaxa shahrida ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha Jahon kubogining final bosqichi boshlandi. Ma’lum qilganimizdek, mazkur musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nurjan Tuyakbaev “Lanselotta” laqabli tulporida qatnashmoqda. Sportchimiz va uning oti murakkab tekshiruvlardan iborat karantin jarayoni va maxsus veterinarlar tekshiruvidan muvaffaqiyatli o‘tgach murosasiz bahslarga kirishdi.
Bugun chavandozimiz “tozalik” va tezlikka asoslangan dasturda o‘z ishtirokini yakunladi. To‘siq balandligi 160 smni tashkil etgan yo‘nalishda yurtdoshimizning chiqishi ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Tuyakbaev ertaga yana bir dasturda omadini sinab ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur turnirda dunyoning eng kuchli 41 nafar atleti bahs olib bormoqda. Hamyurtimiz unda Evrosiyo ligasining eng kuchli sportchisi sifatida ishtirok etyapti. Bu chiqish o‘zbek chavandozi va yurtimizdan kelgan otning AQShdagi birinchi tarixiy starti sifatida qayd etildi.
Manba: MOQ
Fikrlar