
"Olimpik"ning g‘alabasi qanday qilib mag‘lubiyatga aylandi? Bosh murabbiy qanday izoh berdi?
O‘zbekiston Kubogida guruh bosqichning so‘nggi - 3-tur bahslari o‘tkazilmoqda.
Bu safargi o‘yinlar doirasida Muborakning "Mash’al" jamoasi o‘z maydonida Toshkentning "Olimpik" klubiga qarshi bahs olib bordi va 2:1 hisobida irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi.
"D" guruhida "Mash’al" 7 ochko bilan peshqadamlikni qo‘lga kiritdi va keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida "Olimpik" ustozi Mirko Elichich ishtirok etdi.
- Futbol sifati tomonlama yaxshi o‘yin bo‘ldi. Bugun tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l urdik va nisbatan kamroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan yigitlarga imkon berdik. Birinchi bo‘limni yaxshi o‘tkazdik. "Mash’al" ikkinchi bo‘limda o‘zgarishlardan keyin o‘yinini kuchaytirdi, biz esa aynan ikkinchi 45 daqiqalikni boy berib qo‘ydik. Umumiy olganda shogirdlarim ko‘rsatgan o‘yin yoqdi
- Bahrom Vafoev nomidagi stadionning maysasi haqida fikringiz?
- Bu maydonda bemalol futbol o‘ynash mumkin, lekin Superligada o‘ynash uchun bundan ham yaxshiroq holatga keltirsa bo‘ladi. Bu borada Asror (Aliqulov) bilan ham gaplashdim, unga ham maydon yaxshi holatda bo‘lgani ma’qul. Yaxshi maydonda sifatli futbol o‘ynash mumkin.
- Bu yil kubok bahslari kutilmagan natijalarga boy bo‘lyapti. Masalan, amaldagi kubok sohibi "Andijon" va undan oldingi kubok g‘olibi "Nasaf" guruhda qolib ketdi. Birinchi liga klublari Superliga vakillari bilan tengma-teng o‘yin ko‘rsatishyapti va g‘alaba ham qozonishyapti. Bu o‘zbek futbolining rivojlanayotganidanmi?
- Joriy mavsum Superliga o‘yinlarini kuzatyapman va ba’zi jamoalar ko‘rsatayotgan futbol sifatidan shaxsan o‘zim uncha qoniqmayapman. O‘zbekistonda akademiyalar jamoalariga e’tibor berila boshlandi va bu asta-sekin o‘z so‘zini aytadi, yosh o‘yinchilar futbol o‘ynashni o‘rganib borishmoqda. O‘zbek futboli to‘g‘ri yo‘lda va bu o‘z samarasini beradi.
Fikrlar