OChLdagi ishtirok, chempionni mag‘lub etgan gol, 16 yoshdan beri o‘zgarmayotgan soch turmagi - "Bunyodkor-W" klubi hujumchisi Aziza Norboeva bilan suhbat
SPORTS.uz intervyu ruknidan o‘rin olgan suhbatlarni davom ettiradi. Bizning bu galgi suhbatdoshimiz "Bunyodkor" ayollar jamoasi hujumchisi Aziza Norboeva.
Futbolchimiz Osiyo Chempionlar ligasi, ichki birinchilikdagi raqobat, O‘zbekistonning ayni damdagi eng kuchli 3 futbolchisi va boshqa mavzularda fikr bildirdi.
- Assalomu alaykum, Aziza. Avvalo, suhbatga rozi bo‘lganingizdan xursandman. Mavsum yakuni va klubingizning ajoyib natijasi bilan tabriklayman! Bu yil "Bunyodkor" qizlari nafaqat Oliy liga, balki Osiyoda ham turnirda qatnashdi. Taassurotlaringiz bilan bo‘lishsangiz.
Taassurotlar a’lo darajada. Avvalambor, bizning jamoa bu turnirda ilk bor ishtirok etganidan juda ham xursandman. Bunday musobaqalar ayollar jamoalari o‘rtasida ko‘proq o‘tkazilsa yaxshiroq bo‘lar edi. Ko‘zlangan natijalarga erisha olmagan bo‘lsak-da, kamchiliklarimiz va ustun taraflarimizni o‘rganib, o‘yinlardan kerakli xulosa chiqardik.
- "Bunyodkor"ga ikkita turnirda qatnashish qiyinchiliklar olib kelgan bo‘lsa kerak?
Hamma turnirlarni o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor, albatta. O‘zbekiston chempionatidagi jamoalarni o‘yin uslubi va qanday o‘yinchilar borligini hamma juda yaxshi biladi. Osiyo yashil maydonlarida esa, bular bizga qorong‘u bo‘ldi. O‘z navbatida, bu katta ta’sir ko‘rsatdi, deb ayta olmayman. Lekin bu bizga katta dars va keyingi maqsadlar sari intilish yo‘limizdagi kamchiliklarni to‘g‘irlashga yordam beradi.

- Tushunarli. Musobaqada Lyudmila Karachik jarohat olib, so‘nggi o‘yinda maydonga tusha olmadi. Jamoada uning o‘rni qanchalik sezildi?
Hamma jamoaning lideri bo‘lganidek, Karachik bizning etakchimiz. Uning o‘rni juda ko‘p jabhada bilindi.
- Faoliyatingiz davomida jamoangizni tez-tez almashtirib turgansiz. Bu faqat o‘sishga erishish uchunmi yoki yana boshqa sabablari ham bormi?
Shu paytgacha o‘ynagan jamoalarimda qaerdadir o‘rgandim, maslaxat oldim, hayot darslarini ham ko‘rib keldim. Qaerdadir o‘zimdagi bilimlar bilan bo‘lishdim, yaxshi sabablar bo‘lsa borki, yomonlari yo‘q. O‘sish, albatta, birinchi o‘rinda.
- So‘nggi bahsda "Bunyodkor" sizning golingiz sababli "So‘g‘diyona"ni mag‘lub etdi. Siz o‘yinning asosiy qahramoni bo‘ldingiz. G‘alabadan keyin qanday his tuyg‘ular o‘tdi?
-Jizzaxlik bo‘lganim uchunmi, ona shahrim maydoni va mahalliy muxlislar menga yanada ruhiyat bag‘ishlagandek bo‘ldi. O‘yinda shuning uchun ham gol urish xohishim kuchayib, jamoamga nafim tegdi. G‘alabadan keyingi his-tuyg‘ularni ta’riflab bera olmayman.
- Golingizni noodatiy uslubda nishonladingiz. Bu harakatlar nimani anglatadi?
Bu uslubni ko‘pchilik "Kung-fu panda" multfilmidagi qaxramon pandaning uslubi, deb o‘yladi. Yo‘q, aslida unday emas! Men shunchaki Jeki Chan va Bryus Liga o‘xshamoqchi edim va u erda sherigim ham bo‘lish kerak edi. Hursandchilikdan sherigimsiz ko‘rsatib yuborganman. Afsuski, o‘xshamagan kadr.
- Bu sizning uslubingiz bo‘libdi-da?!
Shunaqa desa ham bo‘ladi.
- Golni nishonladingiz va uni Lyudmila Karachikka bag‘ishladingiz. To‘g‘rimi?
Ha. Karachik menga opadek bo‘lib qolgan. Uning kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildim. Chunki u jamoaga yordam bera olmayotganidan juda ham xafa edi.
- Bu yil chempionlik "So‘g‘diyona"ga nasib etdi. "Bunyodkor" ham mavsum boshida favorit sifatida ko‘rilgan edi. Nima deb o‘ylaysiz, "qaldirg‘ochlar"ning chempionligiga nimalar to‘sqinlik qildi?
Eng kerakli ochkolarni keraksiz paytlarda yo‘qotdik. Boshqa hech nima deya olmayman.
- Bugun ko‘plab jamoalarda tajriba orttirgan Aziza o‘z jamoasida qanday rol o‘ynaydi? O‘z o‘yiningizni qanday baholaysiz?
Menimcha, 10/9. O‘ziga ishongan odam ko‘zlagan maqsadidan ham yuqoriroq cho‘qqilarga erishadi!
- Kelajakdagi rejalaringiz haqida gapirsangiz. Sizni yana necha yil futbolda ko‘rishimiz mumkin?
Orzular juda ko‘p, maqsadlar aniq. Faqat o‘z ustimda ishlashni to‘xtatmasdan, olg‘a intilish yo‘lidaman. Futbol faoliyatimni qachon yakunlash haqida hali umuman o‘ylab ko‘rmagan ekanman, to‘g‘risi. Lekin qaergacha kuchimiz etsa, o‘sha vaqtgacha tayyorman, InshaAlloh.
- Futbolda siz nafaqat chiroyli o‘yiningiz, balki stilingiz bilan ham ajralib turasiz. Shu haqida gapirsangiz?
Yoshligimda o‘g‘il bolalar bilan futbol o‘ynab yurganimda, ularga havas qilib, soch kalta bo‘lsa, tez yugursa kerak, ko‘p gol ursa kerak, deb o‘ylaganman va 16 yoshimda sochimni kaltalatganman. Hozirgacha, shu uslubimni o‘zgartirmadim.

- Hozir klubda moliyaviy vaziyat qanday? Qancha maosh olasiz va siz futbol mavsumida qaerda yashaysiz?
Klubdagi moliyaviy vaziyatni juda zo‘r ham, juda yomon ham, deya olmayman. Istalgan jamoada qachondir bo‘lganidek, bizning klubda ham hozirda moliyaviy qiyinchiliklar bo‘lib turibdi. O‘ylaymanki, bu holat qachondir bartaraf etiladi. Oyligim sir bo‘lib qolsin. Futbol mavsumi davomida esa, ijarada turaman.
- Ijara pulini o‘zingiz to‘laysizni yoki klub tomonidan moliyalashtiriladimi?
Klub tomonidan ajratilgan kvartira bor. Lekin men onam bilan alohida yashayman.
- Bugungi kunda qizlarimiz legioner sifatida Turkiyada to‘p tepmoqda. Sizga ham takliflar bo‘lyaptimi
Hozircha, takliflar yo‘q. Chunki "Bunyodkor" bilan 2022 yilgacha shartnomam bor.
- Oliy Ligamizda chempionlikka kurashadigan klublar mavsum boshidayoq deyarli aniq bo‘lib ulguradi. Siz ichki birinchilik o‘sishi uchun eng kerakli jihatlarini aytib o‘ta olasizmi?
Menimcha, muammolarni bertaraf etish uchun fikr bildirishga hali yoshlik qilaman!
- So‘nggi savolim, futbol mavsumi tugadi. Yaqinda taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Sizningcha, eng yaxshi ayol futbolchilar uchligini kimlar tashkil qiladi?
Lyudmila Karachik, Diyora Xabibullaeva, Dildora Nozimova. Fuseina Mumini hisobga olmasak, bu yilgi to‘purarlar yaxshi, chiroyli va shu taqdirlashga loyiq o‘yin ko‘rsatishgan futbolchilar, deb o‘ylayman
- Rahmat, Aziza. O‘ylaymizki, yuqoridagi uchlikdan siz ham joy olasiz. O‘zingiz va jamoangizga omad tilayman!
Raxmat, sog‘ bo‘ling.
Dilnoza Mustafoqulova suhbatlashdi



Fikrlar