OChL 2 dagi raqiblar "Andijon" haqida nima deyishmoqda?

  • 16 avgust, 15:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

OChL 2 guruh bosqichiga qur’a tashlanganidan so‘ng raqiblarning bu boradagi fikrlarini bilish ham qiziq edi. Shu maqsadda “Andijon” matbuot xizmati Bahraynning “Al Xaldiya” klubi rasmiy vakili Juma Al Mahmid va Qataring "Al-Ahli" jamoasi media ofitseri Iysa Malki bilan suhbatlashdi.

Tecno

Juma Al Mahmid:

- Qur’a haqida nima deya olasiz?

- Avvalambor Malayziyadagi qur’a marosimida bo‘lib turganimdan mamnunman. Shu bilan birga tashkilotchilarga rahmat aytaman. Qur’aga keladigan bo‘lsak, adolatli bo‘ldi. Guruhda barcha jamoalar teng kuchga ega. Ko‘p jamoalar yaxshi tayyorgarlikka ega. Chunki ular shu bosqichga etib kelishgan. Umid qilamanki, yaxshi futbol ko‘ramiz.

- Bungacha “Andijon” klubi haqida nimalarni bilasiz?

- O‘zbekiston futboli haqida gapirganda ko‘p bahraynliklar bu borada turli xil xotiralarga ega. Ayniqsa, 2004 yilgi Osiyo Kubogini aytish mumkin. O‘zbekiston termasini yutib yarim finalga chiqqanmiz. Shuningdek, O‘zbekiston ajoyib mamlakat, mehmondo‘stligi bilan ham tanilgan. Shuning uchun Xudo xohlasa, O‘zbekistonda bo‘lish juda yoqimli. Qolaversa, O‘zbekiston klublari haqida ko‘proq bilib boramiz.

- Qur’ada siz o‘ylagan raqiblar duch keldimi?

- To‘g‘risini aytganda, men birorta jamoa nomini topish haqida o‘ylamagandim. Shunchaki, qur’adan bahramand bo‘lishni o‘yladim. Chunki bu tadbirda bir-birimiz haqimizda ko‘proq o‘rganamiz.   

Iysa Malki:

- “V” guruhi xususida fikringizni bilmoqchiman.

- Qur’a natijasi adolatli bo‘ldi, hammasi yaxshi. Bizga yaxshi jamoalar tushdi. O‘yinlarni intiqlik bilan kutib qolamiz. Xudo xohlasa, biz shu erda bo‘lamiz.

- Guruhda Markaziy Osiyodan ikkita jamoa.”Andijon” va futbolimiz haqida fikringiz qanday?

- Bizda o‘zbek jamoalari haqida aytarli tasavvur yo‘q. Chunki biz birinchi marta OChLda qatnashyapmiz. Qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. O‘zbekistonga birinchi marta tashrif buyuramiz. Ko‘ramiz, bizning klub guruhdan chiqadimi? Men sizlarni jamoangiz haqida birinchi marta eshityapman, Xudo xohlasa, bu yaxshi klub.

- Guruhda asosiy favorit kim?

- Menda jamoalar haqida hech qanday taassurot yo‘q. Ilgari bu jamoalarga qarama-qarshi kelmaganmiz. Balki Bahrayn klubi bilan to‘qnash kelgandirmiz. Bilishimcha, yaxshigina to‘qnashuv bo‘ladi. O‘yin sanalarini aniq bilganimizdan keyin jamoamizni tayyorlaymiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!