
"Ochig‘i, eslashni ham, gapirishni ham xohlamayman" - "Surxon" sardori klubdan nima uchun ketganini bilasizmi?
Joriy mavsumni 11-o‘rinda tamomlagan Termizning “Surxon” klubini jamoa sardori hamda etakchisi Bobur Akbarov tark etdi. Sports.uz orqali bu borada xabar berganimiz yodingizda bo‘lsa kerak.
Akbarov “Surxon”ga yil boshida qo‘shilgan va o‘tgan vaqt mobaynida 23 ta uchrashuvda maydonga tushib 1 bor gol urgan.
Yangi mavsumni boshqa klubda davom ettiradigan futbolchi Sports.uz saytiga “Surxon”dagi faoliyati va u erdan ketishining sabablari xususida qalbidagi gaplarni aytdi.
- Boburjon, “Surxon” klubini tark etganingiz ma’lum bo‘ldi. Barchasini rejalashtirganmisiz yoki klub bilan shartnomani uzaytirish masalasida kelisha olmadingizmi?
- “Surxon” klubini tark etishimga asosiy sabab, amalda boshqa, gapda boshqa holatlar yuz bergani bois u erdan ketishga qaror qildim. Qaysidir ma’noda gapimiz bir joydan chiqmadi, kelisha olmadik. “Surxon”da ishlaydigan ayrim insonlar sabab bo‘ldi. Ba’zi-bir nohaqliklar tufayli ketdim.
- Endi yangi klubingiz ham aniqmi?
- Hozircha bir narsa deya olmayman. Variantlarim bor, ko‘rib chiqyapman. Aniqrog‘i, chetdan taklif kutyapman. O‘xshab qolsa ketaman, bo‘lmasa o‘zimizda qolaman. Hammasi Xudodan, nasib qilgani bo‘ladi. Mabodo, chet el klubi bilan bir to‘xtamga kelsak, faoliyatimni xorijda davom ettiraman.
- Sizni Baxtiyor Ashurmatov boshqaruvidagi “Turon” klubida ko‘rishimiz ham mumkinmi?
- Hali bu haqida hech kim bilan gaplashmadim. Agar rizqim qo‘shilgan bo‘lsa, bilmadim. O‘tgan yili ham taklif qilishgan va hatto klubga borib mashg‘ulotlarda ham qatnashganman. “Turon” klubiga hurmatim baland.
- Yuqorida xorijdan taklif kutayotganingizni aytdingiz. Aynan qaerdan?
- Sir bo‘lib tursin.
- Superliga klublari ham xizmatingizga qiziqish bildirishyaptimi? Bu borada muzokaralar qanday kechmoqda?
- Albatta, bir nechta klublardan takliflar bor. Lekin hech qaysinisi bilan bir to‘xtamga kelmadik. Sababi, yuqorida aytganimdek, chetdagi takliflardan biri bilan kelishib qolsam, o‘rtada hijolatchilik bo‘lib qolishi mumkin.
- “Surxon”dagi bir yillik faoliyatingizda siz uchun eng esda qoladigani nima bo‘ldi?
- Juda ko‘p narsani misol qilishim mumkin. Afsuski, eng esda qoladigani achinarli holat bilan bir umr yodimda qoladigan bo‘ldi. Sababi, bir qancha o‘yinda jarohatim borligida va betob bo‘lib yotgan hollarimda ham hatto mashg‘ulot qila olmasdan o‘yin kunlari ukol yordamida hayotimni xavfga qo‘yib jamoa uchun maydonga chiqib, jon berib mehnat qilganlarimga ko‘z yumishgani bo‘ldi. Ishonasizmi, hozir ham o‘zimdan ranjib yuribman. Shunchalik ham axmoq bo‘lamanmi, deb.
- Demak, klub sizni olib qolish uchun harakat qilmadimi?
- Yil bo‘yi klub keyingi yil emas, bir necha yil “Surxon”da qolishimni xohlashdi. Ammo kimlarnidir mustaqil fikri yo‘qligi uchun birovning aniq fakti bo‘lmagan gumoni uchun shu darajaga keldik. Ochig‘i, bularni eslashni ham, gapirishni ham xohlamayman.
- Demak, sizdan nimadandir gumon qilishdimi?
- Shunaqa. Masalan, murabbiy rahbariyatni oldiga borib futbolchilarni yonini olib gapirsa, darrov Bobur bir narsa degan bunga, qabilida gaplar ham bo‘ldi. Ko‘pchilikka sir emas, murabbiy bilan ko‘p narsada maslahat qilardik. Lekin o‘yin taktikasi yoki tarkib qo‘yish masalalaridan tashqari, albatta. Ular chet eldan kelgani sabab o‘zbek futboli haqida ko‘p ma’lumotga ega bo‘lmagani, mentalitetimizni tushunmagani bois yaqindan yordam berib, maslahatlashardik.
- Klub siz bilan to‘liq hisob-kitob qildimi?
- Hozircha hech kim bilan to‘liq hisob-kitob qilgani yo‘q.
- Qancha miqdorda qarzdorligi bor?
- Ko‘p emas, 2 ta oylik va 4 ta mukofot puli.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar