
"Navbahor" yangi futbolchilarini tanishtirdi
Futbol bo‘yicha 2018 yilgi O‘zbekiston milliy chempionati Superligasi o‘yinlari oldidan «Navbahor» klubining yangi logotipi va yangi futbolchilari taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Namangan shahridagi «Markaziy» o‘yingohining bezatilgan foyesida bo‘lib o‘tgan tadbirda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi o‘rinbosari Olimjon Isaev, klub futbolchilari, klub muxlislaridan tashkil topgan fan-klub a’zolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi. Stadionda muxlislar uchun «Nafis teks group» korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan klub futbolkalari, kepkasi, sport liboslarining sotuviga mo‘ljallangan ko‘chma shaxobcha tashkil etildi. Shaxobcha har galgi o‘yin oldidan muxlislarga xizmat ko‘rsatadi.
Marosimda qatnashgan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi raisi Xayrullo Bozorov millionlar o‘yini ixlosmandlarini yangi mavsum kirib kelishi bilan qizg‘in tabriklagan. U mamlakat futbolida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan «Navbahor» yana chempionlik uchun kurash olib boradigan davri kelganini aytib o‘tgan.
O‘tgan mavsumda jamoa «kuchli beshlik»ka kirishiga katta hissa qo‘shgan 13 nafar futbolchi bu yil ham jamoa sharafini himoya qiladi. Jamoaga ikki nafar xorijlik legioner va ichki chempionatda to‘p surgan bir qator futbolchilar jalb etildi. Kuchli tarkibni shakllantirish maqsadida «Lochinlar» safiga Serbiyadan Tomislav Pajovich va Nedad Inyats, «Olmaliq»dan Akbar To‘raev, «Paxtakor»dan Davron Hoshimov va Behruz Sadullaev, «Buxoro»dan Zohir Pirimov va Azamat Allaniyozov, «Metallurg»dan Abxon No‘’monov, «Dinamo»dan Sardor Sulaymonov taklif qilindi.
Fikrlar