
“Nasaf”ning o‘rni bilindi…
19 – 22 may kunlari Superligada 11-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
Ulug‘bek Baqoev sobiq jamoasi - “So‘g‘diyona”ga qarshi bahsda o‘z uyida imkoniyatni boy berdi. “Surxon” qizil kartochkalar ko‘rsatilgan uchrashuvda zafar quchdi. Superligada g‘alaba qozona olmayotgan “Turon” OKMK bilan durang o‘ynadi. “Olimpik” Toshkentda “Neftchi”ga qarshi bellashuvda murosa ko‘chasini tanladi. “Andijon” Farg‘onada “Qizilqum”ni engdi. “Navbahor” nihoyat poytaxtda “Bunyodkor”ni taslim etdi. E’tiborlisi, “qaldirg‘ochlar” o‘z tarixida ilk bor birinchi taymda 5 ta gol o‘tkazib yubordi.
“Nasaf” - “Paxtakor” uchrashuvi noma’lum muddatga qoldirildi. Sababi, “sherlar”ning bir nechta futbolchisi O‘zbekiston U-20 terma jamoasiga jalb qilingan. Shuning uchun toshkentliklar o‘yinni qoldirilishi so‘rab PFLga murojaat qilgandi…
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
11-turda stadionlarimizga jami 21970 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 3662ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Buxoroda. “Buxoro” - “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi o‘yinni 6800 tomoshabin arenadan kuzatdi.
“Bunyodkor” - “Navbahor” o‘rtasidagi turning markaziy bahsi eng ko‘p tomoshabinlar statistikasida 4073 bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Agar “Paxtakor” - “Nasaf” uchrashuvi o‘tkazilganda, tomoshabinlar tashrifi bo‘yicha qarshidan keladigan muxlislarni inobatga olsak, ular kamida Buxorodagi ishqibozlarga raqobat qilardi yoki birinchi o‘ringa joylashardi…
Eng kam tomoshabin poytaxtda. Toshkentning “Surxon”iga aylangan Termiz jamoasining “Metallurg”ga qarshi o‘yinini 341 kishi stadiondan kuzatdi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Buxoro” - “So‘g‘diyona” 0:2. 6800
“Olimpik” - “Neftchi” 0:0. 4404
“Bunyodkor” - “Navbahor” 1:5. 4073
“Andijon” - “Qizilqum” 2:0. 3227
“Turon” - OKMK 1:1. 3125
“Surxon” - “Metallurg” 1:0. 341
Fikrlar