
"Muvaffaqiyatsizligimizning sababini bilganimda Superligadan tushib ketmasdik". "Qo‘qon-1912"ga nima bo‘ldi? Jamoa a’zosidan munosabat
“Qo‘qon-1912” jamoasi uchun “Mavsum-2022” ko‘ngildagidek kechmadi. Garchi klub xarchand urinmasin baribir Superligadagi o‘rnini saqlab qola olmadi.
Oxirgi turda Samarqandda “Dinamo”ga yutqazib qo‘ygani evaziga qo‘qonliklar 13-o‘ringa tushib qoldi. Bir qarashda jamoa o‘yinini ko‘rib sira Superligani tark etadiganga o‘xshamasdi. Lekin taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi. Jamoa a’zolaridan biri Sardor Azimovdan muvaffaqiyatsizlik haqida so‘raganimizda shunday dedi:
“Muvaffaqiyatsizligimizning sababini bilganimda Superligaga tushib ketmagan bo‘lardik. Qaniydi, buning sababini bilsam edi, “Qo‘qon-1912” elitani tark etish tugul, hattoki yuqori o‘rinlarda yurgan bo‘lardi. O‘zimiz ham nega bunday bo‘lganini bilmaymiz. Jamoamizda Superligadan tushib ketadigan darajadagi nomlar ham yo‘q edi. Tarkibga qarasangiz, o‘ziga yarasha nomdor, tanilgan futbolchilar bor. Afsuski, shunda ham pro ligaga tushib ketdik. Nima ham derdik, shunday bo‘lishi kerak ekan, tabiiyki, juda achinarli. Qaysidir uchrashuvlarda juda alam qiladigan gollarni o‘tkazib yubordik. Ayniqsa, 90-daqiqalardan keyin qo‘yib yubordik. “Nasaf”, “Surxon” kabi jamoalar bilan uchrashuvlarda shunday bo‘ldi”, - deydi futbolchi.
Vaziyatga echim topish maqsadida chempionat davomida klubda o‘zgarishlar ham bo‘lib turdi. Masalan, bosh murabbiy Baxtiyor Ashurmatov o‘rniga yordamchisi Davron Fayziev tayinlandi. Mavsumning ikkinchi yarmidagi ushbu o‘zgarish ham klubga naf bermadi.
“Davron aka Fayziev ham, Baxtiyor aka Ashurmatov ham jamoaga birga kelishgan, - deya mavzuni davom ettirdi, Azimov. - “Qo‘qon-1912” jamoasining holatini yaxshi bilishadi. Davron aka Fayziev Ashurmatovdan keyin jamoani boshqarishga kirishganida ham vaziyatni bilardi. Negaki, ular birga ishlashgan. Klubdagi barcha qo‘lidan kelganicha vaziyatni yaxshilashga harakat qildi. Lekin bo‘lmadi. Hech kim qarab turgani yo‘q, barcha kerak bo‘lsa qo‘lidan keladiganini ortig‘i bilan ham qilishdi, afsuski, baribir o‘xshamadi”.
Jamoa uchun og‘riqli o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. Chunki ochkolar yo‘qotilishi ancha bisyor edi. Shu bois ham etarli darajada ochkolar jamg‘arilmadi. Azimovdan eng alamli o‘yin haqida ham so‘radik.
“Alamli o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. O‘zim uchun “Surxon” bilan “Nasaf”ga qarshi uchrashuvlarni aytgan bo‘lardi. Boya bejizga to‘xtalmadim. Oxirgi daqiqalarda juda alamli gollarni o‘tkazib yubordik. Undan ko‘ra, uchrashuv boshlarida o‘tkazib yuborsak ham unchalik bilinmasdi. 90+4-daqiqada darvozamizdan gol o‘tkazish juda og‘ir bo‘ldi. Kerakli ochkolarni yo‘qotdik”.
“Qo‘qon-1912” klubning pro ligaga ravona bo‘lganidan keyin jamoada yana o‘zgarishlar kuzatilishi tabiiy. Futbolchilarning esa shartnomalari tugab bormoqda.
“Qo‘qon-1912” bilan shartnomam tugadi. Katta ehtimol bilan ushbu jamoada o‘tkazgan uch yillik faoliyatim tugadi. Lekin qaerga ketishim hali aniq emas. Boshqa variantlarni ko‘rib chiqaman”, - dedi Sardor Azimov.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar