Mustaqillik yillarida o‘zbek futboli yutuqlari

  • 1 sentabr, 2019, 17:35
  • Bekzod Isayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda. SPORTS.uz  sayti ijodkorlari ushbu bayram bilan barchani muborakbot etadi.

Tecno

Ortda qolgan davr mobaynida boshqa sohalar kabi sport, jumladan futbolda ham katta yutuqlar va e’tiborga molik natijalar qayd etildi.

Quyida ana shular haqida so‘z yuritamiz.

Xirosimo-1994dagi muvaffaqiyat

O‘zbekiston mustaqilikka erishganidan so‘ng g‘alabalar uzoq kuttirib o‘tirmadi. 1994 yili Yaponiyaning Xirosima, Onomiti va Miyosi shaharlarida o‘tkazilgan yozgi Osiyo o‘yinlari hozirgacha yorqin xotiralar bilan yodga olinadi. Sababi ushbu musobaqada qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritgan.

Uzbekistan-1999-GRAND-SPORT-away-kit-blue-blue-blue-line-up_1

Hamyurtlarimiz “V” guruhida Saudiya Arabistoni, Malayziya, Gonkong va Tailandni mag‘lub etib, yuz foizlik natija bilan chorak finalga yo‘l olishdi. Ushbu bosqichda Turkmaniston ham yirik hisobda taslim etildi. 1/2 finalda vakillarimiz Janubiy Koreyani mag‘lubiyatga uchratishdi. Hal qiluvchi bellashuvda Xitoy ham dog‘da qoldirildi va jamoamiz bosh sovrinni yurtimizga olib keldi.

 

E’tiroflar

Mahmud Rahimov

Mahmud Rahimov 1955 yil 1 iyun kuni tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatida asosan ikkinchi liga jamoalarida to‘p tepgan ushbu bo‘lajak murabbiy, milliy futbolimizdagi karerasining dastlabki qismini tashkilotchi sifatida boshladi. Mahmud Rahimov 1996 yilda «Do‘stlik» klubi rahbari etib tayinlandi. Uning murabbiylikdagi yorqin damlarining boshlanishi 1995 yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha yili mutaxassis Toshkent viloyatining "Do‘stlik" jamoasiga bosh murabbiy sifatida taklif etiladi va qisqa vaqt ichida shogirdlarini kuchlilar qatoriga chiqaradi. Bu muvaffaqiyatlar evaziga Rahimov 1998 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasida jamoa boshlig‘i bo‘ldi. Bir yildan so‘ng milliy terma jamoamizga murabbiylik qila boshladi. Mahmud Rahimov qo‘l ostidagi ilk musobaqa – Osiyo chempionati saralash bosqichida vakillarimiz ajoyib natijalarga erishdi. Terma jamoada etti uchrashuvdan oltitasini g‘alaba bilan yakunlagandi. Birgina hech narsani hal qilmaydigan o‘yinda Tailandga yutqazilgandi (0:1). O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba FIFA reytingida 55-o‘ringa ko‘tarildi. 1999 yili Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topildi. Afsuski, avtohalokat uni bu yorug‘ olamdan erta olib ketdi.

 

Rauf Inileev

Rauf Inileev 1950 yil 8 oktyabr kuni Toshkentda tavallud topgan. Futbolchilik faoliyatida Toshkentning “Paxtakor” va “Start”, Jizzaxning “Mehnat” hamda “Zvezda” jamoalari sharafini himoya qilgan.

Murabbiylik karerasini “Zvezda” klubida boshlagan. 2006 yili O‘zbekiston yoshlar terma jamoasini boshqardi. Bir yildan keyin esa milliy terma jamoamiz ustoziga aylandi. Shu yili Qatardagi Osiyo o‘yinlarida qatnashgan.

Jamoamiz 2007 yili Osiyo Kubogida ishtirok etib, Eron joylashgan guruhda ikkinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. Chorak finalda Saudiya Arabistoniga bitta to‘p farqi bilan yutqazib qo‘ydik. Ammo hamyurtlarimiz chiroyli va mazmunli o‘yinlar namoyish etgan. Shu yili Rauf Inileev O‘zbekiston va OFK tomonidan “Yilning eng yaxshi murabbiyi” deb topilgan.

 

Server Jeparov

Tajribali futbolchi, hali ham faoliyatini olib borayotgan Server Jeparov 1982 yil 3 oktyabr kuni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida tavallud topgan. 36 yoshda ham to‘p tepayotgan yarim himoyachimiz faoliyatini “Navbahor”da boshlagan, ayni paytda “Metallurg” sharafini himoya qilmoqda.

2008 yili “Bunyodkor”ga ko‘chib o‘tgan havbek yorqin o‘yinlar namoyish etib, jamoasi bilan OChL yarim finaliga etib borgan va OFK tomonidan “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb topilgandi. 2011 yili ham hamyurtimiz qit’a miqyosida e’tirof etildi. Bu bilan Server Jeparov Osiyoda ikki karra “Yilning eng yaxshi futbolchisi” deb topildi ilk o‘zbekistonlik bo‘lib turibdi.

Qolaversa, 2008 va 2010 yillari O‘zbekistonda ham eng yaxshi futbolchi sifatida tan olingandi.

mitnyyb9fqiwfzzjjb0h

 

Dostonbek Hamdamov

2015 yili Toshkentning “Bunyodkor” klubi sharafini himoya qilgan Dostonbek Hamdamov “Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi” deb topilgandi.

Xindistonning Dehli shahrida Osiyo qit’asining 2015 yildagi eng yaxshilarini taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” sovrini “Bunyodkor” futbolchisiga topshirilishi aniq edi. Chunki ushbu nominatsiyaning yakuniy uchlik ro‘yxatidan “qaldirg‘ochlar”ning bir yo‘l uch vakili Dostonbek Hamdamov, Zabihillo O‘rinboev va Eldor Shomurodov joy olgandi.

Uchala futbolchi ham ortda qolgan mavsumni juda yaxshi o‘tkazishgandi. Ularning har biri eng yaxshi bo‘lishga loyiq va munosib edi.

OFK sovrinni Dostonbek Hamdamovga topshirdi. Hamdamov Yangi Zelandiyada o‘tgan JChda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatgandi.

 

Eng yirik g‘alaba

O‘zbekiston terma jamoasi 1998 yili navbatdagi yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdi. Hamyurtlarimiz “G” guruhida Quvayt va Mo‘g‘uliston bilan kuch sinashishdi. Birinchi turda vakillarimiz quvaytliklarga qarshi bahsda 3:3 hisobida durang qayd etishdi. Keyingi o‘yinda esa Mo‘g‘uliston darvozasiga javobsiz 15 ta gol urishdi. E’tiborlisi, bu natija futbolimiz tarixidagi eng yirik g‘alaba bo‘lib turibdi.

Chorak finalda terma jamoamiz Eronga imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashgandi.

 

“Fair play” sovrini

Oxirgi yillarda futbolimizdagi yutuqlar Mirabror Usmonov futbolimiz rahbari bo‘lib turgan paytda qo‘lga kiritilgan. Ulardan biri FIFAning “Fair play” sovrinidir. Ushbu sovrinning qadri ancha baland. Chunki bu dunyo bo‘yicha kam sonli davlatlarga nasib etgan. 2013 yil 7 yanvar kuni Shveytsariyaning Tsyurix shahrida Mirabror Usmonov halol futbolni targ‘ib qiladigan va unga amal qiladigan federatsiyaga topshiriladigan sovrinni qabul qilib olgandi.

11020494

 

Zamonaviy stadionlar

2005-2017 yillar O‘zbekiston futboli rahbari bo‘lgan Mirabror Usmonov klublarning infratuzilmasiga katta e’tibor qaratdi. Jumladan, stadionlarga. Eskirib qolgan arenalar qaytadan ta’mirlandi, o‘yingohi yo‘q jamoalarga stadionlar qurildi. Barcha futbol maydonlari zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. “Bunyodkor” klubiga eng oxirgi standartlar asosida o‘yingoh barpo etildi. O‘sha yillari “Bunyodkor” arenasi Markaziy Osiyodagi eng zo‘ri sifatida e’tirof etilgani bor gap.

Shuningdek, viloyatlarda ham havas qilsa arzigulik stadionlar bor. Misol uchun, Qarshi va Namangandagi “Markaziy” o‘yingohlar shular jumlasidan.

Futbolimiz rivoji yo‘lida katta ishlarni amalga oshirgan Mirabror Usmonov o‘zi aytganidek bir armon bilan ketgan. U ham bo‘lsa O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishini ko‘ra olmadi. O‘FFni tark etganidan so‘ng Usmonov 2019 yil 15 mart kuni olamdan o‘tdi.

 

Hamdo‘stlik chempionlar kubogi

Yurtimizning bayroqdor jamoasi “Paxtakor” nafaqat ichki chempionatda, balki xalqaro maydonda ham sovrin sohibiga aylangan.

2007 yili Hamdo‘stlik chempionlar kubogida toshkentliklar “S” guruhida Latviya, Armaniston va Ukraina klublari bilan kuch sinashib, birinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l olishdi. Chorak finalda hamyurtlarimiz Serbiyaning “OFK Belgrad” jamoasini dog‘da qoldirdi. Yarim finalda Moldaviyaning “Sherif” klubi taslim etildi. Hal qiluvchi bellashuvda esa latviyaliklar bilan durang qayd etilgach, penaltilar seriyasida omad “Paxtakor” vakillariga kulib boqdi. Shu tariqa, poytaxtliklar kubokni qo‘lga kiritishdi. “Paxtakor”ning keyingi yili ham finalga chiqqani e’tiborga molik. Shuningdek, 1994 yili Farg‘onaning “Neftchi” klubi ham finalda o‘ynagan.

 

OChL yarim finallari

Qit’amizning eng nufuzli birinchiligi bu shubhasiz – OChL. Ushbu musobaqada yurtimiz sharafini ko‘plab klublarimiz himoya qilishgan. Biroq hozircha chempion bo‘lish hech kimga nasib etmadi. Toshkentning ikki jamoasi – “Paxtakor” va “Bunyodkor” ikki martadan yarim finalga qadar etib borgan.

“Paxtakor”

“Sherlar” 2002-2003 yili ancha kuchli jamoalar bilan bir guruhdan joy olishgandi. Keyingi bosqichga o‘tish uchun vakillarimiz Eronning “Persepolis”, Iroqning “Al Talaba” va Turkmanistonning “Nisa” jamoalari bilan kuch sinashgan va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgandi.

Pley-offda hamyurtlarimiz Tailandning “Tero Sasana”siga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra imkoniyatni boy berib qo‘ygan hamda finaldan mosuvo qolishgandi.

2004 yili “paxtakorchilar” Eronning “Zob Ahan”, Qatarning “Qatar SK” hamda Bahraynning “Riffa” klublari bilan guruhdan chiqish uchun kuch sinashgan.

Birinchi o‘rin bilan chorak finalga yo‘l olgan “Paxtakor” BAAning “Al Vahda”sini ortda qoldirdi. Yarim finalda esa Janubiy Koreyaning “Sonnam Ilxva Chxunma” klubi to‘sig‘idan o‘ta olmay musobaqadagi yurishini to‘xtatgandi.

“Bunyodkor”

2005 yili “Quruvchi” nomi bilan tashkil etilgan “Bunyodkor” qisqa vaqt ichida nom qozondi. Ichki chempionatda etakchilikni qo‘lga oldi. Xalqaro maydonda ham shov-shuvlarga sababchi bo‘ldi. Ayniqsa, OChLdagi debyut ishtirokning o‘zidayoq yarim finalgacha bordi.

2008 yili ancha murakkab guruhidan joy olgan “qaldirg‘ochlar” Saudiya Arabistonining “Al Ittihod”, Eronning “Sepaxon” va Suriyaning “Al Ittihod” jamoalari bilan bellashib, guruhda birinchi o‘rinni egalladi.

Chorak finalda Eronning yana bir klubi “Saypa” taslim etildi. Yarim finalda esa Avstraliyaning “Adelaida Yunayted” jamoasiga ro‘baro kelgan toshkentliklar ikki uchrashuv natijasida ko‘ra finalga chiqa olishmadi.

“Qaldirg‘ochlar” 2012 yili “o‘lim guruhi”dan omon chiqishdi. Avstraliyaning “Adelaida Yunayted”, Janubiy Koreyaning “Poxang Stilers” va Yaponiyaningi “Gamba Osaka” klublari orasida ikkinchi bo‘ldi.

Pley-offda Janubiy Koreyaning “Sonnam Ilxva Chxonma”si mag‘lub etildi. Chorak finalda ham “Adelaida Yunayted” bilan kuch sinashgan “bunyodkorchilar” avvalgi yarim final alamini olishdi. Keyingi bosqichda esa Janubiy Koreyaning “Ulsan Xyonde” jamoasiga imkoniyat boy berildi.

 

OFK kubogidagi g‘alaba

Osiyoda ikkinchi raqamli musobaqa hisoblangan OFK kubogi bir marta yurtimizga keltirilgan. Bu 2011 yili yuz bergandi.

Hindistonning “Dempo”, Livannnig “Al Ansar” va Yamanning “Al Tilyal” klublarini mag‘lubiyatga uchratgan “Nasaf” guruhda yuz foizlik natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Pley-offda Iordaniyaning “Al Faysali” jamoasi taslim etildi. Chorak finalda Tailandning “Chonburi”si, undan keyingi bosqichda Iordaniyaning “Al Vixdat” klublari ortda qoldirildi.

Finalni o‘z uyida o‘tkazgan qarshiliklar Quvaytning “El Quvayt” jamoasini bitta to‘p farqi bilan yutib, bosh sovrin sohibiga aylanishgan. Ushbu muvaffaqiyat “Nasaf” tarixida yangi sahifa ochgandi.

 

Osiyo chempionlari

U-16 Osiyo chempionati

Hayot juda qiziq. 2008 yili O‘zbekiston 16 yoshliklar o‘rtasidagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qilganida, Eron chempionlikka erishgan. Oradan to‘rt yil o‘tib, Eronda o‘tkazilgan musobaqada biznikilar g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan.

Dilshod Nuraliev boshqaruvidagi terma jamoamiz guruhda Suriya, Xitoy va hindistonlik tengqurlari bilan bahs olib borib, ikkinchi o‘rinni egallagandi. Chorak finalda Janubiy Koreya, yarim finalda Eron taslim etildi. Hal qiluvchi bellashuvda esa Yaponiya mag‘lubiyatga uchratildi va chempionlik qo‘lga kiritildi.

E’tiborlisi, 2010 yil ham U-16 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi qit’a birinchiligi yurtimizda o‘tkazilgan va o‘shanda ham terma jamoamiz finalda ishtirok etgandi. Ammo hakamlarning xatosi sabab ikkinchi o‘rin bilan kifoyalanganmiz.

 

U-23 Osiyo chempionati

Xitoy maydonlari ham biz uchun omadli hisoblanadi. Bu davlatni yorqin xotiralar bilan yodga olamiz. Chunki 2018 yili 23 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida terma jamoamiz ajoyib o‘yinlar namoyish etib, chiroyli g‘alabalar evaziga shohsupaning eng yuqorisidan o‘rin egallashgandi.

Chin yurtidagi musobaqada Ravshan Haydarov shogirdlari 1-turda Qatarga imkoniyatni boy berishdi. Ammo keyingi uchrashuvlarda g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘rin bilan guruh bosqichini yakunlashdi.

Chorak finaldan ishtahasi ochilgan vakillarimiz Yaponiya darvozasiga javobsiz 4 ta gol urishdi. Yarim finalda Janubiy Koreyani 4:1 hisobida engdik. Finalda esa Vetnamga qarshi bahs olib borgan hamyurtlarimiz qo‘shimcha taymlarning oxirgi daqiqasida kiritilgan gol evaziga bosh sovrin sohibiga aylanganmiz. Ushbu o‘yin muxlislarning xotirasidan “qorli final” nomi bilan saqlanib qolganligi aniq.

“Paxtakor” klubi bilan Hamdo‘stlik chempionlar kubogida g‘olib chiqqan Ravshan Haydarov oradan bir necha yil o‘tib, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan Osiyo chempionatida zafar quchdi.

b23bbe95151c8212a894a6c162b5919d

 

Ravshan Ermatov – jahon rekordchisi!

O‘zbek futboli dunyoga Ravshan Ermatov nomi bilan ko‘proq yoyilmoqda. Ermatov milliy terma jamoamizdan farqli o‘laroq jahon chempionatida muntazam tarzda ishtirok etmoqda. Hamyurtimiz mundiallarda 11 uchrashuvni boshqarib, mutloq rekordchiga aylangan.

Dastlab Janubiy Afrikada o‘tkazilgan 2010 yilga dunyo birinchiligida Ravshan Ermatov 5 ta bellashuvda hakamlik qildi: guruh bosqichida 3 ta, chorak va yarim finalda bittadan.

2014 yili Braziliya maydonlarida 4 ta o‘yinda ishladi: guruhda 3 ta va chorak finalda bitta.

Oxirgi JChda esa Ravshan Ermatov guruh bosqichidagi 2 ta bellashuvda hakamlik qildi. Qanot hakamining eski jarohati qaytalagani bois  Ermatov brigadasi boshqa uchrashuvlarda ishlashmadi.

Shuningdek, Ravshan Ermatov qit’a miqyosidagi o‘yinlardan tashqari boshqa nufuzli turnirlarda ham ishlagan. Jumladan, 2008 yili klublar o‘rtasidagi chorak va final uchrashuvini boshqargan.

2011 yili klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida 5-o‘rin uchun bahs va finalda ishladi. 2017 yili esa ushbu musobaqaning ikkinchi bosqichidan o‘rin olgan o‘yinida hakamlik qildi.

2013 yili Konfederatsiyalar kubogida bitta bahsni boshqargan.

FIFA referisi hisoblangan Ravshan Ermatov 2015 yili dunyo miqyosidagi “Globe Soccer Awards” sovrinini qo‘lga kiritgani e’tiborga molik.

 

5 karra chempion

Imkoniyati cheklangan futbolchilardan tashkil topgan O‘zbekiston amputantlar terma jamoasi dunyo futbolida o‘z obro‘siga ega.

Amputantlarimiz 1990, 1991, 2007, 2010, 2012 yilgi jahon chempionatlari g‘olibi hisoblanishadi.

2007 yilgi musobaqa finalida o‘zbekistonlik futbolchilar Rossiyani mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lishsa, 2010 yili Argentinada bo‘lib o‘tgan turnirda hamyurtlarimiz hal qiluvchi o‘yinda mezbonlarni 3:1 hisobida taslim etishgan. 2012 yilgi JChda ham rossiyaliklar bilan kuch sinashgan termamiz 1:0 hisobida g‘alaba qozongandi.

 

Futzalchilarimizning debyuti

Futzal mamlakatimizda futbol kabi o‘z muxlislariga ega. Yurtimizda ushbu sport turiga e’tibor yaxshi ekanligi bois 1999 yildan boshlangan qit’a birinchiligi O‘zbekistonga 3 bor ishonib topshirilgan. Barchasida futzalchilarimiz finalga qadar etib kelishgan.

Umuman olganda, 3 marta 3-o‘rinni egallaganmiz. 4 ta finalda qatnashgan vakillarimiz shularning 3 tasida Eronga yutqazishgan. Agar forslar bo‘lmaganda, kamida 3 marta Osiyo chempionligini qo‘lga kiritarmidik?!

Terma jamoa o‘ynaganda, arenalarga ishqibozlar sig‘may ketgan paytlar kuzatilgan. Ayniqsa, oxirgi marta Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz ancha ishonchli o‘yin namoyish etib, finalga qadar etib borishgandi va tomoshabinlar ajoyib tarzda terma jamoamizni qo‘llab turishgan. Hal qiluvchi bellashuvda hamyurtlarimizdan omad yuz o‘girgan. Ammo 2016 yilning kuzida o‘tkazilgan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritilgan.

Kolumbiya mezbonlik qilgan o‘yinlarda futzalchilarimiz guruhda Portugaliya va Panamaga imkoniyatni boy berishgan. Ammo mezbonlar bilan durang qayd etilgani ahamiyatga molik. Jamoamiz jahon chempionatidagi debyutida bir ochko ishlagandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
JASUR3838
01/09/2019 18:31
Nasaf uzbda osiyoda 1 bulgan yagona jamoa ekan qoyil. Nasaf haqiqiy xalq jamosi olg'a yigitla.