
"Men uchun o‘rtacha natija, yaqinda yangilik bo‘lib qoladi" - "Qayrat"da chempionlikka erishgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan suhbat
Kelasi yili 24 yoshni qarshilaydigan futbolchimiz Ibrohimxalil Yo‘ldoshev joriy mavsumda “Qayrat” tarkibida Qozog‘iston chempionligini qo‘lga kiritdi.
Legionerimiz Rossiyaning “Nijniy Novgorod” jamoasidan “Qayrat”ga bir yilga ijaraga o‘tgandi. Yo‘ldoshev “Qayrat”ning chempionligi uchun munosib hissasini qo‘sha oldi.
Hayumrtimiz u erda hammasi bo‘lib 23 ta o‘yinda maydonga tushdi. 2 ta gol urdi va 4 ta golli pasni amalga oshirdi. 1980 daqiqani maydonda o‘tkazdi.
Hozirda Yo‘ldoshevning “Qayrat”dagi ijara muddati yakunlangan. Sports.uz jurnalisti esa Ibrohmxalil bilan bog‘lanib, undan intervyu oldi.
- Ibrohimxalil, siz “Qayrat” bilan Qozog‘iston chempionligini qo‘lga kiritdingiz. Ya’ni, Qozog‘istonga keldingiz, ko‘rdingiz va zabt etdingiz. Hammasi qanday yuz berdi?
- “Qayrat”ga kelishimni birinchi sababi, “Nijniy Novgorod”da etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmaganligim bilan bog‘liq. Meni “Qayrat”da juda iliq kutib olishdi. Chunki O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham mehmondo‘st xalq hisoblanadi, buni hamma biladi. Lekin Rossiyada nisbatan unday emas. “Qayrat”da esa meni birinchi kundanoq iliq qarshi olishgan. Haligacha mehmondo‘st. Deyarli hammasi bilan yaxshi munosabatdaman. Ichki muhit menga yoqdi. Chempionlikka keladigan bo‘lsak, nafaqat men, balki jamoamizda ham to‘g‘risi ishonishmagandi. Nega desangiz, chempionlik uchun bizni imkoniyatimiz kamroq edi. Turnir jadvalidagi uchinchi o‘ringacha bo‘lgan klublar chempion bo‘lishi mumkin edi. Jamoamiz esa chempion bo‘lishini xohlasa, hamma uchrashuvlarni yutishimiz kerak edi va buni uddasidan chiqdik. Adashmasam, oxirgi 5 ta uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondik. Ta’qibchilarimizni ortda qoldirib chempion bo‘ldik.
- Aslida klubni chempionlik vazifasi bormidi yoki boshidan bir bosh baland sakradimi?
- Klubda albatta chempionlik istagi bor edi. Buni chempionat boshlanishidan oldin klub prezidenti va murabbiyimiz aytib o‘tgandi. “Qayrat”ni Qozog‘istonda o‘rtamiyona deb bo‘lmaydi. Kuchli uchtalikdan tushmaydigan jamoa. Oldindan Chempionlar ligasi saralash bosqichlarida o‘ynab kelgan. Har yili chempionlik vazifasi qo‘yiladigan klub hisoblanadi.
- Siz “Qayrat” tarkibida jami 23 ta o‘yinda 2 ta gol urib, 4 ta golli pas uzatdingiz. Himoyachi sifatida bu sizni qoniqtirdimi?
- 2 ta gol urib, 4 ta pas bergan bo‘lsam, buni men uchun yaxshi deb ham ayta olmayman. O‘z qarashlarim bo‘yicha aytadigan bo‘lsam, aslida yomon ham emas, lekin men uchun o‘rtacha natija. Agar men o‘smoqchi va yaxshi klubga o‘tmoqchi bo‘lsam bu ko‘rsatkich etarlicha emas. Lekin meni himoyachi pozitsiyamda bu natija o‘rtachadan yuqori tursa kerak. Rosti, golli uzatmalarim kamroq bo‘ldi, deb o‘ylayman. Chunki qanot himoyachisi ko‘proq golli uzatmalarni amalga oshirishi kerak. Bundan ham yaxshiroq natijalar qilsam bo‘lardi.
- Qozoq futbolida sizga yoqqan va yoqmagan narsa nima bo‘ldi?
- Nima desam bo‘ladi? Meni ajablantirgan narsa, oldingi intervyularimda aytgan bo‘lsam kerak, bu maydon, tashkiliy ishlar masalasi. Lekin “Qayrat” jamoasida juda zo‘r. Boshqa klublarni kamsitmoqchi emasman. Ammo safarlarga chiqqanimizda ko‘zga tashlanib qoladi. Solishtiradigan bo‘lsam, O‘zbekiston chempionati maydon va tashkiliy masalalar bo‘yicha yuqorida turadi. Albatta, Qozog‘istonda ham tashkiliy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va maydoni yaxshi bo‘lgan jamoalar bor, biroq sanoqli. “Qayrat” bazasi, sharoitlari, maydon bo‘yicha Qozog‘istonning etakchilaridan. Har bir chempionatni o‘ziga yarasha kamchilik va ijobiy tomonlari bor. Menga yoqqan narsa, birinchi navbatda “Qayrat”ni bazasi, u erdagi muhit. Meni bunchalik zo‘r kutib olishlarini o‘ylamagandim. Bir-ikki kundayoq u erdagilar men bilan yaxshi munosabatda bo‘lib ketishdi. Juda yaxshi til topishib ketdik. Yangi klubga kirishib ketishim “Nijniy Novgorod”ga nisbatan yaxshi bo‘ldi. Rossiyada muhitga moslashishga qiynalgandim.
- Chempionlik uchun klub sizlarga qanday bonus va’da qilgan va uni berdimi?
- Klub bizga bonus va’da qilgan, hatto chempionat boshlanishidan oldin. Lekin men bu haqida ayta olmayman. Bu shaxsiy narsa. Qolaversa, shartnomada ham pul masalasida oshkor qilishimiz mumkin emasligi yozilgan. Lekin hali bonusni bermadi.
- Mavsumni bir qator murabbiylar bilan o‘tkazdinlar. Odatda, biror jamoada murabbiy almashsa aks ta’sir qilishi ham mumkin. “Qayrat”da murabbiy o‘zgargani ijobiy ta’sir qildi, shundaymi? Sizga qaysi murabbiy bilan ishlash qulay bo‘ldi?
- Ha, men borganimda boshqa murabbiy edi. U meni juda yaxshi bilardi. Chunki “Nijniy Novgorod”da o‘ynab yurganimda meni kuzatib borgan ekan. Birinchi kundanoq o‘z xonasiga chaqirib suhbatlashdik. “Qayrat”ning o‘yin uslubi qandayligi, meni o‘yinim jamoaga qanday tushishi borasida tushuntirib o‘tgandi. Keyin esa Kerjakov bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu mutaxassis bilan “Nijniy Novgorod”da birga ishlagandik. O‘shanda u meni “Nijniy Novgorod”ga chaqirgandi. Kerjakov faoliyatimda menga yoqqan murabbiylardan biri bo‘ladi. U bilan ham juda yaxshi o‘yinlarni o‘tkazdik. Bilmayman, ayrim sabablarga ko‘ra klubdan ketdi. O‘rniga Urazbaxtin tayinlandi. U oldin yoshlar jamoasida ishlagan. Kerjakovdan keyin bosh murabbiy bo‘ldi. Har bir murabbiyni o‘ziga yarasha o‘yin uslubi, futbolchi tanlashi bo‘ladi. Menga har uchalasini ham o‘ziga yarasha yoqadigan taraflari bor. Qaysidir jihatlarim ularga manzur keladi. Hamma murabbiy bilan yaxshi kelishib ishladik.
- “Qayrat” klubidagi ijara shartnomangiz yakunlandi. Rejangiz qanday? Yana "Nijniy Novgorod"ga qaytasizmi?
- Ha, tugadi. “Qayrat”ga “Nijniy Novgorod”dan ijaraga kelgandim. Bu masalada agentlar shug‘ullanishadi. Hali ish yakuniga etmadi. Yaqinda yangilik bo‘lib qoladi. Hozircha bir nima deya olmayman.
- Mavsumdan so‘ng ko‘pchilik futbolchilar xordiq chiqargani turli mamlakatlarga borib kelmoqdalar. Siz qishki ta’tilni qaerda o‘tkazyapsiz?
- To‘g‘ri, deyarli 90 foiz futbolchilar qiyin mavsumdan keyin dam olishga ketishadi. Men bu yil O‘zbekistonda qoldim. Oilam bilan birgaman.
- Bu yil o‘zbek futbolida sizni yoqimli ajablantirgan narsa nima bo‘ldi?
- Menimcha, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini Olimpiadaga yo‘l olgani bo‘lsa kerak. Qatardagi Osiyo chempionatida men ham qatnashdim. Ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsak ham menimcha birinchi o‘ringa haqli edik. Juda qiziq bo‘ldi. Olimpiadaga chiqib, o‘zbek futboli tarixiga kirdik. Bu yoqimli ma’noda ajablanarli va xursandchilikka boy bo‘ldi. O‘zbekiston chempionatida “Nasaf”ning chempionlikka erishgani yangilik bo‘ldi, deb ayta olaman. Bu klub birinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar