
"Men uchun kutilmagan xabar" yoxud "So‘g‘diyona" etakchisining AGMKda paydo bo‘lishi qanday sodir bo‘ldi?
Sports.uz sayti orqali xabar berib o‘tganimizdek, tajribali himoyachi Artyom Filiposyan klubini o‘zgartirdi. Mavsum boshida “So‘g‘diyona”ga qo‘shilgan himoyachi ikkinchi davradan boshlab AGMK safida to‘p suradi. Futbolchi olmaliqliklar bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagach, biz bilan muloqotga kirishdi.
“AGMKga xursandchilik bilan keldim”
- AGMKning taklifi menga kutilmagan syupriz bo‘ldi, desak bo‘ladi. Sababi, ta’tilga chiqqan paytimizda Mirjalol Qosimov taklif bilan chiqdi. “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoev bilan gaplashishdi va bir qarorga kelishdi. Albatta, mening ham fikrimni eshitishdi. Shunday qilib, AGMK klubiga ko‘chib o‘tdim. Baribir bu men uchun kutilmagan xabar bo‘ldi. Rosti, AGMK jamoasiga xursandchilik bilan keldim. Nimaga deganda, oldin Mirjalol aka Qosimov bilan “Bunyodkor”da birga ishlaganman. Bir-birimizni yaxshi bilamiz. Shu bois taklif bilan chiqqanida ikkilanmadim. Endi yangi jamoam uchun bor kuchimni sarflashga harakat qilaman.
“So‘g‘diyona” bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashdik”
- “So‘g‘diyona”da yarim yil o‘ynadim. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoev va murabbiylar shtabiga rahmat aytmoqchiman. Jizzaxlik muxlislarga ham katta rahmat. Bizni doim qo‘llab-quvvatlab turishdi. Shuningdek, “So‘g‘diyona” jamoasi xo‘jayiniga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Futbolga qiziqishi juda baland. Jizzaxdagi yarim yillik faoliyatimdan albatta yaxshi taassurotlar qoldi. Yangi o‘yinchilar bilan tanishdim. Xudoga shukr, OFK Kubogi o‘yinlariga ulgurdim va jamoa sharafini guruh bahslarida himoya qildim. Chempionat doirasida ham “So‘g‘diyona” uchun to‘p surdim. Qo‘limdan kelganicha jamoa uchun bor kuchimni berdim. O‘ylaymanki, biz bir-birimiz bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashdik. OFK Kubogida guruhdan chiqqanimizdan va u erda jamoa uchun qo‘limdan kelganicha o‘z hissamni qo‘shganimdan xursandman. “So‘g‘diyona”ga omad tilayman. OFK Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ushbu Kubokni O‘zbekistonga olib kelishiga tilakdoshman.
“Bor kuchimni AGMKga foyda keltirishga sarflayman”
- AGMKga o‘tganimdan mamnunman. Bu klubda maqsad yuqori. Sovrinli o‘rinlarni, O‘zbekiston Kubogini yutishga harakat qilamiz. Qaysi klubga maksimal vazifa qo‘yilsa, bu men uchun juda yaxshi. Sababi, futbolchi uchun ham ijobiy kayfiyat bag‘ishlaydi. Bu erda ko‘p o‘yinchilar bilan oldin terma jamoada birga o‘ynaganman. Sanjar Tursunov, Anzur Ismoilov...Yana bir qator futbolchilarga qarama-qarshi o‘ynaganman. Qolaversa, Sardor Rahmonov bilan “Buxoro”da birga to‘p surganmiz. Umuman olganda, AGMKda futbolchilarni yaxshi bilaman. Murabbiylar shtabi va jamoa a’zolari meni yaxshi kutib olishdi. Ko‘rinib turibdiki, ularda yaxshi oila tuzilgan. Bor kuchimni AGMKga foyda keltirishga sarflayman.
“Mirjalol Qosimovni ortiqcha ta’riflash shart emas”
- Ushbu murabbiyni ortiqcha ta’riflash shart emas. Hamma yaxshi biladi. AGMK jamoasi sovrinli o‘rinlar uchun kurashishini davom ettiryapti. Har bir o‘yinchi qaerga borishini, qanaqa jamoaga qo‘shilishini oldindan bilishi kerak. Mavsum boshlanmasidan oldin AGMK va boshqa klublar chempionlik uchun kurashishi ma’lum edi. Bu klubning maqsadi jiddiy.
“Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi”
- Hammasi tez hal bo‘ldi. “So‘g‘diyona” bilan OFK Kubogini yutish ishtiyoqimiz baland edi. Ammo bu futbolning bir qismi. Ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. AGMK bilan bu yil sovrin yutadigan bo‘lsak, bu men uchun ham qoyilmaqom bo‘ladi. Biz “So‘g‘diyona” bilan OFK Kubogida yurishimizni davom ettirayotan paytimizda vaziyat o‘zgarib qoldi. Mirjalol Qosimov taklif bilan chiqqani uchun AGMK jamoasiga o‘tishga qaror qildim.
“Har bir o‘ynagan jamoamda mana shunday raqobatni ko‘rganman”
- Qaysi klublarda o‘ynagan bo‘lsam, har doim raqobat kuchli bo‘lgan. Bu men uchun normal holat. Qaytanga, o‘zimga qo‘shimcha kuch-quvvat beradi. Jizzaxda boshida o‘yinlarda maydonga tushirilmagandim. Har bir o‘yinchi o‘z ustida ishlab, vaqtini kutsa, albatta bunga erishadi. Birinchi davra o‘rtalaridan hamma o‘yinlarda qatnashdim. AGMKga kelsak, yangi jamoamda ham yaxshi himoyachilar bor, raqobat zo‘r. Raqobat bo‘lsaki, o‘sish yaxshi bo‘ladi. Futbolchi bir joyda to‘xtab qolmaydi. Har bir o‘ynagan jamoamda mana shunday raqobatni ko‘rganman. Men hammasiga tayyorman. Endi bor e’tiborimni yangi klubimga qarataman. AGMKning g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shishni va Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etishni juda istayman.
Fikrlar