
Mbappega baribir pul to‘lamaymiz!
Kilian Mbappe sobiq jamoasi PSJ bilan to‘lanmagan maoshlar bo‘yicha sudlashmoqda. Frantsiya Professional futbol ligasi yuridik qo‘mitasi masalani o‘rganib chiqib, klub sobiq o‘yinchisiga 55 million evro miqdoridagi qarzini to‘lashi kerakligi haqida qaror chiqardi.
L'Équipe nashrining ma’lum qilishicha, Parij klubi xo‘jayinlari mazkur qarorga qaramay, baribir belgilangan mablag‘ni Mbappening hisob raqamiga o‘tkazib bermaydi.
PSJ mutasaddilari o‘z qarorlari qonunan to‘g‘riligiga amin ekanliklarini ta’kidlashmoqda va bu borada Kilian bilan sudlashishga tayyorliklarini bildirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mbappe PSJdan 2024 yilning aprel, may, iyun oylari uchun o‘ziga tegishli bo‘lgan maosh va bonuslarini to‘lab berilishini talab qilgan.
Fikrlar