
"Mash’al" ustozi: "Bu jamoada birinchi yil emasman"
Superliganing 16-turidan o‘rin olgan “Mash’al” – “Paxtakor” (0:1) uchrashuvidan keyin muborakliklar ustozi Otabek Narzullaev matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yin qiyin bo‘lishini bilardik. “Paxtakor” yaxshi jamoa. O‘ylaymanki, futbolchilarimiz “Paxtakor” bilan o‘yinda yaxshi harakat qilishdi. Raqibni g‘alaba bilan tabriklaymiz. Chiroyli o‘yin bo‘ldi. Futbolchilar bilan yana kamchiliklar ustida ishlaymiz. Menga yoqqan tomoni, o‘yinchilarimiz oxirigacha kurashishdi. Ha, xatolar bizni – futbolchilarni ham, murabbiylarni ham o‘sishga undaydi. Jarohatidan qutuladigan o‘yinchilarimiz qo‘shilishsa, keyingi uchrashuvlarda yaxshi natija qilishga harakat qilamiz.
- “Mash’al”ni tarkibi ancha yosh. Jamoani yoshartirishga asosiy sabab nima?
- “Mash’al” akademiyasi bor. Ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan va yaxshi mutaxassislar ishlashyapti. Qachondir yoshlar ham chiqishi kerak. Akademiyamizga e’tibor qaratamiz. Ikkinchi davrada iloji boricha yoshlarni o‘ynatishga va ishonch bildirishga urg‘u beramiz. Akademiyamiz ishlayapti va buning natijasi bo‘lishi kerak. Futbolchilar yana rivojlanib chiqishi lozim. Nasib bo‘lsa, katta futbolchilar orqali yoshlarga asta-sekin imkoniyat beramiz.
- Birinchi o‘yinchi almashtirish qanchalik o‘zini oqladi? Golga kim aybdor?
- Golda hammamiz aybdor. Qiyin bo‘lishini bilardik. Futbolchilarimiz ko‘rsatmalarni 100 foiz bajarishga harakat qilishdi. Ha, charchoq o‘z so‘zini aytadi. Zaxira almashtirishlariga kelsak, bu bizga yordam berdi. Necha foiz? O‘yinni ko‘rib keyin aytishimiz mumkin. Biz ko‘proq ikkinchi zonada kutib oldik.
- Jamoa bilan mashg‘ulotlarga qanchalik kirishib ketdingiz va jamoa sizga qanchalik moslashdi?
- Bu jamoada birinchi yil emasman. Ko‘p yillardan beri birga ishlaganmiz. 2019 yili kelgan bo‘lsam, asosiy jamoada yordamchi bo‘lib ishladim va o‘rinbosarlar jamoasida ham faoliyat ko‘rsatdim. Rahbariyatga menga mana shunday mas’uliyatli vazifani ishonib topshirishgani uchun rahmat. Qo‘limizdan kelgan hamma narsani qilishga harakat qilamiz. Keyingi o‘yinlarga yanada yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, muxlislarni xursand qilamiz.
Fikrlar