Legionerlarimiz: Yaxshiboevning ishlari yaxshi, qolganlarchi?

  • 4 iyul, 2024, 07:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qozog‘iston Premer-ligasida birinchi davra o‘yinlari yakunlanganidan keyin statistika ekspertlari turli ko‘rsatkichlarni hisoblab chiqmoqda.

Tecno

Unga ko‘ra, amaldagi chempion – “Ordabasi” sharafini himoya qilayotgan Jasurbek Yaxshiboev chempionat to‘purarlari poygasi va eng samarali o‘yinchilar reytingida yuqori o‘rinlar uchun kurashni davom ettirmoqda.

Joriy mavsumda Qozog‘iston yuqori divizionida 13 ta jamoa g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda. Birinchi davra davomida har bir jamoa 12 tadan uchrashuv o‘tkazdi. “Ordabasi” ettita g‘alaba, to‘rt durang va bir mag‘lubiyat bilan 25 ochko to‘plagan holda musobaqa jadvali peshqadamiga aylanib oldi.

Jasurbek Yaxshiboev birinchi davrada 10 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol yozdirib qo‘ydi. Ayni paytda legionerimiz to‘purarlar poygasida “Qaysar” vakili Vladimir Gromiko va “Aktobe” o‘yinchisi Maksim Samorodov bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi.

27 yoshli futbolchimiz “Shaxtyor”, “Qayrat”, “Turon”, “Jetisu” va “Qaysar” jamoalari darvozalarini ishg‘ol qilgan. Uning gollari chimkentliklarga umumiy hisobda 12 ochko keltirganini ta’kidlash lozim.

Shuningdek, Jasurbek Yaxshiboev gol+pas tizimida ham etakchilardan biri hisoblanadi. Beshta goldan tashqari bitta assist qayd etgan hujumkor futbolchimiz umumiy hisobda 6 ball bilan eng samarali o‘yinchilar reytingida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu borada beshta gol va ikkita assist bilan Maksim Samorodov yakka peshqadam sifatida birinchi o‘rindan joy oldi.

“Ordabasi”dagi yana bir vakilimiz – Shahboz Umarov ham muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmoqda. Biroq 25 yoshli futbolchimizning o‘yin vaqti kutilgan darajada ko‘p emas. O‘tgan yili chimkentliklar bilan birga chempionlikni nishonlagan Shahboz bu gal barcha turnirlarda 13 ta uchrashuvda qatnashib, umumiy hisobda maydonda 555 daqiqa harakat qildi.

Umarov bu vaqt mobaynida chempionatda bittadan gol va assist muallifi bo‘ldi.

Qozog‘istondagi legionerlarimiz orasida Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Qayrat”ning asosiy figuralaridan biriga aylangan. Rossiyaning “Nijniy Novgorod” jamoasidan ijaraga olingan legionerimiz himoyadagi vazifalarini to‘liq bajarishdan tashqari hujumchilarga ham yordam bermoqda.

23 yoshli Yo‘ldoshev “Qayrat” safida barcha turnirlarda 12 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga ikkitadan gol va assist yozdirib qo‘ydi.

“Qayrat” bu yil chempionlik uchun kurashmoqda. Qozog‘istonning eng mashhur jamoasi joriy chempionatda oltita g‘alaba, uchtadan durang va mag‘lubiyat bilan 21 ochko jamg‘ardi va hozircha uchinchi pog‘onada bormoqda.

Qo‘shni mamlakatdagi to‘rtinchi legionerimiz – Shohnazar Norbekov o‘ynayotgan “Qaysar” chempionatni muvaffaqiyatsiz boshlab, keyinchalik musobaqa jadvalining o‘rta qatorlariga ko‘tarilib oldi.

“Qaysar” 12 ta bellashuvda  to‘rttadan g‘alaba, durang va mag‘lubiyat qayd etib, jami 16 ochko jamg‘argan.

29 yoshli Shohnazar barcha turnirlarda 14 ta o‘yin o‘tkazdi. Premer-ligada bittadan gol va assist qayd etdi. Biroq bu ko‘rsatkich markaziy hujumchi samaradorligi uchun etarli natija emas.

Qozog‘iston Premer-ligasining ikkinchi davra o‘yinlari 13 iyuldan boshlanadi.  

Xaridor Shomurodovni olish bo‘yicha aniq reja tuzib qo‘ydi

TsSKA Fayzullaevning ketishiga ruxsat beradimi?
Fayzullaev qo‘ldan chiqyapti yoxud Abbosbek va “Vilyarreal” masalasiga Italiyadan qanday munosabat bo‘ldi?

O‘zbek futbolchilari Evropa Chempionlar ligasida porlashi kutilyapti...

“Real”ga gol urgan Yaxshiboevni Evropa maydonlarida kutishyapti

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!