
Kutilmagan burilish! Jasur Jaloliddinov Andijon tomonlarga kimdan «arazlab» ketib qoldi?!
Yaqindagina yosh va iqtidorli yarim himoyachi Jasur Jaloliddinov «Andijon» klubi bilan shartnoma imzoladi. Kecha Rossiyaning «Lokomotiv» klubi safiga borib qo‘shilgan yigit, bugun PFLning kamtarin jamoasi libosida ko‘rinish berdi. Qisqa muddat ichida bo‘lib o‘tgan voqealar unga qanday ta’sir ko‘rsatdi? Uning transferidan kimlar foyda ko‘rdi? Bugun Jasur tushib qolgan vaziyat haqida fikr yuritamiz.
Rossiya varianti qay darajada to‘g‘ri edi?
«The Guardian» nashrida nomi e’lon qilinishi bilan Jaloliddinovga bo‘lgan e’tibor ortib ketdi. Jarima zarbalarini aniq ijro etuvchi, chaqqon va kurashlardan qochmaydigan yigit ichki birinchilikda ham ko‘zga tashlana boshladi. Terma jamoa yig‘inida bo‘ldi, jamoadoshlaridan farqi sezilib turdi. Tabiiyki, uning atrofida turli grand klublar o‘ralashib qoldi. Avvaliga, Italiyaning «Benevento» jamoasi u bilan aloqaga chiqdi. Futbolchi bir muddat Italiyada bo‘ldi va pandemiya sababli shartnomasiz ortga qaytdi. Bu orada «Bunyodkor»ga bir paytning o‘zida 2 klubdan taklif kelib tushdi. Turkiyaning «Beshiktosh» jamoasi vunderkind uchun 350 ming dollar taklif qildi, ammo turklar bu summani 18 oyda to‘lab berishini ma’lum qildi. Keyin, Yuriy Belous ishga kirishdi. Yuriy «Lokomotiv» rahbari Vasiliy Kiknadzeni Jasur uchun 350 ming dollar to‘lashga ko‘ndirdi. «Bunyodkor»ga «temiryo‘lchilar» 350 ming dollarni darhol to‘lab beradigan bo‘ldi. Qarabsizki, Jasur Rossiyaga uchib ketmoqda. Bu voqealardan xabaringiz bor, biroq ushbu muddat orasida bo‘lib o‘tgan ish bugungi maqolamizning asosiy mavzusi.
Jasur Rossiyada nega o‘ynab keta olmadi?
Bunga ko‘plab omillarni sabab qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Unga bo‘lgan katta e’tibor va kutilgan yuksak natijaning bosimi og‘irlik qildi. Juda erta musofirchilik boshiga tushgan Jaloliddinov barchasini engib o‘tishi mushkul edi. Biz futbolchini yonini olmoqchi emasmiz, ammo har qanday murabbiy o‘z shogirdining potentsialini to‘g‘ri baholay olishi kerak. Uning transferidan O‘zbekiston tomonidan kimlar ishtirok etgan bo‘lsa, aynan ular oldinda turgan safarning qiyinchiliklari va sinovlaridan 18 yoshli yigitchani boxabar qilishi shart edi. Yarim himoyachi uchun taklif qilingan summaning ulkan ekanligi balki voqeaga ta’sir ko‘rsatgandir, biroq bu yigit kelajakda 10 barobar ko‘proq daromad keltirishi ham mumkin edi. Yakunda nima bo‘ldi? Biz so‘nggi yillardagi eng iqtidorli futbolchimizni yo‘qotdik, RPL muxlislari oldida imijimiz tushib ketdi.
Boz ustiga, Yuriy Belous aralashgan transfer hali-hamon Rossiya OAV tomonidan muhokama qilinmoqda. Bu ham o‘zbek futboli uchun katta minus. Mayli, bu pul va obro‘ o‘z o‘rniga. Etimlikda katta bo‘lgan qorako‘z o‘zbek yigitining singan ko‘ngli uchun kim javob beradi? Mana bu savol ochiqligicha qolmoqda. Men Jasur bilan bir necha bor suhbat qurganman. Shu bois, uning «Bunyodkor» klubiga bo‘lgan ehtiromi qay darajada ekanligidan xabarim bor. Katta ehtimol bilan, uning ko‘nglida «Bunyodkor» o‘z o‘rnini yo‘qotgani yo‘q, ammo uni Belousning «qarmog‘iga ilinishiga» ko‘maklashganlardan ranjigani aniq. Bosh murabbiy o‘zgargan bo‘lsa-da, uning shtabida hech qanday rokirovka bo‘lgani yo‘q. Aynan shu omil sababli, Jasur vodiyga yo‘l olishga qaror qilgan ko‘rinadi. To‘g‘rida, aqlli inson bir marta aldanadi. Ushbu transferdan bevosita ishtirok etganlar hammasini rad etishi mumkin, biroq haqiqat bir kun kelib baribir yuzaga chiqadi.
«Andijon»da shov-shuv!
To‘g‘risi, futbolchining «Andijon» klubi bilan shartnoma imzolashi ko‘pchilik singari meni ham hayron qoldirdi. So‘nggi yillarda Superligada jon saqlab qolish uchun kurash olib borayotgan jamoada oldiga ulkan maqsadlar qo‘ygan Jasurning paydo bo‘lishi bejiz emasga o‘xshaydi. Yosh bo‘lishiga qaramay, katta sinovlarga duch kelgan futbolchi biroz sokinroq hayot tarziga qaytmoqchi. U yana avvalgidek yashil maydon, muxlislar olqishi va miriqib to‘p surishni sog‘ingan. Qahramonimiz so‘nggi 3 oy ichida nafaqat O‘zbekiston, balki Rossiya matbuotida ham bot-bot tilga olindi. Mayli, o‘tgan ishga salovat. Asosiysi, buyog‘iga to‘xtab qolmaslik. Yaratgan tomonidan berilgan iqtidorni bandasi tortib olishga qodir emas.
To‘g‘risi, Andijonlik muxlislarning Jaloliddinovni qanday kutib olganini ko‘rib xursand bo‘ldim. Bu bir tomondan yoqimli, ammo…
«Barselona»da porlab chiqqan Boyan Krkich yodingizda bo‘lsa ajab emas. 18 yoshida Evropa Chempionlar Ligasida zafar quchgan yigit shu qadar tez mashhur bo‘lib ketdiki, hatto uni Messi bilan qiyoslashni boshlab yuborishdi. Qahramonimiz 2012 yilda Ispaniya terma jamoasidan chaqiruv oldi, biroq Evropa chempionatiga bormadi. Keyinroq u o‘z qarorini quyidagicha izohlagan edi:
«Men mashg‘ulotlardan so‘ng, tezda uyga jo‘nashga majbur edim. Muxlislarning olqishi, stadionning bosimi meni har kuni charchatib qo‘yar, xuddi kuchimni sug‘urib olayotgandek edi, go‘yo. Uyga kelishim bilan o‘z xonamga kirardim va qulflanib olar edim. Faqat shu erdagina o‘zimni bexavotir sezaman. Menga Evropa chempionatida ishtirok etuvchi futbolchilar ro‘yxatida bor ekanligimni aytishganida, ichim muzlab ketdi. Endi mazza qilib dam olmoqchi edim. To‘g‘risi, qo‘rquv kuchlilik qildi. Taklifni rad etdim va Ispaniyani Evropa chempioni bo‘lganini uyda kuzatdim».
Darhaqiqat, mehr-e’tibor kerak, biroq hammasi o‘z meyorida bo‘lgani yaxshi. Vodiy ahli futbolni sevadi. Buni barchamiz yaxshi bilamiz. Hozir Jasur e’tiborga muhtoj, biroq undan «mo‘’jiza» kutishga haqqimiz yo‘q. Birinchi navbatda, u o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchini tiklab olishi lozim. Ana shunda, avvalgidek to‘xtatib bo‘lmas kuchga aylanadi.
Uning transferida faol ishtirok etganlar muxlislar oldida javob bermasligi mumkin, biroq o‘z vijdoni oldida yuzlari shuvut ekanligi aniq. Mayli, hammasiga vaqt oliy hakam.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar