
Kurash. Xalqaro turnir oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi
Xabaringiz bor, Termiz shahri kurash bo‘yicha Prezident sovrini uchun musobaqaga mezbonlik qilmoqda.
Bugun ushbu nufuzli turnir oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bir qator rasmiylar so‘zga chiqib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi. Xususan, O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Ushbu turnirni tashkillashtirgani uchun Prezidentimizga katta rahmat aytmoqchiman. Pandemiya sharoitida bu kabi turnir uyushtirish oson emas. Tayyorgarlik jarayonlari kutilganidan ham a’lo darajada kechmoqda. O‘ylaymanki, bu safargi musobaqa avvalgilaridan ko‘ra, ko‘tarinki ruhda o‘tadi".
Surxondaryo viloyati hokimining turizm va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jo‘rabek To‘raev:
"Hurmatli tadbir qatnashchilari, sizlarni bu erda ko‘rib turganimizdan juda xursandmiz. Bu safar sovrin jamg‘armasi 100 ming dollar etib belgilangan. Keyingi musobaqalar uchun ushbu mukofot miqdorini yanada oshirishga harakat qilamiz".
Xalqaro kurash assotsiyatsiyasi texnik direktori Rizo Nosiriy:
"Bu erda ekanligimdan juda xursandman. Joriy yil koronavirus tufayli yuzaga kelgan pandemiyaga qaramay, ko‘plab polvonlar mazkur turnirda qatnashish istagini bildirdi. Bu juda ajoyib. Sababi, aksariyat sportchilarimizda uzoq muddat professional musobaqada ishtirok eta olmadi. O‘z navbatida, bu tushkun kayfiyatni yuzaga keltirgandi".
O‘zbekiston Kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komiljon Yusupov :
"Barchangizni ushbu xalqaro turnirda ko‘rib turganimdan juda xursandman. Har bir musobaqani ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga harakat qilmoqdamiz. Bu haqda Prezidentimiz shaxsan topshiriq bergan edilar. Mazkur musobaqa uchun katta tayyorgarlik ko‘rildi. Albatta, bu turnirning ahamiyati naqadar yuqori ekanligini tashkilotchilik nuqtayi nazaridan ham ko‘rish qiyin emas".
Shundan keyin rasmiylar jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi:
-Chet eldan tashrif buyurgan va mahalliy polvonlarning aniq soni haqida ma’lumot bersangiz.
"Mazkur xalqaro turnirga 30 ga yaqin davlatdan 60 ga yaqin sportchi tashrif buyurmoqda. Jumladan, ularning 25 nafari ayol sportchilardir. Ta’kidlash joizki, har bir vaznda xorijlik vakil o‘z omadini sinab ko‘radi. Hatto, qo‘shni davlatlar ham har bir vazn toifasida bittadan sportchi jo‘natish variantini qo‘llab-quvvatladi. Bu holat musobaqaga qiziqish yuqori ekalining yana bir isboti".
-Bu kabi har bir musobaqa turizm rivojiga katta turtki bo‘ladi. Musobaqa 1993 yildan beri o‘tkazib kelinayotganini hisobga olsak, bu mamlakatimiz turizmiga qay darajada ta’sir ko‘rsatgani haqida ma’lumot bera olasizmi?
"Shaxsan o‘zim Termiz shahrida yashayman. Hech ikkilanishsiz ayta olamanki, bu mahalliy aholining kichik biznes salohiyatiga juda katta ta’sir o‘tkazadi. Turnir davomida turli shaharlardan mehmonlar keladi va ular orqali mahalliy aholi daromad ko‘rishi mumkin. Albatta, bu holat har ikki tomon uchun foydali".
-Keyingi yillarda yoshlar o‘rtasida kurashni rivojlantirish bo‘yicha qanday ishlar olib boriladi? Yaxshi bilamizki, Surxondaryo kurashning vatani hisoblanadi. Xususan, viloyat miqyosida bu boradagi ishlar qanday?
"Surhondaryolik har bir yigit eng kamida bir marta bo‘lsa ham kurash tushib ko‘rgan. Bu ularning qon-qoniga singib ketgan. Bizning o‘zimiz ham yoshligimizda ushbu sport turi bilan shug‘ullanganmiz. Prezidentimiz topshirig‘i bilan keyingi yil kurashga ixtisoslashgan maxsus maktab ham ochilishi kutilmoqda. Asosiy maqsadimiz O‘zbek kurashini Olimpiya o‘yinlarida ko‘rish".
-Mazkur turnirga 60 ga yaqin mamlakatdan sportchilar kelishini ta’kidlab o‘tdingiz, asosan qaysi mamlakatlar o‘z pahlavonlarini Termizga jo‘natganini ayta olasizmi?
"Bugungi kunga kelib O‘zbek kurashi 130 dan ortiq davlatga tarqalib ulgurdi. Afrika, Panamerika, Evropadan bir qator sportchilar ushbu musobaqada ishtirok etishi kutilayotgandi. Biroq pandemiya tufayli Evropa va Osiyodan ko‘plab polvonlar kela olmadi. Shu sababli, asosan qo‘shni mamlakatlardan sportchilarni taklif etganmiz. Menimcha, g‘oliblik uchun asosiy raqobat ushbu polvonlar orasida kechadi. Kurash barchamizning faxrimiz. Uni olimpiyada ko‘rishni istaymiz. Hozirda butun dunyo bizning kurashimizni o‘rganib oldi va raqobat tug‘dirmoqda".
-O‘zbek kurashini jahonga yoyish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda va bu turnirga qanday mashhur sportchilar taklif qilingan?
"Bu 1-2 marta o‘tkazilib, keyin to‘xtatib qo‘yiladigan oddiy turnir emas. Joriy yil 15-marta o‘tkazilayotganligining o‘zi ham so‘zimizga isbot bo‘la oladi. O‘zbekiston kurash vatani. Va bu erdagi barcha sportchilar g‘oliblik uchun asosiy nomzodlar qatorida. Bu xalqning mentalitetiga aylanib ulgurgan. Masalan, Navruzda siz oilangiz bilan kurash turnirlarini tomosha qilasiz va unda farzandlaringiz ham ishtirok etadi. Sizlardagi bir necha viloyat sportchilarining natijalari hurmatga sazovor".
-Ertaga qanday hakamlar o‘yinlarni boshqarib boradi?
"O‘zbekiston va xalqaro kurash federatsiyasidan xakamlar tayinlangan va ishontirib ayta olamanki, ular turnirning adolatli o‘tishini ta’minlay oladi".
-Umumiy sovrin jamg‘armasi 100 ming AQSh dollari ekan. Bu qanday taqsimlangan?
"Har bir vazn toifasida g‘oliblarga 3 ming AQSh dollari, ikkinchi o‘rinni egallagan sportchilarga 2 ming AQSh dollari, uchinchi o‘rin sohiblari esa 1 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofotlari beriladi. Mutlaq vaznda g‘olib bo‘lgan polvon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini – 10 ming AQSh dollariga sazovor bo‘ladi. Ikkinchi o‘rin sohibi 5 ming, ikkita uchinchi o‘rindan joy olgan polvonlar 3 ming 500 AQSh dollaridan mukofotlanadi".
Fikrlar