
Kuchli termalar Evro 2020 da qanday ko‘rinish hosil qilishi mumkin?
Kelayotgan yilda Evropa bo‘ylab 12 shahar futbol o‘yinlariga mezbonlik qiladi. Har bir shahar guruh bosqichining uchta o‘yinlarini qabul qiladi. Bunday tizimdagi musobaqa haqiqatdan yodda qolishi aniq. Terma jamoalar esa o‘zlarini ko‘rsatishlari talab qilinadi.
Savol tug‘iladi, qit’aning nufuzli termalari qay ko‘rinishda bo‘ladi?
Portugaliyaning asosiy tarkibi qanday bo‘ladi?
Mavzuni amaldagi Evropa chempionlaridan boshlash maqsadga muvofiq bo‘ladi. Pepe himoyada yosh Ruben Diasga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. O‘ng qanot esa Joao Kanseluga tegishli bo‘lishi hozirdanoq ma’lum. Vilyam Karvalyu Ruben Navas va Moutinoga “Vulverxempton”dagi hamkorligini termada ham munosib tarzda davom ettirishlariga imkoniyat yaratib berishi kerak bo‘ladi. Hujumda esa Krishtian Ronaldu asosiy to‘purar vazifasini bajarsa, qanotlardan unga Gonsalo Gedesh va Bernardo Silva yordam beradi.
Germaniyaning asosiy tarkibi qanday bo‘ladi?
Nemislar o‘zlarining yangi davrini boshlashni maqsad qilgan. 2014-yilgi Jahon Chempionlaridan faqatgina Toni Kroos va Manuel Noyerlar qolgan. “Nemis mashinasi”da bir necha taktik variantlar bor, ammo eng maqbuli 3-4-2-1 varianti hisoblanadi. Kuchli himoya chizig‘iga aylanib borayotgan Ryudiger va Zyulelar o‘zlarini ko‘rsatishlari kerak. Joshua Kimmix va Leroy Sane jamoaga yaratuvchanlik bahsh etishsa, Kay Gavertts va Marko Roys Timo Vernerning ishini osonlashtirishi zarur.
Frantsiyaning asosiy tarkibi qanday bo‘ladi?
Amaldagi Jahon Chempionlari 2020-yilda ham katta o‘zgarishlarga yuz tutmasa kerak. Fakt shuki, Jahon Chempionati finalidagi asosiy tarkibning o‘ntasi Evro-2020 da o‘ynasa kerak. Yagona o‘zgarish shuki, Mbappe endi jamoasi hujumini Usmon Dembele bilan qurishga harakat qiladi. Ikki yosh futbolchilar aql bovar qilmas darajada iste’dodli va yanagi yil ham asosiy tarkibdagi o‘rinlarini yo‘qotib qo‘ymasa kerak. “Kelishgan”, ammo barqaror o‘yin ko‘rsata olmaydigan Jiruga joy yo‘qligini taxmin qilish qiyin emas.
Angliyaning asosiy tarkibi qanday bo‘ladi?
Angliya o‘z tarkibini Jahon Chempionatida shakllantirib olgan tarkibiga ozgina o‘zgartirish kiritish orqali qurishga urinib ko‘radi. Himoya to‘rtligi o‘zgarmasdan qolishi va Deklen Rays va Harri Uinkslarning yarim himoyada yangi variantlar taqdim qilishi mumkin. Reshford va Sterling hujum juftligi Keyn va Dele Alliga hujumda kamarbasta bo‘lishadi.
Gollandiyaning asosiy tarkibi qanday bo‘ladi?
“Uchar gollandlar” noqulay yo‘ldan borishmoqda. Ronald Kuman “lolaqizg‘aldoqlar”ni yana mo‘rt jamoaga aylantirib qo‘ydi. Garchi tarkibda bir qator “yulduzchlar” bo‘lsada, ularda barqaror o‘yin namoyish qilish ancha pasayib qoldi. Himoyada Van Deykka grand klublarning nishoniga aylangan Matteys De Ligt sheriklik qiladi. “Barsa”ning yangi a’zosi Frenki De Yong esa yarim himoyada porlashi kutilmoqda. Unga yarim himoyada Veynaldum va Van de Beek kuch bag‘ishlaydi. Hujumda Memfis Depay “aldamchi to‘qqizlik” rolida bo‘lsa, Kuinsi Promes va Stiven Bergveyn raqib himoyachilarini dog‘da qoldirishlari talab etiladi.
Ispaniyaning asosiy tarkibi qanday bo‘ladi?
Ispaniya so‘nggi uch turnirda “qovun tushirganidan” keyin katta qaytish qilishi taxmin qilinmoqda. Ular yana bir marta “daxshatli tush”ni boshlaridan o‘tkazishni istamaydi. Luis Enrikening ixtiyorida hamon iqtidorli futbolchilar to‘plangan. Ammo ularga himoya va hujumda elita futbolchining yo‘qligi pand bermasa, yana o‘zlarini ko‘rsata oladi. Jerar Pike va David Vilya kabi muhim futbolchilarning yo‘qligi termani qiynab qo‘yishi ehtimoli yuqori.
Fikrlar