
Klanlarga bo‘lingan PSJning eng katta muammosi! Erkatoy, o‘jar va faoliyatiga "tupurib qo‘ygan" Neymar haqida siz bilmagan faktlar
Haddan tashqari yuqori baholangan iqtidor
Tite Neymarni buyuk futbolchi deb atagan. Vinger Braziliya terma jamoasi safida gol urish borasida Pelening rekordini yangilash arafasida. Shunday bo‘lsa-da, u 2022 yilgi Jahon chempionatida fantastik o‘yin namoyish etib, "pentakampeonlar"ni Jahon chempioni qilmasa, Pele, Ronaldo va Garrincha kabi afsonalar bilan bir qatorda tilga olinmaydi. Parijlik tik-tokerlar Neymarni juda yaxshi ko‘rishadi. U o‘zini proffesional futbolchidek tutmasa ham, aslida juda qobiliyatli va kamyob futbolchi.
Karnaval - Neymarning eng sevimli mashg‘ulotlaridan biri. Bundan tashqari, muhim o‘yinlar oldidan uning poker o‘ynamasligiga kafolat bormi? Axir, u professional futbolchi. Uyqusizlik uning maydondagi harakatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ha, Neymar futbol muxlisi, ammo rejim muxlisi emas.
Shuningdek, jim turish, sabr va ehtiyotkorlik masalarida ham u ustasi farang emas. Braziliyalikning mana bu fikriga e’tibor bering:
- Siz buvingizni, bolangizni, xotiningizni va hatto o‘zingizni tug‘ilgan kuningizni nishonlay olmaysiz. Sportchi bo‘lish qiyin.
Yo‘q, sportchi bo‘lish aslida jismonan qiyin, ammo yoqimli jarayon. O‘ttiz yoshda yashash uchun kerak bo‘lgan barcha narsaga egasan. E’tibor va e’tirofdan erkalanib yuribsan va katta ehtimol bilan 2 yildan so‘ng faoliyatingni yakunlaysan. Yaxshi o‘ynasang 3 yil o‘ynab berishing mumkin. Faoliyatingni yakunlaganingdan so‘ng o‘rta yoshlardagi yigit bo‘lasan. Faqat singlingning tug‘ilgan kunida emas, balki xohlagan paytingda o‘zing xohlaganingday yashashing, dam olishing va hayotdan zavq olishing mumkin.
Neymar Ronaldu bilan bir kunda tug‘ilgan. Biroq uni karerasiga bo‘lgan e’tibor jihatdan Ronaldu bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Tasavvur qiling, etti yildan so‘ng Neymar futbol o‘ynamoqda! Men tasavvur ham qila olmadim. Bu hodisa sodir bo‘lar, ammo 37 yoshida Neymarni Evropa jamoalaridan birida bo‘ladi, deb hisoblamayman. Uni PSJda doimiy tarzda professionallik yo‘qligi uchun ayblashadi. Gap faqat buvisining tug‘ilgan kunini nishonlashida emas.
Tartibsiz hayot
Neymarda spirtli ichimliklarga berilib ketish holati kuzatilmagan. Shunday bo‘lsa-da, ba’zan shu kabi holatlar ham uchrab turadi. Aslida, bunaqa tartibsiz hayot braziliyalik yulduzlarda tez-tez uchrab turadi:
Ronaldino qanchalik iqtidorli va betakror futbolchi bo‘lgan bo‘lsa-da, spirtli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilib, tungi klublarga doimiy qatnab, faoliyatining eng gullagan davrini barbod qilgan.
Garrincha atrof-muhitga aldanib, hayotining so‘nggi yillarini qashshoqlikda o‘tkazdi.
Robinoning mastlikdagi sarguzashtlari uni 9 yillik og‘ir "sarguzasht" tomon olib ketdi. U bir qizning nomusiga tegishda aylandi.
"Real" sobiq himoyachisi Sisino ham bir safar mashg‘ulotlarga mast holda kelgan.
Neymarning ko‘plab advokatlari hamda PR jamoasi mavjud. Uning ayblari doim yashiriladi. Ma’lumki, ko‘plab ayblovlar aslida haqiqat. Misol uchun, bahorda chiqqan xabarlarga ko‘ra, Pochettino Neymar ustidan nazoratni yo‘qotgan. Bu xabarlar xato emas, nazdimda. Faqat savol tug‘iladi. O‘zi nazorat bo‘lganmi?
PSJ shayhlari uchun 500 million evroga tushgan futbolchi (bonus pullar va maoshini qo‘shib hisoblaganda) joriy mavsum EChLda atigi 2 ta golga assist vazifasini bajardi. Shuningdek, Liga 1 da 22 ta uchrashuvda ishtirok etgan. Keling, u avvalgi mavsumlarda Frantsiya chempionatining nechta o‘yinida maydonga tushganiga razm solamiz.
2020/2021 - 18
2019/2020 - 15
2018/2019 - 17
2017-2018 - 20
Uning o‘rnida ayni vaqtda "Leyptsig"da muvaffaqiyat qozonayotgan PSJ tarbiyalanuvchisi Nkunku o‘ynashi mumkin edi. Yosh frantsuz uchun katta pul ham talab qilinmasdi. Neymar transferi PSJda hech qachon o‘zini oqlamagan. Hatto u uchun sarflangan mablag‘ni inobatga olmasak ham.
Besh yil avval PSJ Neymar bilan shartnoma imzolagan. Taniqli frantsuz nashrlarining yozishicha, ushbu kelishuvda har qanday murabbiy uchun noqulaylik tug‘diradigan bandlar bor. Uning ikkita shaxsiy fizioterapevti, ikkita shaxsiy buxgalteri bor. Bundan tashqari, u istagan payti jarohatlardan shikoyat qilishi mumkin. Eng qiziqarlilarini endi eshitasiz!
Ajabo! Ma’lum bo‘lishicha, Neymarga qarshi mashg‘ulotlarda keskin o‘ynash ta’qiqlangan. Shuningdek, braziliyalik mashg‘ulotlarda va o‘yin payti himoyaga qaytmaslik huquqiga ega. Esingizda bo‘lsa, u bir safar muxlis bilan urushib ketgan. Shundan so‘ng Parij klubi yangi shartnomada uning odobli yigit bo‘lishi uchun oyiga 541 000 evro pul to‘laydi.
Bundan tashqari, "jim yur", deb nomlangan bonus ham mavjud. Unga ko‘ra, Neymar jamoadoshlari va murabbiylarni tanqid qilmasligi uchun unga yillik 6.5 million evro pul beriladi. Haqiqiy telbalik, bunday huquqlarga ega inson hech qachon o‘z ishini sitqidildan bajarmaydi. Jamoada bir futbolchi cheksiz kuchga ega bo‘lsa, muhit yaxshi bo‘lmasligi ehtimoli juda katta.
Betakror harakatlar egasi va ko‘pchilikning sevimli futbolchisi so‘nggi vaqtlarda faqat ko‘z yoshlar hamda mag‘ulubiyatlar bilan birga eslanmoqda.
PSJga markaziy hujumchi kerak
Neymar qolsa, uni qaerga qo‘yish kerak? Yozda Skamakka hujum markaziga olib kelinishi kutilmoqda. Janluka, Neymar, Messi va Mbappe bilan birgalikda Parij klubi Evropa Chempionlar ligasida kelgusi mavsum g‘alaba qozonish talab qilinadi. Shuningdek, maydon markazida kreativ Veratti ham mavjud. Biroq PSJning himoyasidagi muammolarni inkor qilib bo‘lmaydi. Ayniqsa, Donnarumma bu jamoaga o‘tganidan afsusda. Umuman olganda, ko‘pchilik afsuslanadi.
Neymar "Barselona"ga qaytmoqchi edi, biroq moliyaviy muammolar bunga to‘sqinlik qildi va hatto bu holat Messining rejalarini barbod qildi. Ayni vaqtda u ham PSJda. Noilojlikdan. Agar imkon bo‘lsa, u albatta kataloniyaliklar safida qolgan bo‘lardi.
Klanlarga bo‘linib ketgan PSJni yana bir jamoa qilish biroz qiyin. Neymar ham tez-tez lazaretda. Uning fikricha, bu jarayon uning qancha uxlashi, mashg‘ulot o‘tkazishi yoki nima ichishiga bog‘liq emas.
Ayni vaqtda parijliklar natijaga erishish uchun forvard hamda markaziy hujumchi xarid qilishi lozim. Shuningdek, klub birinchi imkon bo‘lishi bilanoq Neymarni sotsa kerak. Biroq ayni damda yuqori maoshli "bosh og‘riq" kimga ham kerak.
Shubhasiz, Neymar dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri. Bir necha yillar davomida u Messi va Ronaldu bilan bir qatorda tilga olindi. Biroq u mazkur qatorni erta tark etdi. Iqtidor tomonlama braziliyalik vinger o‘sha ikki dahodan ham ustun deydiganlar topiladi. Shunday bo‘lsa-da, iqtidorning o‘zi etarli emas. Stabillik, o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashish va yana bir qator elementlar professional futbolchi uchun muhim hisoblanadi. Men yuqorida Neymarning yaxshi hislatlari yoki jonkuyarligi haqida fikrlar yozishim mumkin edi. Biroq unda na jonkuyarlik bor va na maqtasa arzigulik yaxshi hislatlar. Hozirgi Neymarda bor narsa faqat iqtidor. Tobora so‘nib borayotgan iqtidor. Shu xolos!
Xudayqulov Karim maqolasi
Fikrlar