
Jaloliddinovni "Lokomotiv"da nimalar kutmoqda? Yoxud uni yaxshi bilgan murabbiy yangi legionerimizning imkoniyatlari haqida gapirdi
Oxirgi paytlarda Eldor Shomurodov va Oston O‘runov singari Jasur Jaloliddinov ham barchaning diqqat-markazida bo‘lib turibdi. Axir 18 yoshli o‘smirning “Lokomotiv”dek klubga ko‘chib o‘tganidan keyin unga bo‘lgan e’tibor ortishi tabiiy-da.
Jaloliddinov orqali yurtimizda yana ko‘plab iqtidorlar borligini his qilish mumkin. Uning uchun katta futboldagi sarguzashtlari endi boshlanyapti va muhimi Moskvaning “Lokomotiv” klubiga o‘tishi orqali faoliyatida jiddiy qadamni tashladi. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, o‘zimizda va Rossiyada legionerlarimiz, jumladan Jaloliddinov borasida ham bir qator fikrlar hamda munosabatlar bildirilyapti. Uning imkoniyatlari tahlil qilinmoqda. Jasurni esa baribir o‘zimizdagi murabbiylarchalik boshqalar hali yaxshi bilishmaydi. Shuning uchun hozircha Jaloliddinov borasida va uning imkoniyatlarini to‘g‘ri chamalay olishni o‘zimizdagi, uni yaqindan biladigan mutaxassislar yaxshiroq bilishadi.
Bu borada gap ketarkan, ayniqsa O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jaev Jasur Jaloliddinovni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, G‘ulomxo‘jaev ham qo‘li ostida to‘p surgan yosh futbolchining katta futbolga qanday kirib kelgani, nimalarga qodirligi va “Lokomotiv”dagi imkoniyatlari xususida batafsil gapirdi.
- Jasurning birinchi murabbiyi navoiylik Asror Pirnazarov, - deya gap boshladi, G‘ulomxo‘jaev. - 2000 yillarda tug‘ilgan futbolchilar bilan ishlab yurganimda Samarqandda turnir tashkil etilgandi. O‘shanda navoiylik murabbiy jamoasi bilan kelgandi va Jaloliddinov u paytda kichkina bola edi. O‘sha erda uning o‘yinini ko‘rib, so‘ng murabbiyi, buvisi va tog‘asi bilan gaplashganmiz. Natijada “Bunyodkor” akademiyasiga olib kelganmiz. Bu erda esa uning murabbiylari marhum Akmal Risqullaev bilan Sergey Chigodaev edi. Men esa faqat uning Toshkentga kelib qolishida sababchi bo‘lib qolganman. Keyinchalik yoshlar terma jamoasini qabul qilib olganimdan keyin Jaloliddinovning iqtidorini bilgan holda tarkibga jalb qilganman. O‘sha paytda olimpiya terma jamoasini boshqargan serbiyalik murabbiy ham Jasurga e’tibor qaratayotgandi. To‘p bilan xotirjam muomala qiladi, texnikasi yuqori va aqlli fikrlaydi. To‘g‘ri, bo‘y jihatdan kichikroq. Shuningdek, jismoniy tomondan kimdandir ortda qolishi mumkin. Qolaversa, uni ham himoyalanishga o‘rgatsa bo‘ladi. Terma jamoada ishlaganimizda ham bu haqida unga tushuntirishlar olib borganmiz. Jasur murabbiyning gapini darrov “iladigan” bola. Ba’zi joylarda esa uni jismoniy jihatdan Rossiya chempionatiga to‘g‘ri kela olmaydi, imkoniyatlari etmaydi, qabilidagi gap-so‘zlarni eshitib turibmiz. Ammo Evropada jussasi kichkina bolalar qanday o‘yin namoyish etishayotganini ko‘ryapmiz. Lekin men Jasurni qanday inson va qanday oiladan ekanligini yaxshi bilaman. U ko‘p narsaning qadriga etadigan bola. Jaloliddinov o‘z oldiga maqsad qo‘ygan va mana endi o‘zi orzu qilayotgan joyga ketdi.
O‘zi bilan ham har kuni gaplashyapman. Bu men uchun tramplin, bu erga nima uchun kelganimni yaxshi bilaman, bunday chempionatda o‘zimni yo‘qotib qo‘ymayman, deyapti. Uning o‘ziga ishonayotgani bu yaxshi. Ma’lum bo‘lishicha, “Lokomotiv” mashg‘ulotlaridan keyin alohida murabbiy u bilan qolib jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ishlamoqda. Nasib bo‘lsa, Jasur ham Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov kabi darajaga chiqa oladi. Bu uning qo‘lidan keladi. Hatto, uni bundan-da, yuqoriga ko‘tarila olishiga ishonaman. Jaloliddinov hozir go‘yoki boshqa dunyoga tushib qolgandek. Uning uchun xursandman.
Jasurning keyingi taqdiri qanday kechadi? Ikkala klub o‘rtasidagi kelishuvga aralashish niyatim yo‘q. Ammo men ham uning ijaraga qaytishi mumkinligi haqida eshitdim va bu haqida futbolchining o‘zi bilan gaplashdim. Lekin Jasuring aytishicha, klubda futbolchimizga bo‘lgan munosabat boshqacha, hattoki bo‘lajak Superkubok o‘yinida maydonga tushishi ham ehtimoldan holi emas. Lekin unutmaslik kerakki, “Lokomotiv”da raqobat kuchli. Hech bo‘lmaganda, klub uni mavsum oxirigacha boshqa jamoaga ijaraga berishi mumkin. Lekin umumiy ma’noda aytganda, “Lokomotiv”dagilar Jasurning o‘yinida nimanidir ko‘rishgan va unga ishonishyapti. O‘zbekistonda yana shunga o‘xshagan iqtidorlar ko‘proq chiqsin, chunki bizda yana shunday yoshlar bor. Faqat ularni yoshlikdan topa bilish kerak. Shu bilan birga katta futbolda ularga ishonib, qo‘rqmasdan o‘ynatish lozim. Ammo yoshlarga ishonch bildirib o‘ynayotgan murabbiylar sanoqli. Ular kimlar? Ro‘ziqul Berdiev, Vadim Abramov va Mirjalol Qosimov. Qolgan murabbiylar esa mendan xafa bo‘lishmasin, - dedi Otabek G‘ulomxo‘jaev.
Fikrlar