Islom Ahmedov: «Surxon» va «Dinamo»ning Superligaga qo‘shilganini qo‘llab-quvvatlayman

  • 11 mart, 2019, 10:35
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Taniqli futbol ekspertlaridan biri Islom Ahmedov o‘zining chuqur mulohazalari va futbolga bo‘lgan qarashlari bilan boshqalardan ajralib turadi. OFK instruktori murabbiylarni o‘qitish jarayoniga ham jiddiy e’tibor qaratadi. Ayni paytda Toshkentda «V» litsenziyasi uchun o‘quv-kursini boshqarib bormoqda. Undan oldin esa bir oy davomida Osiyo Kubogi musobaqasini kuzatib, OFKning tahliliy guruhida ishlab qaytdi. Kuni kecha Ahmedov bilan muloqot qildik va unda murabbiylik o‘quv-kurslari, Superligada klublarning soni oshirilganligi, Osiyo Kubogi va terma jamoamiz haqida gap bordi.

Tecno

«Murabbiylarda qiziqish katta»

- O‘qish jarayonlarimiz a’lo darajada o‘tyapti. Qiziqish juda katta. Yangicha uslub va yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib boryapmiz. Hozirgi o‘quv-kurslarimizda asosan viloyatlardagi akademiyalarning murabbiylari qatnashishyapti. Hamma hududlardan kelishgan va har bir viloyat akademiyasidan eng kamida ikki nafardan murabbiy qatnashyapti. Biz murabbiylarni o‘qitish jarayonida yangi dastur asosida ishlashga o‘tganmiz. Murabbiylar besh kun o‘qiydi, keyin hamma o‘z ish joyiga borib bir oy davomida biz bergan topshiriqlar bo‘yicha ishlashadi. Keyin yana o‘quv-kurslarini tashkil etamiz va ulardan biz bergan topshiriqlarni qanchalik bajarishganini ko‘rsatib berishadi. O‘sha bir oy davomida ular men bilan har kuni aloqada bo‘lishadi. «V» litsenziya uchun o‘qish oldin ikki hafta bo‘lardi. Endi esa to‘rt oy davom etadi. O‘sha to‘rt oy ichida ular doimiy ravishda nazoratimizda bo‘lishadi.

«O‘FA bilan PFLga besh ketdim»

- Esingizda bo‘lsa, ancha oldin OAV vakillari men bilan suhbatlashishgandi. U paytda Diyor Imomxo‘jaev jurnalist edi. O‘shanda men chempionatimizda klublar soni 16 ta bo‘lishi kerakligi haqida aytgandim. Keyin esa Diyor bunga qarshi chiqib, jamoalar 16 ta emas, 12 ta bo‘lishi kerak degandi. Xullas, hozir chempionatimizda 14 ta jamoa bo‘ldi va endi keyingi qadam 16 ta bo‘ladi. Hozirgi vaziyatga real qaraylik, O‘FA bilan PFL klublarga bo‘lgan talabni kuchaytirishdi. Bu esa albatta yaxshi holat. Agarda klublar talablarni bajarishda davom etishsa va chempionatimiz geografiyasini oshirib, klublar sonini ortishiga extiyoj bo‘lsa, unda albatta ishtirokchilar vaqti kelib 16 taga oshiriladi. Masalan, har bir klubning o‘z akademiyasi bo‘lishi shart va majbur. Nafaqat qog‘ozda, balki amalda ham bo‘lishi kerak. O‘FA bilan PFL esa bunga jiddiy qarayapti va klublardan talab qilyapti. Aynan shu tomondan o‘z pozitsiyasida qat’iy turayotgani uchun ushbu tashkilotlarga besh ketdim. Axir har bir klub o‘z akademiyasiga ega bo‘lsa, bilasizmi, bu o‘zbek futboli uchun qanchalik foydali bo‘lishini? Bu juda kerakli narsa. Buning foydasi nihoyatda katta bo‘ladi.

«Surxon» bilan «Dinamo»ning Superligaga qo‘shilganini qo‘llab-quvvatlayman»

- Endi «Surxon» bilan «Dinamo»ning qo‘shilganiga kelsak, bu yoqda yana «Mash’al» qolib ketgani haqida gapirishyapti. «Mash’al» - bu Qashqadaryo viloyati jamoasi. U erda esa «Nasaf» bor va ushbu klubda hamma infrastruktura a’lo darajada yaratilgan. Albatta, «Mash’al»da ham infrastruktura bor. Lekin moliyaviy tomondan ular kafolat bera olishlari qiyin. Termizning «Surxon»i esa viloyatning bosh jamoasi hisoblanadi. «Dinamo» ham xuddi shunday, Samarqand viloyatining bosh jamoasidir. Men bu qarorga 100 foiz qo‘shilaman. Faqat qo‘yilayotgan talablarni bajarish vazifasini oxirigacha nazorat qilishsin. Har bir viloyatda futbolni rivojlantirish masalasini men har doim qo‘llab-quvvatlayman. Masalan Xorazm va Qoraqolpog‘iston tomonlarda ham futbolni rivojlantirish lozim. Baribir mamlakatimizda futbol birinchi raqamli sport turi hisoblanadi. Agar O‘FA bilan PFL mana shunday jiddiy talablarni qo‘yib tursa, bu futbolimizning ravnaqi uchun albatta katta turtki beradi. Jamoalar faqatgina asosiy tarkibini kuchaytirishi bilan ish bitib qolmaydi. Futbol klubi tashkil etilganmi, u har tomonlama rivojlangan bo‘lishi kerak.

«Osiyo Kubogida OFK jiddiy muammoga yo‘liqdi»

- 9 mart kuni Malayziyaga ketaman. U erda 11-13 mart kunlari Osiyo Kubogida qatnashgan barcha terma jamoalarning bosh murabbiylari ishtirokida konferentsiya o‘tkaziladi. O‘sha erda biz hammasini yana bir bor tahlil qilib, yakuniga etgan chempionat haqida gaplashamiz. Lekin, bilasizmi, Osiyo Kubogiga kuchli terma jamoalar tomonidan tayyorgarlik etarli darajada bo‘lmadi. Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron va Avstraliyani nazarda tutyapman. Nimagadir ular bu musobaqaga u qadar jiddiy qarashmadi. Ular uchun bu asosiy turnir emasdi. OFK esa bu borada katta muammoga duch kelib qoldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, ushbu jamoalarning o‘yin sifati kerakli darajada bo‘lmadi. OFKda bo‘ladigan yig‘ilishda mening ham fikrlarimni so‘rashadi va hammaga shu gaplarimni aytaman. E’tibor bersangiz, ushbu termalar boshqa paytda kuchliroq ko‘rinishadi. Balki Osiyo Kubogini jahon chempionatidan oldin o‘tkazish kerakmikin? Chunki Osiyo Kubogi jahon chempionatidan keyin o‘tkazildi. Lekin bizning musobaqaga ham qiziqish kuchaysin. Masalan, O‘zbekiston U-23 Osiyo chempioni bo‘ldi. Ammo o‘sha musobaqada aksariyat jamoalar o‘zlarining yosh tarkiblarini olib kelishdi. Nimagadir musobaqalarimizga kerakli darajada e’tibor bo‘lmayapti. Osiyo Kubogi ham xuddi shunday bo‘lib qoldi. Ekspret sifatida BAAdagi Osiyo Kubogidan qoniqmadim. Bundan ko‘prog‘ini kutgandim. Jamoalar kelajakni o‘ylab boshqa tarkiblar bilan kelishdi. Kuchli o‘yinchilari kelishmadi. Kelajak esa bu Qatar-2022. Terma jamoalar aynan navbatdagi jahon chempionatini o‘ylab, futbolchilarini Osiyo Kubogi yoki boshqa musobaqalar orqali saralab olishyapti. Natijada qit’amizdagi turnirlarga jiddiy munosabatda bo‘lishmayapti.

«Qanday muammoga duch keldik? Kuper esa hech nima demayapti»

- Men Ektor Kuperga tushunmadim. Osiyo Kubogidan keyin bosh murabbiy murabbiylar bilan yig‘ilib, o‘z fikrlarini bildirmadi. O‘zbekiston terma jamoasida asosan o‘zimizning o‘yinchilar o‘ynashyapti. Jamoamiz esa nimchorak finaldan qaytib keldi. Shunday ekan, o‘zimizning mutaxassislarni chaqirib, bu muvaffaqiyatsizlikni birgalikda tahlil qilishmaydimi? Qanday muammoga duch keldik? Kuper shular haqida aytishi kerak emasmi? Xo‘sh, endi klublarda futbolchilar bilan yana nimalarning ustida ko‘proq ishlashlari kerak? Kuper shular haqida gapirmaydimi? Matbuot anjumani yoki hisobot bersin demayapman, shunchaki unga professional yo‘nalishni aytyapman xolos. Murabbiy o‘zbek futbolida qanaqa muammo borligini aniq aytishi kerak. Murabbiylar esa shunga qarab ishlashlari lozim. Lekin hali hech kim hech nimani bilmaydi. Tanqid esa bu boshqa narsa. Futbolni yaxshi tushunmaydiganlar tanqid qilishyapti.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!