Husanov “Siti” teshigini “devor” bo‘lib yopyapti

  • 16 sentabr, 07:16
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Manchester derbisi Angliya Premer-ligasining to‘rtinchi turini bezab bergan uchrashuvlardan biri bo‘ldi. “Etixad” arenasidagi bahsda “Manchester Siti” futbolchilari “Manchester Yunayted” darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritdi.

Tecno

Ayni paytda turli manbalar o‘yinni tahlil qilib, xulosalarni muxlislar bilan bo‘lishmoqda. Nufuzli manbalardan biri – The Athletic nashri o‘z tahlilini Abduqodir Husanovga bag‘ishladi.

Sports.uz portali tahlilni amalga oshirgan ekspert Jordan Kempbell fikr-mulohazalari va xulosalarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

- “Manchester Yunayted” etakchisi Brunu Fernandesh hujumlarni tashkil qilish chog‘ida bor e’tiborini "Manchester Siti”ning o‘ng qanotiga bosim o‘tkazishga qaratdi. Tajribali portugaliyalik pleymeyker raqibning eng nozik nuqtasi aynan o‘ng  qanot himoyasi ekanini aniq bilardi. Bu bejizmas, albatta. “Tottenxem”ga 0:2 hisobida boy berilgan uchrashuvda Riko Lyuis bu pozitsiyada juda bo‘sh o‘ynadi. “Brayton”ga qarshi 1:2 hisobida yakunlangan bahsda o‘ng qanot himoyachisi Mateush Nunesh xatoga yo‘l qo‘yib, penaltiga sababchi bo‘ldi.

Kayl Uoker ketganidan beri o‘ng qanot himoyasi Xosep Gvardiolaning bosh og‘rig‘iga aylangan. O‘yinchilardan hech biri  bu pozitsiyada ishonchli o‘ynay olmayapti.

“Yunayted” bilan o‘yinda to‘p aynan shu pozitsiyaga kelib, Patrik Dorgu uni egallab olganida, “Etixad”dagi muxlislar xavotirga to‘ldi. “Siti”ning barcha o‘yinchilari sekinlashtirilgan kadrdagidek harakat qildi. Faqatgina Abduqodir Husanov bundan mustasno.

Dorgu to‘pni o‘ziga to‘g‘rilab olgunicha o‘zbek futbolchisi kamida 20 metrdan o‘qdek uchib keldi, raqibni elkasiga urildi. Bu ochiq fol edi. Gvardiola ham bosh chayqashdan boshqa iloj topolmadi.

Lekin bu Husanov butun o‘yin davomida yo‘l qo‘ygan birgina xato edi xolos. Nega aynan mana shu epizod e’tibor tortyapti?

Gap shundaki, asli markaziy himoyachi bo‘lgan va bu gal o‘ng qanotda o‘ynagan o‘zbek himoyachisi vaqtini nozik harakatlarga sarflamaydi. Uning futboldagi qoidasi shunday: to‘pni ko‘rdim, to‘pga hujum qildim va to‘pni oldim!

To‘g‘ri, Abduqodir qo‘pol o‘ynashi mumkin, lekin uning qat’iyati va ishga o‘zini bag‘ishlashi jamoaga qat’iy harakatlar etishmayotgan hududda juda ishonchli va barqaror elementga aylanadi.

“Yunayted”ga qarshi uchrashuvda o‘zbek futbolchisi ko‘p bor podkat tashladi va muhimi, buni o‘z vaqtida amalga oshirdi. O‘yin davomida 12 ta himoyaviy harakatni samarali yakunlab, bu borada peshqadamlardan bo‘ldi. Etti marotaba to‘pni boshi bilan uzoqlashtirdi.

Husanov derbida qudratli figuraga aylandi. Qizig‘i, “Manchester Yunayted”ning sobiq futbolchisi Roy Kin mahalliy futbolchilarda shiddat etishmasligini tanqid qilgan pallada Husanov  Roy Kin kutgan o‘yinni namoyish qildi, ya’ni “qarshingda “qizillar”ni ko‘rdingmi, hammasini qulat”, qabilida o‘ynadi.

Aslida “shaharlik” fanatlar yanvarda “Lans”dan kelganidan beri endigina 13-uchrashuvini o‘tkazgan futbolchini aynan mana shunaqa keskin va shiddatli  harakatlari uchun yaxshi ko‘rib qolgan.

“Manchester Siti”ga qarshi hujumlarda va yuqori chiziqli himoyani qo‘llashda tezlik etishmasligi muammoga aylangan va bunday vaziyatda aynan tezkor Husanov Gvardiolaning asosiy quroliga aylanib bormoqda.

“Manchester Siti” yozda nega muammoli hudud – o‘ng qanot himoyasiga yangi ijrochi olmadi?

Klub bozorni o‘rganmoqda. Gvardiolaning har bir pozitsiyada o‘ynaydigan ijrochiga aniq talablari bor. Keladigan futbolchi top-darajada bo‘lishi kerak. Skautlar bir necha nomzodlarni taklif qildi. Asosiy nishon “Nyukasl”dagi Tino Livramento edi. Klub transferga urinib ko‘rdi, lekin rad javobini oldi.

Murabbiylar shtabi tarkibdagi boshqa futbolchilarni o‘ng qanot himoyasiga moslashtirishga harakat qilyapti.  Yil boshida ular Mateush Nuneshdan qanot himoyachisini yasashga urinib ko‘rishdi. Keyin bu pozitsiyaga Riko Lyuis qo‘yildi. Lekin ikkisi ham ishonchni oqlagani yo‘q.

Shu bois, derbida o‘ng qanot Husanova topshirildi. To‘g‘ri chiziqli himoya – Abduqodirning kuchli tomoni hisoblanadi. Uning tezligi baland, to‘p uchun kurashda aql bilan harakat qiladi. Zamonaviy APLda Husanovning xususiyatlari hujumkor o‘yin ko‘rsatadigan jamoa uchun ideal darajada qo‘l keladi.

Bundan tashqari, Gvardiola Husanovga uchrashuvlar davomida yaxshiroq ochilish, hujumga qo‘shilish kabi yangi va muhim fazilatlarni singdirib boryapti. To‘g‘ri, Husanov qanot himoyachida o‘ynab, Riko Lyuis singari maydon markaziga bormaydi yoki Mateush Nunesh darajasida qanotlardan muntazam hujumga o‘tib ketmaydi, ammo u orqa chiziqda bugungi kunda eng muhim narsa – ishonchli himoyani ta’minlab beradi.

Husanov himoya markazida zo‘r o‘ynaydi. “Brayton”ga qarshi bahsda jarohat olgunicha o‘z pozitsiyasini mustahkam qo‘riqladi. Ammo u zaxiraga olinganidan keyin “Siti” himoyasi sezilarli darajada sustlashdi. Endi Yoshko Gvardiolning safga qaytgani derbida Husanovga o‘ngga surilib o‘ynash imkonini berdi.

Abduqodirga baho berganda bu o‘yinchi 21 yosh ekanini, ilgari “Bunyodkor”ning yoshlar jamoasida o‘ynaganini, professional faoliyatini 2022 yilning martida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshlaganini inobatga olish kerak. Husanov Frantsiyada “Lans” uchun 31 ta uchrashuv o‘tkazgan holida Angliya Premer-ligasi nazariga tushdi.

“Real” va “Nyukasl” bilan raqobatda Husanovni qo‘lga kiritgan “Manchester Siti” boshida uni kelajak uchun transfer qilib, sekin-asta tarkibga qo‘shib borishni reja qilgandi. Vaziyat taqozosi bilan yosh himoyachi Angliyaga kelishi bilan katta sinovlarga ro‘baro‘ keldi.

Husanov jismoniy kuch-quvvatiga tayangan holda mag‘lubiyatli vaziyatlarning etmish foizida holatni o‘z foydasiga o‘zgartirib yuborish qobiliyatiga ega. Uning bu xususiyati himoyada mustahkam poydevor o‘rnatishga harakat qilayotgan “Manchester Siti” uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda Husanov – Xosep Gvardiola jamoasiga xalaqit qilayotgan eng katta muammolarga echim bo‘la oladigan eng ishonchli variantdir, - deb yozdi The Athletic nashri tahlilchisi Jordan Kempbell.

BBC: Husanovga alohida rahmat!

Husanov Gvardiolani lol qoldirdi...

Husanov Lamin Yamalni to‘xtata oladimi?

Shomurodov qaysi mashhur klublarga gol urgan?

“Manchester Yunayted” yulduzlarini o‘tkazmagan Husanovning o‘yini qanday baholandi?

Gol urgan Shomurodov haqida ustozi nima dedi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!