
Husanov, senga jiddiy raqobatchi keladi!
“Manchester Siti” bosh murabbiy Xosep Gvardiola tarkibni yangilash siyosatini davom ettirmoqda. Yanvar oyida jamoaga Abduqodir Husanovning kelishi bilan boshlangan bu jarayoni hali hamon yakunlangani yo‘q.
Ispaniyalik murabbiy bir necha yulduzlarga javob berib yubordi, asosiy tarkibga kira olmayotgan o‘yinchilarni ijaraga jo‘natdi. Xususan, markaziy himoyachilardan Manuel Akanji Turkiya chempionatiga yo‘l oldi va katta ehtimol bilan yozda “shaharliklar” bilan xayrlashadi. Bu pozitsiyaning yosh vakillari – Vitor Reys va Maks Alleyn tajriba oshirish uchun “Jirona” va “Uotford”ga yuborildi.
Himoya markazi vakillaridan yoshi o‘tib qolgan Natan Ake zaxira o‘yinchisiga aylandi. Jon Stounz esa, jarohatlarga moyil bo‘lib qolgani va tiklanishi boshqalarga nisbatan uzoqroq vaqt talab etayotgani mavsum boshidayoq o‘z isbotini topdi. To‘g‘risini aytganda, yoshi katta bu ikki markaziy himoyachining ham klubdagi kelajagi mavhum.
Xosep Gvardiola jamoa himoyasi kelajagini Abduqodir Husanov, Ruben Diash, Yoshko Gvardiola singari o‘yinchilarga bog‘lagan. Biroq grand klublar uchun bu kamlik qiladi. Rotatsiya imkoniyati kengroq bo‘lishi kerak va albatta, o‘sish uchun ichki raqobat o‘ta zarur. Ana shu maqsadda, “Manchester Siti” Angliya Premer-ligasining eng zo‘r markaziy himoyachilaridan Mark Gexini olmoqchi.
“Kristal Pelas” sardori yozgi transferlar vaqtida “Liverpul”ga o‘tishga yaqin kelgan edi. Ayrim sabablarga ko‘ra, bu transfer oxiriga etmay qoldi. Mark Gexining “Kristal Pelas” bilan shartnomasi mavsum oxirida tugaydi. “Liverpul” uni yozda tekinga qo‘lga kiritmoqchi.
Biroq “Kristal Pelas” rahbariyati shartnomani uzaytirishga ko‘nmagan sardorini yanvarda sotib yuborib, pul ishlab olishni reja qilyapti. “Shaharliklar”esa, shundan foydalanib qolmoqchi.
Daily Mirror nashrining yozishicha, “Manchester Siti” Gexini qo‘lga kiritishi oson bo‘lmaydi. Chunki Angliya terma jamoasining 25 yoshli himoyachisi “Real”, “Barselona”, “Bavariya”, “Inter” va “Yuventus” kabi grand klublar ko‘z tikmoqda. Ularning bari transferni yanvarda amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
“Manchester Yunayted” Gvardiola ko‘zlagan o‘yinchini olib ketmoqchi
Italiyaning “Inter” va Niderlandiya milliy terma jamoasi qanot himoyachisi Denzel Dyumfris anchadan beri Angliya Premer-ligasi klublari nishonida turibdi.
Football Insider nashrining yozishicha, 29 yoshli futbolchini Xosep Gvardiola “Manchester Siti”ga olib kelishni istayapti. Manbaga ko‘ra, endi o‘yinchi uchun kurashga “Manchester Yunayted” ham qo‘shildi.
Manchesterning har ikki klubi ham Denzel Dyumfrisni yanvardagi qishki transferlar oynasi davrida olib kelishga urinib ko‘radi.
Denzel professional faoliyatini o‘z yurtida boshlab, Niderlandiyaning bir necha klublarida mahorat oshirgan. “Inter” bu o‘yinchini 2021 yili 14,5 million evroga transfer qilgandi. Ayni paytda milanliklar bilan yana uch yillik shartnomaga ega himoyachi 35 million evroga baholanmoqda.
Gvardiola Xolandga kutilmagan bahoni berdi
“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoaning asosiy to‘purari Erling Xoland namoyish qilayotgan o‘yinga favqulodda yuqori baho berdi.
Norvegiyalik futbolchi “Manchester Yunayted” bilan bo‘lgan derbida dubl qayd etib, yangi chempionatdagi gollari sonini beshtaga etkazdi va to‘purarlar poygasida peshqadamga aylandi.
- Erling aqlbovar qilmas darajada zo‘r o‘ynayapti. Bu mavsum har qachongidan ham zo‘r. Hatto Xoland hozir trebl yutgan mavsumimizdan ham kuchli o‘ynayapti, deyishim mumkin.
Uning dinamikasi juda yuqori, biz u muntazam gol urishi va jamoamizga g‘alaba qozonishda yordam berishini istaymiz, - dedi Xosep Gvardiola.
Eslatib o‘tamiz, 25 yoshli hujumchi o‘tgan yili “shaharliklar” bilan amaldagi shartnomasini uzaytirib, 2034 yilning 30 iyunigacha Manchester klubida qolishga rozilik bergan.
Fikrlar