"Hech qanaqa bahonaga o‘rin yo‘q" - Aliqulov "Mash’al"ning o‘ta yirik hisobdagi mag‘lubiyatiga qanday izoh berdi?

  • 29 iyun, 00:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 14-turida “Mash’al” Namanganda “Navbahor”ga qarshi uchrashuvda o‘z darvozasidan javobsiz 6 ta gol o‘tkazib yubordi. Natijada muborakliklar 6:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

Tecno

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida “Mash’al” bosh murabbiyi Asror Aliqulov jurnalistlarning savollariga javob berdi.

- O‘yin boshidan muvozanatni yo‘qotdik va gol o‘tkazib yubordik. Bugungi mag‘lubiyat uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. O‘yinni juda yomon boshladik. Keyinchalik o‘yinga kirishishga harakat qildik. Qarshi hujumda yana gollar o‘tkazib yubordik. Murabbiy tomonlama tarkib tanlashda ham xatoga yo‘l qo‘ydik, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

- Bugungi o‘yinda xatolar ko‘p bo‘ldi. Bu nima bilan bog‘liq?

- Xato – bu texnik qobiliyat yoki bosim ostida futbolchilarni to‘p bilan muomalasi, fikrlashi...”Navbahor”ni tezkor qarshi hujumlarida ikki qanot futbolchilari – Odilov va Jiyanov tezkorligi haqida o‘yinchilarimizga uqtirgandik. Lekin ko‘p to‘p yo‘qotdik. Yigitlar bosim ostida o‘ynay olishmadi. To‘p yo‘qotishimiz natijasida “Navbahor”ni eng kuchli quroli bo‘lgan qarshi hujumlarga tez chiqib ketishiga yo‘l qo‘yib berdik.

- Yozgi tanaffusda jamoani kuchaytirish imkoniyati bormi?

- Hamma vaqt bu savolni tarkibdan kelib chiqib aytishadi. Kuchaytirishimiz shart degan so‘zni har doim aytaman. Ayrim chiziqlarda futbolchilarimizda tezligi bo‘lsa, boshqa qobiliyati etishmaydi. Superligada temp juda baland. Bunga dosh bera oladigan va bosim ostida ham o‘ynay oladigan futbolchilar zarur. Shu tomonlama kamchiliklar futbolchilarimizda bor. Ikkinchi davrada shu saviyaga mos futbolchilarni olishimiz kerak.

- Bunday yomon o‘yin ko‘rsatishinglarga asosiy sabab nimada? Holbuki, safarda “Neftchi” va “Qo‘qon-1912”ga qarshi uchrashuvlarda jamoa juda yaxshi o‘yin ko‘rsatgandi.

- Buni charchoq yoki issiq ob-havoni hech qanaqa aloqasi yo‘q. Bu quruq bahona. Bitta maydonda ikkala jamoa o‘ynadi. Bu ko‘proq o‘yinga tayyorgarlik bilan bog‘liq. Futbolchilarni tayyorlashga harakat qildik. Baribir bellashuv boshidan qaerdadir muvozanat etishmadi, tezlik borasida ham oqsadik. Tan olish kerak, gollarda “Navbahor” futbolchilarining mahoratini ham hisobga olish kerak. Birga-bir holatlarning asosiy qismida ular yutib chiqaverdilar. Ikkala qanot o‘yinchilari juda yaxshi va tezkor o‘yin namoyish qildilar. Qandaydir biz tayyor emasdek ko‘rindik. To‘pni nazorat qildik va yo‘qotdik, natijada qarshi hujumlarda gollarni o‘tkazib yubordik. Hech qanaqa bahonaga o‘rin yo‘q. Biz har tomonlama “Navbahor”ga yutqazdik.

- Fikringizcha, bu yilgi Superligada kimlar favorit va kimlar ligani tark etishi mumkin?

- Favoritlarni aytishim mumkin. “Nasaf”, “Paxtakor”, “Neftchi” va “Navbahor”. OKMKni ham hisobda chiqarmaslik kerak. Pastki qismga kelsak, ikkinchi davrada ko‘proq qaysi jamoalar kuchayadi, ko‘p narsa shunga bog‘liq. Hozirdan biror narsa aytish qiyin. Tarkib tomonlama yuqoridagi beshta jamoa ajoyib tarkibga ega.

- O‘zbekiston Kubogi to‘g‘risida fikrlaringiz qanday?

- Kubok musobaqasini kuchli jamoalar tark etdi. “Neftchi” bilan o‘yindan keyin aytgandim, hamma uchrashuvlar ham o‘xshayvermaydi. Tayyorgarlik ko‘rdik, qaerdadir “Neftchi” sustkashlikka yo‘l qo‘ydi. Bugungi o‘yinga ham tayyorgarlik ko‘rdik. Afsuski, umuman boshqa bo‘ldi. O‘yinchilarimiz oddiy holatlarda to‘p yo‘qotishdi, to‘p uzatishlarida xatolik, shu bois ham o‘yinlarda oldindan qaysidir klubni 100 foiz g‘alaba qozonadi, deb aytish qiyin. Beshta jamoadan tashqari yana boshqa yaxshi klublarimiz ham bor. Ular ham xohlagan jamoa ustida yutishlari mumkin.

- Bu yilgi maqsad qanaqa va akademiyadagi yoshlarni etishtirish qanday yo‘lga qo‘yilyapti?

- Selektsiya tomonlama ozgina qiyin holatda edi. Chunki jamoani Superligada qatnashish yoki qatnashmasligi oxirgi vaqtlarga to‘g‘ri keldi. Shu sababli biz kechroq transfer ishlariga kirishdik. Jamoasiz bo‘lgan o‘yinchilar bilan tarkibni to‘ldirdik. Qiladigan ishimiz ko‘p. Yoshlarimizga kelsak, ularga e’tibor qaratilyapti. Lekin hali Superliga darajasiga chiqib o‘ynay oladiganlari yo‘q, buni tan olishimiz kerak. Ammo bu tomonlama ish olib borilyapti. O‘ylaymanki, yaqin vaqtlar ichida “Mash’al” akademiyasidan ham ajoyib o‘yinchilar etishib chiqadi. Maqsad – Superligada o‘z o‘rnimizni saqlab qolish.

- “Navbahor”ni o‘rganganingizda reja qanaqa edi?

- Bu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishda bosim uyushtirish maqsadi yo‘q edi. Asta-sekinlik bilan bo‘shliqni to‘ldirish kerak edi. Birinchi vaziyat bizda bo‘ldi. Birga-bir chiqdik, ammo gol ura olmadik. O‘sha holat o‘yinda burilish yasashi mumkin edi.

- Tezkor gol jamoangiz ruhiyatiga qanchalik ta’sir qildi?

- 3:0 dan keyin o‘yin hal bo‘ldi. Oradagi saviya borasida ham qiyin. Ruhiy tomonlama ham biz o‘yinga qayta olmadik. Harakat qildik, biroq bo‘lmadi. Gol ursak balki yana ishtiyoq oshishi mumkin edi. Lekin gol ura olmadik.

- Klubga e’tibor qanday va ichki muhit qay darajada?

- Shu haqida ko‘p savol berishadi. Homiy tomonlama hech qanaqa muammo yo‘q. Maosh va mukofot pullari ham o‘z vaqtida. Jamoaning o‘yinlarga etib kelishida ham muammo yo‘q. Ichki muhit yomon emas. Ko‘p rotatsiyaga qo‘l uryapmiz. Ko‘p futbolchilar buni tushunishga harakat qiladi. Ayrimlari tushunmaslikka harakat qiladi. Asosiysi, muhit yomon emas. Mag‘lubiyatni esdan chiqarib, keyingi o‘yinga tayyorlashimiz qoldi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!