
Hasanboy Do‘stmatov 16 noyabr kuni profida aniq debyut qiladimi yoxud uning Xitoydagi jangi nega qoldirildi?
Professional boksning birinchi o‘ta engil (-48,99 kg) vazn toifasida debyut jangini o‘tkazishi kutilayotgan Hasanboy Do‘smatovning jang sanasi o‘zgarganligi, uning 16 noyabr kuni Meksikada jang o‘tkazishi borasida xabarlar tarqalgan edi. Biz bunga oydinlik kiritish uchun bokschimiz bilan bog‘landik va uning nega Xitoydagi jangi o‘zgargani borasida, qolaversa Meksikadagi boks kechasidagi ishtiroki va uning yangi raqibi haqida savollar bilan murojaat qildik.
“ To‘g‘ri, Xitoyda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan jangim o‘zgardi. Sababi, viza masalasida ulgurishmadi. Shuning uchun, endi 16 noyabrda Meksikada ringga ko‘tarilishimni aytishmoqda. Lekin bu ham aniq emas. Raqib borasida ham shunday deya olaman. To‘laligicha aniqlik kiritilmagan. 100 foiz o‘sha kuni debyutimni o‘tkazaman deyish fikridan ham yiroqman. Chunki xabaringiz bor, dastlab, 30 noyabrda Monako, keyinchalik Xitoyda va mana Meksikaga o‘zgardi. Mabodo yana shunday holat kuzatilsa, muxlislarga ham erish tuyulishi turgan gap. Shunday ekan, to‘la ishonch bilan ayta olmayman. O‘zimga qolsa, qaerda va kim bilan jang qilishni ahamiyati yo‘q. Shunchaki tezroq bo‘lsa bo‘lgani. Lekin 16 noyabrga tayyorgarlik ko‘rayapman. Jang bo‘lish ehtimoli 90 foiz desam mubolag‘a bo‘lmas. Barchasi ijobiy yakunlansa, 13 noyabr kuni Meksikaga yo‘l olaman”-deya o‘z fikrlarini bildirdi Do‘smatov.
Fikrlar