Hakamlarni chalg‘itayotganlar ham jazolansin!

  • 29 noyabr, 2020, 20:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kuni kecha, O‘FA tomonidan hakamlarning bir qator o‘yinlarning natijalariga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani yuzasidan muhim xabar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, uch nafar Superliga hakami – Jasur Muxtorov, Timur To‘xtasinov va Asker Najafaliev jazolandi. 

Tecno

Bu ma’lumotga futbol jamoatchiligi jiddiy munosabatda bo‘ldi va o‘ziga yarasha reaktsiya keltirib chiqardi.

O‘zbek futbolida ko‘pni ko‘rgan va chuqur tahlil qila oladigan Islom Ahmedov hakamlar mavzusiga bog‘liq o‘zining qarashlarini quyidagicha ifodaladi:

-  Birinchidan, bu juda yaxshi. Chunki futbolni tozalash uchun qilinyapti, bu ishlar. Futbol esa doim toza bo‘lishi muhim. Nimaga deganda, maydonda hakamlarga ko‘p narsa bog‘liq. Hakam maydonda tartibni ushlab tursa, o‘yinga xalaqit bermasa, ana shunda o‘sish bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘FAning qilayotgan ishlari to‘g‘ri. Hamma narsa o‘yinga tegishli. Niyat qilamanki, bu boshlanishi. Uchta hakam jazolanganini hamma bildi. Ularning orqasida kim bor? Kim buni tashkil qiladi? Shularni ham jazolash kerak. Hakamlarni chalg‘itayotgan kim? Shu masalaga ham e’tibor berish kerak.

Maqsad yaxshi – futbolni tozalash. Ammo futbolni rivojlantirishga xalaqit berayotgan omillar bor edi. O‘zbekiston futboliga xalaqit berayotgan insonlarni jazolash tarafdoriman. Futbolga tegishli barcha insonlar yurtimizda bu sport turini qanday qilib rivojlantirish haqida o‘ylashsin. Engil yo‘l qolmasin, hamma murabbiylar o‘z ustida ishlashga jiddiy qarashi lozim. Shunday harakatlar bo‘lsinki, futboldagi insonlar qandaydir engil yo‘l bilan natijaga erishish haqida umuman o‘ylamasin. Bu shunchaki jazolash emas. Mana, uchta hakam chetlatildi. Endi boshqalar bundan jiddiy xulosa chiqarsin, yomon ishlarga qo‘l urishmasin. Hamma to‘g‘ri va sog‘lom raqobat bilan o‘zini ko‘rsatishining tarafdoriman.

Qarang, har bir mamlakat futbolda rivojlanish uchun o‘z yo‘lini topgan. Biz ham bu borada o‘z yo‘limizni topishimiz kerak bo‘ladi. Shunchaki, futbol toza bo‘lsin. Mutaxassislarni o‘rgatish, futbolchilarni tarbiya qilish, hammasida halollik bo‘ladi. Faqat bu gaplar tilda emas, amalda bo‘lsin. Biz rivojlanish bo‘yicha biroz kech qolyapmiz. Buni o‘z sohamdan kelib chiqqan holda aytyapman. Ko‘p o‘zgarishlarga qo‘l urish darkor. Bizda mexanizm bor, faqat sekin ishlayapti. Futbolimizga o‘z ishini yaxshi biladigan mutaxassislarni jalb qilishimiz muhim. Afsuski, futbolda yaxshi mutaxassislar kam. Balki bu gaplarimdan kimdir xafa bo‘lar, lekin har bir inson o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlasin. Hozir o‘z ishini biladiganlar chetda qolib ketyapti.

Mana, ko‘pchilik o‘zimizning murabbiylar haqida salbiy fikrlar aytadi. O‘zim ularni o‘qityapman, kimni nimaga qodirligini ko‘ryapman. Murabbiylar etarlicha. Ularga xalaqit bermaslik kerak. Yana qaytaraman, har sohada o‘z ishining mutaxassislari ishlashini xohlayman, - dedi Islom Ahmedov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!