
Gvardiola va Fayzullaev Husanovga qanday baho berdi?
Qishki transferlar vaqtida Frantsiya chempionatining “Lans” jamoasidan Angliyaning amaldagi chempioni “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgan Abduqodir Husanovning o‘yini hammaning diqqat markazida turibdi.
21 yoshli futbolchimiz Angliya futboliga juda tez moslashdi. Legionerimiz muntazam boshlang‘ich tarkibda maydonga tushmoqda. Eng muhimi, Abduqodir har bir uchrashuvni yuqori saviyada o‘tkazyapti va jamoadagi eng yaxshi o‘yinchi sifatida ko‘p bor e’tirof etilmoqda.
Aynan o‘zbek himoyachisining faol va ishonchli o‘yini “Manchester Siti”ning himoya chizig‘idagi ko‘p muammolarni yopib turibdi. Angliya Premer-ligasining 28-turida “Nottingem Forest” mehmoni bo‘lgan “shaharliklar” aynan himoya chizig‘idagi xato tufayli qimmatli uch ochkodan ayrildi.
Butun o‘yin davomida Abduqodir Husanov qo‘riqlagan hududdan o‘tolmagan Kallum Xadson-Odoi 83-daqiqa qarama-qarshi qanotdan hujum uyushtirib, Yoshko Gvardiolni ortda qoldirdi va Ederson darvozasini ishg‘ol qildi.
Xosep Gvardiola jamoasi mag‘lub bo‘lganiga qaramay, ushbu bellashuvda ikki shogirdi juda yaxshi o‘ynaganini tan oldi.
- Ikki markaziy himoyachimiz juda zo‘ o‘ynadir! Bizda boshqa markaziy himoyachilar qolmagan. Lekin Abduqodir Husanov va Ruben Diash maydondaligida biz juda sifatli o‘ynayapmiz, - dedi Xosep Gvardiola “Nottingem Forest” bilan o‘yindan keyin.
Abduqodir Husanov Manchesterga kelganidan beri Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida ettita uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari bitta gol ham urdi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachining eng yaqin do‘sti Abbosbek Fayzullaevning uning “Manchester Siti”dagi har bir uchrashuvini tomosha qilayotganini ma’lum qildi.
- Husanov bilan yaqin do‘stmiz. Terma jamoa yig‘inlarida ham bir xonada turamiz. Tez-tez xabarlashamiz. Uning ishlari joyida ekanini aytishim mumkin. Har holda, dunyoning eng qiyin chempionatlaridan birida, ustiga-ustak “Manchester Siti”dek klubda o‘zini ko‘rsatish oson emas. Men Abduqodir buni uddalashiga aminman.
Albatta, Abduqodir “Manchester Siti”da qanday debyut qilganini ham ko‘rdim. Biz o‘sha o‘yindan keyin yozishdik. Men uning har bir uchrashuvini tomosha qilyapman. Uning “Manchester Siti”ga o‘tgani top-darajadagi voqea, - dedi Abbosbek Fayzullaev.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov “shaharliklar”ning 2025 yildagi eng birinchi transferi hisoblanadi. O‘zbek futbolchisi uchun manchesterliklar “Lans”ga 40 million evro badal puli to‘lagan va yana 10 million evro miqdorida bonus belgilagan.
Angliya Premer-ligasidagi birinchi o‘zbek futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanovning klub bilan shartnomasi 2029 yilning yozigacha davom etadi. Tomonlar o‘zaro kelishuvga ko‘ra, hamkorlikni yana bir yilga uzaytirishi mumkin.
Abbosni Evropada kutishyaptimi? Mashhur agent Husanov va Fayzullaevning farqini aytdi!
Futbol afsonasi Husanovga qanday baho berdi?
Italiyalik muxlis: O‘g‘il ko‘rsam, ismini Eldor qo‘yaman!
Fikrlar