
Gollandiya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan tashkil topgan ramziy jamoa
«Lolalar yurti» vakillari Evropa chempionligini qo‘lga kiritgan, ammo JChda g‘alaba qozonish ularga nasib etmagan. Shunday bo‘lsa-da, ushbu yurt futbolidan megayulduzlar etishib chiqqan. Bugun ushbu terma jamoa libosida to‘p surgan barcha zamonlardagi eng kuchli futbolchilardan tashkil topgan jamoani e’tiboringizga havola etamiz.
Darvozabon – Edvin van Der Sar
Edvin terma jamoa safida 130 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lib, «Ayaks» akademiyasi tarbiyalanuvchisi sanaladi. 4 karra APL chempioni bo‘lgan Edvin ikki bor Evropa Chempionlar Ligasida ham zafar quchgan. Afsuski, Gollandiya termasi safida aytarli yutuqqa erisha olmagan.
Chap qanot himoyachisi – Rud Krul
Krul o‘zining eng zo‘r yillarini «Ayaks» safida o‘tkazgan. 1969-1980 yillar oralig‘ida himoyachi 6 bor Gollandiya chempionati va uch bor Evropa Chempionlar kubogida zafar quchadi. Rud Gollandiya terma jamoasi bilan 1974-1978 yillarda JChning kumush medaliga ega chiqqan. Uning hisobida terma libosida o‘tkazilgan 83 ta o‘yin va 4 ta gol mavjud.
Markaziy himoyachi – Ronald Kuman
«Groningen» jamoasi tarbiyalanuvchisi Gollandiyaning barcha grandlari safida to‘p surishga ulgurgan. Shuningdek, u futbol tarixida eng ko‘p gol kiritgan himoyachi sanaladi. Evropa chempioni va Evropa Chempionlar kubogi egasi. Ispaniya va Gollandiya chempioni. Ayni damda, Kataloniyaning «Barselona» klubida bosh murabbiy vazifasini bajarib kelmoqda.
Markaziy himoyachi – Frank De Bur
5 karra Gollandiya va bir bor Evropa Chempionlar ligasida zafar quchgan De Bur ham «Barselona»ga begona emas. Ushbu klub safida markaziy himoyachi ikki bor Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritgan. U Gollandiya terma jamoasida eng ko‘p to‘p surgan futbolchilar ro‘yxatida 3-o‘rinda bormoqda. «Ayaks» tarkibida esa, u eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan ikki futbolchidan biri sanadi.
O‘ng qanot himoyachisi – Mikael Raytsiger
«Ayaks» tarbiyalanuvchisi bo‘lsa-da, Mikaelni muxlislar «Barselona» tarkibidagi o‘yinlari sababli eslab qolishgan. Qahramonimiz terma safida 71 ta o‘yinda maydonga tushgan. Shuningdek, EChLda ham zafar quchishni ham uddalagan.
Tayanch yarim himoyachisi – Frank Raykard
Bugungi tarkibdagi futbolchilar orasidagi eng sovrindorlaridan biri bilan tanishing! 5 karra Gollandiya chempioni, ikki karra A Seriya g‘olibi, 2 ta Evropa Chempionlar Kubogi egasi. Murabbiy sifatida ham uning natijalari kishi ko‘zini qamashtiradi. Ikki bor «Barselona» bilan Ispaniya chempionligi va EChL oltin medallari. Qahramonimiz terma safida o‘z vaqtida «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlardan biriga aylangan edi.
Markaziy yarim himoyachi – Ruud Gullit
Yana bir sovrindor futbolchi. 3 bora Gollandiya va Italiya chempionligini qo‘lga kiritgan Gullitni muxlislar ajoyib soch turmagidan darrov taniydi. Gollandiya bilan Evropa chempioni bo‘lgan Gullit «Milan» va «Chelsi» afsonasi sanaladi.
Hujumkor yarim himoyachi – Yoxan Kroyf
«Uchar golland» nafaqat Niderlandiya, balki futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri sanaladi. «Barselona» va «Ayaks» bilan qo‘lga kiritish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarga ega chiqqan Kroyf haqida soatlab so‘zlash mumkin. Afsuski, uning terma jamoadagi faoliyati juda qisqa bo‘ldi. Atigi 48 ta o‘yin. Shunga qaramay, futbolchi 33 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Hujumchilar – Marko Van Basten
Yana bir «Ayaks» akademiyasi tarbiyalanuvchisi ramziy jamoamizdan muqim o‘rin egallamoqda. Birinchilardan bo‘lib, 3 ta «Oltin to‘p»ni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan hujumchi terma jamoa bilan Evropa chempionatida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan. Uning final uchrashuvida Renat Dasaev darvozasiga kiritgan golini muxlislar hali hamon zavq bilan tomosha qiladi.
Hujumchi – Robin Van Persi
«Feyenoord» jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lishiga qaramay, qahramonimiz APLda mashhurlikka erishdi. «Arsenal» safida porladi, «Manchester Yunayted»da chempionlikka erishdi. Terma jamoa safida esa, eng ko‘p gol kiritgan futbolchiga aylandi. Uning hisobida 50 ta gol mavjud.
Hujumchi – Dennis Bergkamp
Denisning maydonda namoyish etgan «mo‘’jizalari» uchun muxlislar hurmat qilishadi. Gollandiya chempioni, Angliya chempioni va ikki bor Evropa Chempionlar kubogi egasi sanalgan hujumchi ramziy jamoamizning hujum markazidan o‘rin egallaydi.
Jamoa bosh murabbiyi: Rinus Mixels
Afsonaviy murabbiy Gollandiya futbolining chinakam otasi sanaladi. U o‘ylab topgan «total futbol»dan bugungi avlod murabbiylari ham foydalanib kelmoqda. Mixels Gollandiya bilan qit’a birinchiligida g‘alaba qozonibgina qolmay, «Ayaks» va «Barselona» safida ham juda samarali ish olib borgan. Afsuski, 1974 yildagi JCh finali uning faoliyatidagi eng omadsiz kunga aylandi. Aks xolda, u futbol olamidagi barcha sovrinlarni yutgan ilk murabbiyga aylanishi mumkin edi.
Fikrlar