
Gennadiy Golovkin kim bilan jang qiladi? Qozog‘istonlik bokschining o‘zi javob berdi
IBF ning o‘rta vazn toifasidagi chempioni Gennadiy Golovkin polshalik bokschi Kamil Sheremetaga qarshi himoya jangini o‘tkazish niyatini bildirdi.
Avvalroq, Golovkin va meksikalik Saul Alvares uchinchi to‘qnashuv haqida kelishib olishgani borasida xabar tarqalgan edi. Ular o‘rtasidagi birinchi jang 2017 yilda bo‘lib o‘tgan va durang bilan yakunlangandi. Bir yil o‘tib, revanshda qozog‘istonlik bokschi hakamlar qaroriga muvofiq imkoniyatni boy bergandi.
"Men koronavirus holati ro‘y berishidan oldin majburiyat olgandim. Sheremeta bilan jang haqida gapiryapman. Men so‘zimni ustidan chiqishni xohlayman. Vaziyat iziga tushishi bilanoq, avval ushbu jangni o‘tkazmoqchiman. Alvaresmi? Ular aslida men bilan sentyabr oyida jangni rad etishdi. Shuningdek, ular 2020 yil may oyida jang qilishni xohlamadilar. Mening ham o‘z obro‘yim bor... Qancha kutishim kerak?”,- degan Golovkinning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Sports Illustrated.
Golovkin-Sheremeta jangi 6 iyun kuni Amerikaning Inglevud shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Biroq, koronavirus pandemiyasi tufayli, jang kechalari iyul oyida tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunga qadar ular o‘rtasidagi to‘qnashuv uch marotaba qoldirilgandi.
37 yoshli Golovkin hisobida 40 g‘alaba (35 KO), bitta mag‘lubiyat va bitta durang bor. 30 yoshli Sheremeta esa 21 ta g‘alabaga erishgan (5 tadan KO) va mag‘lubiyatsiz odimlamoqda.
Fikrlar