
Futbol uni yo‘qotdimi yoki u futbolni?!
Neymar «Bavariya»ga qarshi o‘yinni yomon o‘tkazmadi, biroq chempionatda uning ishlari yurishmayapti. U «Lill»ga qarshi bahsda qizil kartochka oldi. Jamoasi esa, mag‘lub bo‘lib turnir jadvalida raqibini o‘zidan oldinga o‘tkazib yubordi. Qahramonimiz tribuna tagidagi janjal sababli bir nechta o‘yindan chetlatilishi mumkin.
Bu xabar bilan hozir hech kimni hayron qoldirib bo‘lmaydi. Sababi, braziliyalik hujumchi haqidagi xabarlar 3 turga bo‘linadi. «Neymar qizil kartochka oldi», «Neymar jarohat oldi» va «Neymar PSJni tark etishi mumkin». Frantsiya matbuotida hujumchini ayovsiz «kaltaklash» avj olib bormoqda. Hakamlar ham liga yuzi sanalgan futbolchini ayab o‘tirmaydi. La Ligada hakamlar Messi bilan qanday muomala qilishga o‘rgatiladi. A Seriyada esa, Ronalduning hurmati baland. Muxlislar ko‘z o‘ngida Neymar Junior yig‘loqi yigitchadek ko‘rinishi mumkin, ammo bunga boshqa faktorlar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, «Strasbur»ga qarshi kubok o‘yinini olaylik. O‘sha bahsda, Neymar jarohat oldi. Vaholanki, to‘qnashuvga qadar raqib futbolchilari unga 3 bor orqadan zarba yo‘llagan edi. Hakam bu voqealarga e’tibor qaratmagani uchun ham «Strasbur» a’zolari agressiv futbolni davom ettirdi. Oqibatda, maqsadlariga erishishdi.
«Kann»ga qarshi o‘yinda ham raqiblar ochiqchasiga Neymarga qarshi maydonda ov uyushtirgan edi. Oqibatda, kichik jarohat olgan futbolchi zaxiraga olindi. Qo‘shimchasiga, «Kann» ustozi o‘yindan so‘ng, braziliyalik futbolchining manziliga juda xunuk gaplarni aytishdan o‘zini tiyib o‘tirgani yo‘q.
«Mag‘lubiyatdan so‘ng, yig‘lamoqchi emasman. Bu ishni Neymarga qoldirdim».
Siz hech zamonda jarohat olib o‘yinni davom ettira olmagan futbolchining ustidan kulgan raqib murabbiyini ko‘rganmisiz? Bu hech qanday qoidaga to‘g‘ri kelmaydi. Murabbiy unga shogirdlari ozor etkazganidan xursand bo‘lganini yashirib ham o‘tirgani yo‘q.
«Bavariya»ga qarshi o‘yindan so‘ng, Neymar o‘zi haqidagi tanqidlarga javob bera oldi. To‘g‘ri, Mbappe singari uchrashuv qahramoniga aylanmadi, biroq statusiga mos harakat qildi. Aslida, Neymar murakkab shaxs. U haqida fikr bildirish uchun biroz o‘tmishga nazar tashlashga to‘g‘ri keladi.
So‘nggi 13 yilni bemalol Ronaldu – Messi qarama-qarshiligi, deb atash mumkin. Muxlislar bu yigitlardan boshqasini sezmay ham qoldi. Vaholanki, Riberi (2013) va Inesta (2010) o‘z pik formasida ular darajasiga ko‘tarildi, ammo barqarorlik etishmagani uchun cho‘qqida uzoq ushlanib qolgani yo‘q. Neymar esa, ulardan farqli o‘laroq, bu yillar ichida 3-kuch sifatida o‘z pozitsiyasini hech kimga berib qo‘ymadi. Agar uning klubi uchun sarflayotgan mehnatiga e’tibor qaratsak, u so‘nggi 10 yillikning eng kam o‘rganilgan futbolchisiga aylanadi. Bu nafaqat uning, balki futbol olami uchun ham katta yo‘qotish. Balandparvoz so‘zlar uchun uzr, biroq barchasi rost. Qahramonimizning «erkatoy»ligi va janjalkashligi bois, uning qay darajada iqtidorli ekanligini sezmay qoldik.
Uning «Barselona»dagi statistikasiga e’tibor qarating! 2013/14 yilgi mavsumda 45 o‘yinda ishtirok etdi. 30 gol! Bu Neymarning Ispaniyadagi debyut mavsumi edi. Adaptatsiya jarayoni tugagach, uni to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmay qoldi. 2014/15-mavsumda 53 match o‘tkazdi. Sermahsullik borasida 49 ochko ishladi. «Barselona» esa, o‘zi ishtirok etgan barcha musobaqada g‘olib chiqdi. 2015/16 yilga kelib, Neymar 52 o‘yinda gol+assist borasida 56 ochko jamg‘ardi. Keyingi yili 46 o‘yin va 46 ochko!
Bu statistika Ronaldu va Messi darajasida. Boz ustiga, bu yillar orasida Neymar deyarli barcha katta o‘yinlarda gol kiritishni uddaladi. U Ispaniyada dribling ustasidan, muhim figuraga aylandi. PSJ bilan bahsdagi superkambek yodingizdami? O‘sha kuni Kataloniya klubi tarkibida Messi ham bor, ammo Neymar sekin-asta birinchi planga chiqib borayotgan edi. Hammasini uning Frantsiyaga ko‘chib o‘tishidan so‘ng o‘zgarib ketdi.
«Liga 1»dagi birinchi mavsumda qahramonimiz 30 uchrashuv o‘tkazdi va 44 ball! Kelasi mavsumda o‘yinlar soni 28 bo‘lishiga qaramay, gol+pass tizimida 31 ochko ishlab olishga ulgurdi. Frantsiyaga ko‘chib o‘tgach, Neymarning sermahsulligi pasaydi. Bunga birinchi sabab sifatida, u ishtirok etayotgan o‘yinlar kamayib ketganini ko‘rsatish mumkin. U Ispaniyada klubning 90 foiz uchrashuvlarida maydonda ko‘rinish bergan. Frantsiyada esa, bu ko‘rsatgich 51,2 foizni tashkil etadi.
Xavi «Oltin to‘p» olmadi, Ibrohimovich Evropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonmadi. Neymar esa, shunchaki kerakli hajmda o‘yin o‘tkazgani yo‘q. U 29 ga kirdi, ammo uning eng zo‘r yillari «Liga 1»da o‘tib ketdi. 4 yildan beri «kuchli beshlik»dagi eng kuchsiz birinchilikda to‘p surgani uchun e’tibor markazimizda emas. PSJ bilan qudrat borasida tenglasha oladigan jamoaning yo‘qligi chempionatning tomoshabopligini keskin pasaytirib yuboradi. Katta ehtimol bilan, Braziliya va Ispaniyadagi qarama-qarshilikni his qilmagan Neymar ham futboldan shu vaj sababli sovub ketgandir?! U sekin-astalik bilan pik formasidan tushib keldi.
Bu voqeada yagona aybdor bor xolos. U ham bo‘lsa futbolchining o‘zi! U muxlislar e’tiboridan chetroqdagi Frantsiyani tanladi. Ulkan maosh sababli «Barselona»dan voz kechdi. Pul topish uchun eng oson yo‘lni tanladi desak, adashmagan bo‘lamiz. Agenti sifatida “ochko‘z” otasini tayinlagan kuni Neymar o‘z karerasidagi eng katta xatoni amalga oshirdi. U futbol uchun juda ko‘p narsa berishga qodir iqtidor egasi edi, ammo hammasini pullarga almashib yubordi.
Keling, uni ismi bilan birga tilga olinadigan eng ko‘p so‘zlarni yodga olamiz: Simulyatsiya, jarohat, tungi bazmlar, ichkilik, ko‘z yoshlar, janjallari, qizil kartochka, yomon do‘stlar, model qizlar…
Vaholanki, ko‘z o‘ngimizda 21 asrning eng taniqli futbolchilaridan biri turibdi. Uning ismini quyidagi so‘zlar bilan ham birga tilga olish mumkin: Fintlar, gollar, iqtidor, mo‘’jiza, g‘alabalar, sovrinlar, buyuklik…
Ikki variantda ham haqiqat bor. O‘zingiz uchun qulayini tanlab olavering. Unda ikkisidan ham bor. Gap shundaki, «Barselona» va PSJ safida ikki xil tomondan futbolchida progress kuzatildi.
Afsuski, oldinda Neymarni atigi 3 yo 4 mavsum kutib turibdi xolos. Shu bois, hammasi hali oldinda, degan jumlani ishlatish xato. Qaysidir ma’noda, Neymarni omadsiz ham, deb bo‘lmaydi. Uning shaxsiy boyligi shu qadar ko‘p-ki, hatto ayrim Evropa klublarini bemalol sotib olishga etadi, lekin bundan futbol muxlislariga qanday naf? Ular Neymarning to‘p bilan raqs tushishini sog‘ingan. Ronaldu va Messi 34-36 yoshda o‘z chempionatida barchadan ko‘p gol kiritayotgan paytda, Neymar mavsumning yarmini o‘tkazib yubormoqda.
Yo‘qotilgan yillarni faqat bir yo‘l bilan o‘z o‘rniga qaytarish mumkin. Buning uchun JCh yoki EChL oltin medallari zarur. Aks xolda, kelajak avlod uni o‘z iqtidorini shayxlarning pullari uchun qurbon qilgan yigit sifatida eslab qoladi. Ulkan g‘alabalar qozonish uchun hech qachon kech emas, ammo vaqt tobora oz qolmoqda.
Faoliyati davomida Ronaldu va Messining darajasiga ko‘tarilmadi, biroq o‘z iqtidorini 100 foiz amalga oshira olmagan futbolchilar bobida u hammadan o‘zib ketdi.
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar