
Evropadan jiddiy taklif olgan legionerimiz "Neftchi"ga qanday kelib qoldi? Hammasini bir og‘iz gap hal qildimi? Shahzod Ubaydullaev suhbatda rostini aytdi
O‘tgan mavsumni Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida yakunlagan hamyurtimiz Shahzod Ubaydullaev ortga qaytdi.
Xabaringiz bo‘lsa, u Farg‘onaning “Neftchi” klubi safida to‘p surishga rozi bo‘ldi. Albatta, legionerimizning yana chempionatimizga qaytgani biroz kutilmagan holat. Chunki Shahzod aslida Belarusning boshqa bir klubi – “Shaxtyor”ga tegishli hisoblanib, o‘zi Evropaga ketmoqchi edi.
Ko‘rib turganingizdek, Ubaydullaev “Neftchi”da paydo bo‘ldi. Shu bois Sports.uz muxbiri hujumchi bilan bog‘landi.
- “Neftchi” varianti qanday paydo bo‘ldi?
- Sizga oldin intervyu bergan paytimda ham aytgandim, Evropaga ketish niyatim bor edi. Lekin bu – futbol ekan. Futbol-ku mayli, bu o‘tkinchi narsa. Lekin oila muhim. Kichik o‘g‘ilman, uydagilar O‘zbekistonga qayt deb qo‘yishmadi. Oilaviy holatga ko‘ra qaytdim. Ota-onamning bir og‘iz so‘zlarini erda qoldirmayman. Menga Evropadan 100 foizlik takliflar bor edi. Lekin ota-ona, oila muhimligi uchun qaytdim.
- Evropaning qaysi klublaridan taklif bor edi?
- Uzr, klublar nomini ayta olmayman. Yana boshqa 2-3 ta variantlar bo‘ldi, biroq ular 100 foizli taklif emasdi.
- “Energetik-BGU”da ijarada o‘ynadingiz. Aslida esa Soligorskning “Shaxtyor” klubiga tegishlisiz. “Neftchi”ga qanday o‘tdingiz? Farg‘onaliklar transferingizni sotib olishdimi yoki ijaraga keldingizmi?
- “Neftchi”ga ijaraga keldim. “Shaxtyor” bilan yana bir yillik shartnomam bor.
- Siz bilan suhbatlashar ekanmiz, negadir kayfiyatingiz yaxshi emasdek, tushunlikka tushib qolgandeksiz. So‘zlaringizdan biroz g‘amginlik sezilyapti...
- Hech qanday tushkunlikka tushish yo‘q. Qaytanga oilam oldida bo‘laman. Ota-ona g‘animat. Shuning uchun ularning oldilarida bo‘lganim yaxshi. Bir og‘iz gaplari uchun qaytdim. Aytganimdek, futbol va umuman hamma narsa o‘tkinchi, biroq ota-ona, oila topilmaydi.
- Endi asosan o‘zimizning chempionatda o‘ynaysizmi? Qaytib legioner sifatida chetga chiqmaysizmi?
- Xudo xohlasa, hammasini vaqt ko‘rsatadi. Bu yil o‘zimni ko‘rsatib, kelasi yili balki Evropaga ketishim mumkin. O‘zbekistonga kelganim bu to‘xtab qoldi, degani emas-ku. Bu erda yaxshi natijalar ko‘rsatib, yana qaytmoqchiman.
- “Neftchi”dan sizga kim taklif bilan chiqdi? Superligada yana boshqa qiziqishlar ham bo‘ldimi?
- Birinchi bo‘lib agentlarimga aloqaga chiqishgan. Keyin menga aytishganidan so‘ng, dadamga etkazdim. O‘zbekistondan shu klubdan taklif borligini va Evropadan aniq variantlarni aytdim. “O‘g‘lim, O‘zbekistonga qayt, yonimizga” deganidan keyin o‘ylanib ham o‘tirmasdan darhol bu taklifga rozi bo‘ldim.
- Huquqiy jihatdan siz “Shaxtyor” o‘yinchisi hisoblanasiz. Bu klub sizning qaroringizga qanday munosabatda bo‘ldi? Olib qolishmoqchimidi?
- Hammasini agentlarim hal qilgan. Klub bilan ham o‘zlari gaplashishgan.
- Legioner bo‘lib o‘ynab qaytganingizdan keyin Shahzod Ubaydullaev qanchalik o‘zgardi?
- U erga borib jismonan kuchli bo‘lib qaytdim. Eng katta yutug‘im shunda. Oldin O‘zbekiston chempionatida o‘ynaganimda jismoniy jihatdan unchalik kuchli bo‘lmaganman.
- “Neftchi”ga qo‘shilgach, o‘z oldingizga qanday maqsad qo‘ydingiz?
- Bu yilgi maqsadim nasib qilsa to‘purar bo‘lish. Aynan shunday vazifani qo‘yib keldim. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- “Neftchi”da qaysi raqamni tanladingiz?
- Hali raqam tanlaganim yo‘q. Ko‘ramiz, raqamni ahamiyati yo‘q. U hech nimani hal qilib bermaydi.
- Ilhom Mo‘minjonov borasida nima deya olasiz?
- Oldin bu murabbiy bilan ishlamaganman. Birinchi marta yo‘llarimiz kesishdi. Yaxshi murabbiy deb eshitganman, hech kimdan hali bu mutaxassis to‘g‘risida yomon gap eshitganim yo‘q. O‘zi ham meni yaxshi qabul qilib, iliq kutib oldi.
- “Neftchi”ning Turkiyadagi yig‘iniga qo‘shildingizmi?
- Qo‘shildim, jamoa bilan birgaman.
Fikrlar