
Eshitdingizmi, Dragan Cheran O‘zbekiston milliy termasi uchun o‘ynashga rozi...
Chempionatimizdagi eng yaxshi legioner, deya tan olingan Dragan Cheran bilan bog‘liq har qanday xabar yoki boshqa holat o‘quvchilarni qiziqtirmasdan qolmaydi. Doimgidek, u joriy mavsumda ham o‘zining yuqori sport formasida ekanligini ko‘rsatgan holda kutilganidek gollar urib, chempionatimiz to‘purarlari ro‘yxatida peshqadamlik qilmoqda. Aftidan, u yana o‘tgan yilgidek eng yaxshi to‘purar nomini o‘zida saqlab qolmoqchi shekilli. Bundan tashqari, eng yaxshi o‘yinchi sifatida ham e’tirof etilmoqda. Undan o‘rnak olsa arziydigan xususiyatlari ko‘p.
Uning “Paxtakor”dagi yubileyi haqida
“Paxtakor”ning “Mash’al”ga qarshi uchrashuvida maydonga tushgan Cheran “sherlar” safida yubiley 50-o‘yinini o‘tkazdi. E’tiborlisi, Dragan ushbu uchrashuvlar davomida raqiblar darvozasiga 34 ta gol urdi. Ammo “Paxtakor” safidagi hamma musobaqalarni qo‘shib hisoblaganda Cheranning o‘yinlari 70 ta etdi, urgan jami gollari esa 45 tani tashkil qilmoqda.
Cheran: - Statistikadan xabardor bo‘lish har doim yaxshi. Ayniqsa, bu ijobiy raqamlardan tashkil topgan bo‘lsa. Bu esa seni ko‘proq o‘ynashga, ko‘proq gollar urishga va sovrinlarni yutishga chorlaydigan holatdir.
Cheran Abramovning gapini tasdiqladi...
Yaqinda Sports.uz sayti orqali O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov bilan uyushtirilgan katta suhbatni e’tiboringizga havola qilgandik. Unda esa bir qator qiziqarli mavzular o‘rin olgan bo‘lib, ulardan biri aynan Dragan Cheran bilan bog‘liq edi. Vadim Karlenovich esa ushbu legionerni terma jamoamizda ko‘rishni istayotgani hamda bu masala bo‘yicha futbolchi bilan gaplashganini va o‘zi ham O‘zbekiston uchun o‘ynashga qarshi emasligi haqida aytgandi. Agar Cheran chindan ham milliy termamiz sharafini himoya qiladigan bo‘lsa, bu albatta foydadan holi bo‘lmasdi. O‘z o‘rnida “Paxtakor”ning serbiyalik hujumchisi ham muxlislar uchun ijobiy gaplarni aytdi.
Cheran: - Ha, biz Vadim Abramov bilan milliy terma jamoa haqida gaplashdik. Shuni aytishim mumkinki, O‘zbekiston pasportini olishga roziman. Bu yo‘lda esa men O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqish yo‘lida bor kuchimni ishga solib, yordam berishga harakat qilaman.
Uning maqsadlari qanday?
Yuqorida aytganimizdek, Dragan to‘purarlar bahsida etakchilik qilmoqda. U hamisha o‘z oldiga eng maksimal maqdsalarni qo‘yadigan futbolchi sifatida tasavvur uyg‘otadi. Natijada Cheran yakunda eng yaxshilar qatoridan joy olib kelmoqda.
Cheran: - Bu yilgi maqsadlarim doimgidek yaxshi holatda va sog‘lom bo‘lish. Shuningdek, yuqori sport formasiga ega bo‘lishni ham doim istayman. Shuningdek, butun diqqat-e’tiborimni “Paxtakor”ga yordam berishga qaratganman va klubim bilan sovrinlarni yutishni juda-juda xohlayman.
Dragan 32 yoshni “qoralab” qo‘ydi!
Bugungi kunda eng yaxshi sifatlarini ko‘rsatib kelayotgan serbiyalik futbolchi 32 yoshni “urib” qo‘ydi. U yurtimizdagi faoliyatini 2016 yilda boshlagan va o‘tgan vaqt davomida o‘zidan ajoyib taassurotlar qoldirib kelmoqda. Biroq vaqt bir joyda turmaydi va yosh ham o‘tib bormoqda. Shunday bo‘lsa-da, Dragan legioner sifatida hamon yuqori sport formasida.
Cheran: - Har bir uchrashuvda o‘sishga va yaxshiroq bo‘lishga harakat qilaman, chunki men bu erda legioner futbolchiman. Yoshim esa unchalik ahamiyatga ega emas. Yosh ulg‘ayib borgan sari ham yuqori saviyada to‘p surish - bu har doim o‘zingning diqqat-e’tiboringni bir joyga yig‘ishga va o‘yiningga bog‘liq holat.
Faoliyatini tugatgach, u nima ish qiladi?
Qachondir u ham butsalarini mixga iladi va faoliyatini tugatadi. Qiziq, Dragan Cheran keyinchalik nima ish bilan shug‘ullanadi? Yoki o‘zini murabbiylik sohasida sinab ko‘rarmikin? Balki qiziqish doirasi boshqa sohaga yo‘nalganmi?
Cheran: - Albatta, yana futbolda qolishni xohlayman. Balki keyinchalik ham yana O‘zbekistonda qolib murabbiylik qilarman. Yoki bo‘lmasa futbolning biror-bir bo‘g‘inida ishlarman. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Uning hurmatiga sazovor bo‘lganlar...
Shuningdek, u maydonda tartibli o‘yin ko‘rsatish bilan birga doimo raqiblariga hurmatini ko‘rsatib keladi. Intizomli futbolchi desak haqiqatga mos tushardi. Shu o‘rinda legioner o‘yinchi kimlarni hurmatga sazovor futbolchi sifatida ayta oladi?
Cheran: - Men har bir raqibimni hurmat qilaman. Axir bu chinakamiga halol o‘yin. Qolaversa, yosh o‘yinchilarni qo‘llab-quvvatlashni ham yoqtiraman. Ularga qo‘limdan kelganicha yordam berib, yaxshiroq futbolchi hamda yaxshiroq shaxsga aylanishlariga ko‘maklashaman.
Draganga takliflar haqida
Shu o‘rinda aytish lozimki, jamoasiga har tomonlama foyda keltira oladigan legionerga chetdan ham xaridorlar paydo bo‘lishi tabiiy hol. Lekin “Paxtakor” uni saqlab qolishga erishmoqda.
Cheran: - Albatta, menga ba’zi takliflar bo‘ldi. Lekin “Paxtakor” uchun kelishuvga erishishga qiziq chorlov bo‘lmadi.
Masharipov tezroq chetga ketishi kerakmi?
Hech kimga sir emaski, Jaloliddin Masharipov “Paxtakor”ning asosiy figuralaridan biriga aylanib ulgurgan. Ammo unda ham faoliyatini legioner sifatida chetda davom ettirish imkoniyati katta. Shunga qaramasdan, Masharipov “Paxtakor” uchun o‘ynashda davom etib kelmoqda. U tezroq chetga ketishi kerakmi yoki hozirgi paytda Jaloliddin “Paxtakor”ga juda zarurmi?
Cheran: - Jaloliddin Masharipov bizning eng yaxshi futbolchimiz. Uni esa bu erda biz bilan qolishini istayman. Chunki u “Paxtakor” uchun sovrinlar yutishga yordamlashadi. Ammo boshqa tomondan qaraganda, Masharipovning o‘zi va oilasi uchun ham xorijda faoliyatini davom ettirib, moliyaviy tomondan holatini ham yaxshilashini xohlagan bo‘lardim.
AGMK bilan o‘yin oldidan
“Paxtakor”ni oldinda chempionat doirasida AGMKga qarshi uchrashuv kutmoqda. Hozircha birgina AGMK hali mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda. Shunday ekan, bo‘lajak qarama-qarshilik juda murosasiz ruhda o‘tadi va bu o‘yinga qiziqish katta.
Cheran: - Albatta, AGMKga qarshi juda kuchli o‘yin bo‘ladi. Biz bu bahsga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Osiyo Chempionlar ligasi xususida
OFK tomonidan tasdiqlanishicha, Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichi 14 sentyabrdan davom ettiriladi. Unga ko‘ra, G‘arbiy mintaqa bahslari kutilganidek markazlashgan holatda o‘tkaziladi. Ya’ni, 14 sentyabrdan 23 sentyabrga qadar 3-turdan 6-turgacha bo‘lgan uchrashuvlar o‘tkaziladi. “Paxtakor” esa OChLda ham o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygani hech kimga sir emas.
Cheran: - Ha, biz hamma o‘yinlarni bir mamlakatda – bir shaharda o‘tkazamiz. Shu sababli o‘ylashimcha, bizga muxlislarimizsiz o‘ynash qiyin bo‘ladi. Shunga qaramasdan, baribir eng yaxshi jihatlarimizni ishga solamiz.
Fikrlar