"Esanovni ota-onasiga katta rahmat. Bu futbolchida adashmaganimizni har kuni his qilyapmiz" - "Akron" bosh murabbiyi SPORTS.UZ uchun eksklyuziv intervyu berdi

  • 1 oktabr, 2024, 01:14
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiya premer-ligasida debyut mavsumini o‘tkazayotgan “Akron” klubi kuni kecha chempionatdagi o‘yinini safarda “Rostov”ga qarshi o‘tkazib 0:2 hisobida qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Tecno

Bilasiz, “Akron” tarkibida hamyurtimiz Sherzod Esanov to‘p surmoqda. Shu bois endi yurtimizda “Akron” klubining muxlislari ko‘payib qoldi. Ushbu jamoani boshqarayotgan mutaxassis Zaur Tedeev katta hajmdagi ishni bajaryapti. U bosh murabbiy sifatida “Akron”ni o‘zgartira oldi hamda premer-ligaga olib chiqdi. Endilikda esa kuchlilar orasida ham mavqeini tiklab bormoqda.

“Rostov”ga qarshi uchrashuvdan keyin Sports.uz jurnalisti Zaur Tedeev bilan bog‘landi. O‘z o‘rnida mutaxassis nashrimizga eksklyuziv intervyu berishga rozi bo‘ldi. Ta’kidlash joizki, u ilgari ham, aniqrog‘i “Alaniya” bosh murabbiyi bo‘lib ishlayotgan chog‘ida ham bizning saytimiz uchun vaqt ajratgandi. Bu safar ham mutaxassisdan ijobiy javob oldik.

- Zaur Eduardovich, safarda “Rostov” ustidan erishilgan muhim g‘alaba bilan tabriklayman. Valeriy Karpin jamoasni mag‘lub etish qanchalik qiyin kechdi?

- “Rostov” bilan o‘ynash juda murakkab va biz ham bundan mustasno emasmiz. “Rostov” jismonan va taktik jihatdan tayyor bo‘lgan o‘ta kuchli jamoa! Futbolchilar uzoq vaqtdan beri birga o‘ynashadi va bir-birini yaxshi tushunishadi hamda shuni alohida ta’kidlashim kerakki, “Rostov” o‘z maydonida o‘ynar ekan, ancha-muncha jamoa uni taslim qila olmaydi. Bunaqa holat kamdan-kam yuz beradi.

- Hamyurtimiz Sherzod Esanov haqida nima deya olasiz? U “Akron” jamoasiga qanchalik moslashib keta oldi?

- Avvalo shuni aytishim kerakki, uning tarbiyasi va olijanobligi ajoyib darajada. Buning uchun ota-onasiga katta rahmat! O‘z-o‘zidan bu o‘yinchining kelajagi porloq.  Ishonch bilan aytaman,  shogirdim yana o‘sa oladi. Har gal maydonga tushganda tobora zo‘r ko‘rinmoqda.  Ha, bizning o‘rta chizig‘imizda raqobat o‘ta yuqori, lekin u raqobatdan sira cho‘chimaydi.

- Umuman, Esanov haqida birinchi marta qachon eshitgansiz va ilk bor o‘yinini qachon ko‘rgansiz?

- Uni selektsion xizmatimiz vakillari ilg‘ay olganlar. Sport direktori, boshqalar menga u haqda gapirib berganlar. Hamyurtingizning o‘yini tushirilgan videosini ko‘rgach, bizga aynan kerakli futbolchi ekanligini his qilgandim. Aram Armenovich va biz bu futbolchi borasida adashmagan ekanligimizni har kuni his etib kelamiz.

- Qizig‘i, Sherzodni ko‘proq Kubok o‘yinlarida maydonga tushiryapsiz, chempionatda esa aksincha. Sababi nimada?

- Raqobat biz uchun juda ham muhim, chunki biz chempionat va Kubok musobaqalarida ishtirok etyapmiz. O‘z-o‘zidan raqobatbardosh futbolchilardan barcha uchrashuvlarda foydalanish - bu juda ham zo‘r!

- Artyom Dzyuba “Akron”ga qanday kelib qoldi? Uni ishontirish qiyin kechmadimi?

 - Artyom Rossiya futboli uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirib kelmoqda. U kuchli o‘yinchi, Rossiyaning faxri! Menga sport direktori qo‘ng‘iroq qildi va tabiiyki, uni jamoaga olish masalasiga rozi bo‘lganman.

- “Akron”da yana qaysi o‘zbekistonlik futbolchini ko‘rishni istagan bo‘lardingiz?

- Biz buyuk mamlakatdan ajralib chiqqan sobiq respublikalarni kuzatib boramiz. O‘zbekistonda hamma vaqt kuchli o‘yinchilar bo‘lgan. Aniq ism-shariflarni sanab o‘tirmayman. Hammasi qanday ro‘y berishini kuzatib qolamiz. O‘zbekistonliklarga eng samimiy tilaklarimni bildirib, Yaratgandan fakat yaxshiliklarni so‘rab qolaman!

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!